Andijon Davlat
Universiteti
TALABALIK – BEBAHO DAVRIM
2019-07-03    13951

Universitetimizda bugungi kunda bitiruvchi bosqich talabalari uchun davlat imtixonlari, bitiruv malakaviy ishlari himoyalari o’tkazilmoqda. Biz ular bilan suhbat qurib, to’rt yillik ta’lim, yutuqlar va taassurotlar haqida suhbat olib bormoqdamiz.  

Bugun Boshlang’ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish yo’nalishi bitirivchi bosqich talabasi Ismanova Diloromoy bilan suhbat o’tkizdik.

- Siz uchun shu o’tgan to’rt yil – talabalik davrining ahamiyati qanday? Oldingizga qo’ygan maqsadlarga erisha oldingizmi?

Talabalik davrini oltin davrga tenglashtiradilar, biroq men uchun bu davr oltidanda qadrli, bebaho davr desam hech ham mubolag`a bo`lmaydi. Jonajon univesitetim bag`rida, bilim buloqlaridan ustozlarim tutgan suvlarni sipqordim. O`rganganlarimni amaliyotda bevosita qo`llash imkoniyatiga ega bo`ldim, sof raqobat, tanlov-u tadbirlarda toblandim. Ozgina intilish va izlanishlarim yuksak baholanib, Navoiy davlat stipendiati degan sharafli nomga loyiq ko`rildim. Bir so`z bilan aytadigan bo`lsam, Andijon davlat universitetimiz orqali biz yoshlar uchun yurtimizda yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlardan bahra oldim.

- Siz Boshlang’ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish yo’nalishini tamomlayapsiz. Ushbu yo’nalishni tanlashingizga nima sabab bo’lgan?

Bolaligimdan ko'p sohalarga qiziqib, turli to’garaklarga qatnashib kelganman, xususan til o'rganish va jurnalistikaga juda ham qiziqaman. Ammo, o'qituvchilar sulolasidan ekanligimgami meni ko'proq muallim bo'lishdek sharafli kasb o'ziga ko'proq jalb etdi. Shuning uchun ham kollejni tamomlab, pedagogika fakultetining boshlangich ta'lim yo'nalishiga hujjatlarimni topshirdim,   davlat granti asosida talbalik baxtiga muyassar bo'ldim. O'quvchilik yillarimdanoq, agar, talaba bo'lsam albatta eng intiluvchan, iqtidorli talabalardan biri bo'laman, davlat stipendiyasi sohibasi bo'laman deya niyat qilar edim. Allohga shukur ikki katta orzuyim amalga oshdi. Bu yo'lda tinmay harakat qildim, badiiy ijodimni ilmiy ishlarim bilan bog'ladim. Men tanlagan ilmiy ishim mavzusi ekologiya hamda pedagogika sohalarini birlashtirgani uchun ekologiya yo'nalishida ilmiy rahbarim Azizaxon Imirsinova, pedagogikadan esa Ra'noxon Yankina menga ustozlik qildilar. Qolaversa, fidokor ustozlarimdan Ikromjon Ergashev, Komiljon Mamadaliyev, Gulnoraxon Ismanova, Oqilaxon Haydarova, Madinaxon Tairovalarga va barcha menga bilim bergan ustozlarimga minnatdorchilk bildiraman.  Universitetimiz rektori Akramjon Yuldashevga va pedagogika fakulteti dekani Charosxon Shokirovalarga menga ishonch, dalda berganliklari uchun ulardan g'oyat minnatdorman.

- O’qishdan bo’sh vaqtlarda nima bilan shug’ullanasiz?

Men talaba sifatida mutaxassisligim bo’yicha fanlarni egallash bilan birgalikda, Yosh ijodkor, muhbir sifatida ham faoliyat olib bormoqdaman. Fakultetimizda, umuman universitetimizda oʻtkazilgan tadbirlar, yangiliklar www.adu.uz saytida va matbuot nashrlarida yoritib kelaman. Bundan tashqari Respublika yosh ijodkorlar kengashining fa’ol aʼzosiman. Hikoyalarim, publitsistik maqolalarim viloyat va respublika nashrlarida muntazam chop etiladi.

Ilmiy tadqiqot ishingiz, uning dolzarbligi haqida so’zlab bersangiz?

- Men tanlagan, izlanish olib borayotgan mavzuyim yuzasidan ko’pchilik ajablanadi. Ahir siz ekologiya fakultetida o’qimaysiz-ku, nega ilmiy ishingizni ekologiyaga oid deb savol berishadi. Men esa ularga shunday javob qaytaraman; Bu ilmiy ishim uchun ekologiya fakultetida taxsil olishim shart emas, aksincha boshlangʻich taʼlim yoʻnalishida o’qiyotganim asqotmoqda. Ilmiy ish mavzuyim: “Boshlangʻich sinf o’quvchilariga  ekologik ta’lim –tarbiya berish.” Atrof-muhit muhofazasini har bir fan o’qituvchisi sinfdan va maktabdan tashqari ishlarda o’rgatib borishi darkor. Ota-onalar oila davrasida, tabiat qoʻyniga dam olgani borganlarida ham o’rgatib borsalar nur ustiga aʼlo nur boʻladi. Ilmiy ishimning dolzarbligi shundaki, yosh avlodlarni qoʻyib turaylikda, hatto ayrim yoshi katta insonlar ham ekologik madaniyatga ega emasligini guvohi boʻlamiz. Ular suvni tejamaydilar, chiqindilarni duch kelgan joyga uloqtirib ketadilar, tamaki chekishni atrof-muhitga zarari haqida ham tushunchaga ega emasliklari koʻngillarni hira qiladi, tabiatga ziyon keltiradi. Chiqindilarni sortlarga ajratmaymiz, daraxtlarni ekishdan koʻra, kesishni yoqtiramiz. Yuqoridagi kabi oddiy koʻringani bilan katta kamchiliklarga asos solayotganimizni payqamaymiz. Bunday noxush vaziyatni bartaraf etish uchun esa, avvalo, vatanparvar, ona tabiatni suyguvchi uni asrashni o’ziga burch deb biladigan shaxslarni kamol toptirish joiz. Mening oldimga qoʻygan eng oliy maqsadim ham shu, yani ekologik taʼlim-tarbiya topgan farzandlarni jamiyatga yetishtirib berish. Bu maqsadga albatta oʻz-o'zidan erishib boʻlmaydi, buning uchun pedagog turli innovatsion usullardan foydalana bilishi kerak. Men ham boʻlajak pedagog sifatida bir necha metodlarni ilgari suraman, bolalar uchun qo'llanmalar muallifiman.

Qo’llanmalaringiz va chop etilgan ishlaringiz haqida ham to'xtalib o’tsangiz.

- Ular: “Ertaklarda ekologiya”, “Tabiatga rang beramiz” “Eco-English”, kitoblarini, 1-sinf o'quvchilari uchun yaratilgan “Atrofimizdagi olam” darsligi uchun ishchi daftar va multimediya dasturi yaratganman (bu uchun O'zbekiston respublikasi intellektual mulk agentligidan patent ham olganman). Badiiy ijod na'munalarimdan iborat ilk kitobim “Mehr bulog'im” nomi bilan Toshkent-Navro`z nashriyotida 2018 yil chop etildi. Ilmiy ishimni ijodiy ishlarim bilan uygʻunlashtirishga harakat qilaman. Jurnal va gazeta yuzini ko’rgan 100 ga yaqin badiiy ijod na’munalarimda ham xoh u hikoya bo’lsin yoki kichik bir qatra o’quvchining tabiatga muhabbatni oshirishga va uni asrashga undovchi g'oyalarni ilgari suraman. Qolaversa, xalqaro va milliy ilmiy jurnal va konferensiya to’plamlarida chop etilgan maqola va tezislarimda ham ajdodlarimizning qadimdan yuksak ekologik madaniyat bilan yashab kelganligi to’g’risida, xususan, Bobur Mirzoning jahon ekologik madaniyatiga qo’shgan hissasi haqida ham ilmiy maqola yozib chet el jurnallarida chop ettirdim.

Kelajakdagi rejalaringiz bilan o’rtoqlashsangiz.

Kelgusida o’qishni magistraturada davom ettirib, ilmiy izlanishlarimni yanada rivojlantirmoqchiman. Jahonning eng rivojlangan mamlakatlaridagi bolalarga ekologik ta’lim va tarbiya berish tajribalari bilan yanada chuqurroq tanishib, taqqoslab ularni milliy o’zligimizga, axloqiy qadriyatlarimizga moslab, boshlangʻich sinf o’qituvchilari va ota-onalar uchun mukammal, yirik qo’llanma qilishni dilimga tugib qo’yganman.

Shu o’rinda mening inson sifatida shakllanishim yo’lida narvon bo`lgan, yutuqlarim debochasi bo`lgan qadrdon universitetimizdan g`oyat minnatdor ekanligimni bildirmoqchiman. Ustozlarim va yaqinlarim ishonchini oqlab, yanada yuksak marralarni zabt etib nasib qilsin.

www.adu.uz muxbiri Furqatbek Nodirbekov suhbatlashdi

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.