Andijon Davlat
Universiteti
O’ZBEKISTON YOZUVCHILAR UYUSHMASI RAISI O'RINBOSARI UNIVERSITET TALABALARI BILAN MULOQOT QILDI
2019-07-03    4586

2019-yil 2-iyun kuni Andijon davlat universiteti talabalari xalqimizning taniqli shoir, yozuvchi va san’atkorlari bilan dildan suhbatlashdilar. Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz prezidenti tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus va uning mazmun-mohiyati targ‘ibotiga bag‘ishlangan davra suhbatida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, O‘zbek tili va adabiyoti universiteti kafedra mudiri, shoir Abdulhay Sobirov, kinoaktyor Egamberdi Rahimov, hajvchi yozuvchi Vosid Ahmad, shoir Halim Karim, jurnalist Zulfiyaxon Fayzullaeva, universitetning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Abdukarim Akbarov, psixolog Iltifatxon Hakimovalar talabalar bilan suhbat qurdilar.

Davra suhbati avvalida Andijon davlat universiteti rektori, professor Akramjon Yuldashev tashrif uchun mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi va ochiq muloqotni olib borish uchun so‘zni Minhojiddin Mirzoga berdi.

Xalqimizning sevimli shoiri Minhojiddin Mirzo Andijon azal-azaldan ijodkorlar yurti ekanligi alohida ta’kidlab o‘tdi.

Biz Andijonga nimanidir o‘rgatish uchun emas, balki Andijondan yangiliklar, yangi-yangi tashabbuslar o‘rganish uchun kelamiz, - dedi shoir o‘z so‘zida. Andijonda ilm-fan, san’at, sport sohalarida yirik namoyondalar kamol topgan, kamol topmoqda. Andijonda Prezidentimizning tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus ijrosini ta’minlash borasida ibratli ishlar amalga oshirilishiga ishonamiz, - deya ishonch bildirdi Minhojiddin Mirzo.

 

Davra suhbatida so‘z olgan O‘zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori A.Sobirov, xalqimiz orasida hurmat-e’tibor topgan kinoaktyor E.Rahimov, dilkash eshittirishlari bilan ko‘plab tinglovchilarning hurmatiga sazovor bo‘lgan jurnalist Zulfiyaxon Fayzullaevalar ilm olish universitet har bir talabasining burchi ekanligi, bugungi yoshlar Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Nodirabegim, Cho‘lpon kabi buyuk ajdodlarimizning chin vorislari bo‘lishlari zarurligini, buning uchun esa bizda – o‘zbek yigit-qizlarida juda katta imkoniyat – meros borligini yorqin misollar bilan aytib o‘tdilar. 

Davra suhbatining asosiy qismida mehmonlar tomonidan o‘qilgan mazmundor, go‘zal she’rlar fayz bag‘ishlab turdi.

Ayniqsa, shoir Minhojiddin Mirzo, shoir Halim Karimning ota-onani, yoshlik, sevgi, tinchlikni madh etuvchi she’rlarini ishtirokchilar olqishlari bilan kutib olishdi. Ijodkor talabalar ham o‘zlarining ijod na’munalaridan o‘qib, ustozlardan kerakli maslahat va ko’rsatmalar oldilar.

Ijodiy muloqot talabalarda katta taassurot qoldirdi.

Odiljon KARIMOV
jurnalist
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.