Andijon Davlat
Universiteti
IQTIDOR VA INTILUVCHANLIK MUVAFFAQIYAT KALITI: TENGDOSHIMIZ MISOLIDA
2019-06-26    5025

Bugun farovon kelajakni yaratish uchun o‘z ustida tinimsiz ishlash, izlanuvchanlik, bilimga chanqoqliq, mehnatsevarlik kabi fazilatlarni o‘zida shakllantirmoq lozim.

Andijon davlat universiteti talabalari orasida ham ana shunday yoshlar talaygina.

Boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish ta’lim yo‘nalishi 4-bitiruvchi bosqich talabasi Mamadalieva Mohirabonu ham universitetning na’munali talabalaridan hisoblanadi.

U o‘zining iqtidori, qiziquvchanligi, yangi bilimlar olishga kuchli ishtiyoqi bilan ajralib turadi. Yoshligidan o‘zi qiziqqan matematika fani bilan aloxida shug‘ullanib, Matematika va uni o‘qitish metodikasi fanidan oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan Respublika fan olimpiadasida ikki bora muvaffaqiyatli qatnashib, “Matematika bilimdoni” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan. O‘zi talaba bo‘lishi bilan bir qatorda yosh o‘quvchilarga mental arifmetikadan dars berib kelmoqda.

Yaqinda Rossiya Federatsiyasida mental arifmetika bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon olimpiadasida Mohirabonu o‘z o‘quvchisi bilan ishtirok etdi va uning o‘quvchisi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Uning bu yutuqlari o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan albatta. Yoshlikdan qilingan mehnatning, aloxida e’tiborning samarasi bu. Bu haqida Mohirabonuni o‘ziga yuzlanganimizda shunday javob berdi: - “...meni bobom matematik bo‘lganlar. Bobomning sa’y harakatlari bilan qishlog‘imizda aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan 21-davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati ochilgan. Yoshligimdan matematikaga aloxida qiziqishimni payqab meni shu maktabga o‘qishga berishgan. Kichik sinflardanoq matematika bilan aloxida shug‘ullana boshlaganman. Ota-onam bunga keng sharoit yaratib berishgan. Bu uchun bobomga, ota-onamga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Maktab davrimdan matematikadan tashqari rus va nemis tillarini ham qiziqish bilan o‘rgana bordim. 2015 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti BTSTI ta’lim yo‘nalishiga shartnoma asosida talabalikka qabul qilindim. 2-kursdan boshlab o‘qishimni Andijon davlat universitetida davom ettirdim. O‘qishda eng asosiysi o‘z bilimlarni mustahkamlashga, yana ham chuqur o‘rganishga harakat qilaman. Ushbu dargoh, ustozlarim K.Mamadaliyev, A.Akbarovlarning bergan maslahatlari va ko'rsatmalari meni xar tomonlama shakllanishim va rivojlanishimda o‘ziga xos o‘ringa ega. Men Andijon davlat universiteti talabasi ekanimdan baxtiyorman.” 

Suhbatdoshimiz Andijon davlat universitetiga kelgan ilk kunlardanoq o‘z bilimi va iqtidori bilan professor-o‘qituvchilar nazariga tushdi. Mohirabonu Boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasi o'qituvchisi A.Akbarov rahbarligida “Boshlang‘ich sinflarda qiziqarli va mantiqiy masalalarni ahamiyati” mavzusida ilmiy tadqiqot ishini boshladi. Ilmiy tadqiqot ishlari bo‘yicha 10 ga yaqin ilmiy tezislar nashr ettirdi. Shuningdek, ustozlari bilan hammualliflikda 3-6 sinflar uchun “Сборник избранных задач по математике с решениями” nomli uslubiy qo‘llanma tayyorladi. U rus va nemis tillarida erkin so‘zlasha oladi. Nemis tili bo‘yicha DAAD xalqaro tashkilotining sertifikatiga ega.

U o‘quv va ilmiy faoliyat bilan bir qatorda, kichik yoshdagi maktab o‘quvchilari uchun mental arifmetika to‘garagini tashkil etib, yosh bolalarga ustozlik qilib kelmoqda. Bu bilan u o‘zining bilimlarini mustahkamlash barobarida moddiy jihatdan oilasiga yordam bermoqda.  Bu sohada ham tinib tinchimagan Mohira o‘zi saboq berib kelgan o‘quvchisi bilan may oyida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida mental arifmetika bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon olimpiadasida qatnashdi. Olimpiada natijalariga ko‘ra uning o‘quvchisi 10 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, bu ishtirok unga Moskva shahrida Mental arifmetikaning jahon standarti bo‘yicha eng yuqori – 10-darajasini egallash imkonini beruvchi malaka oshirish kursiga yo‘llanmani taqdim etdi. Yo‘llanma asosida Moskva shahrida 10 kunlik malaka oshirish kurslarida PAMA GLOBAL abakus va mental arifmetika assotsiatsiyasi Bosh kotibi Johnson FU tomonidan o‘tilgan dars mashg‘ulotlarida qatnashdi va dunyo bo‘ylab mental arifmetika bo‘yicha dars berish imkonini beruvchi sertifikatni qo‘lga kiritdi.

Mohiraning kelajakdagi rejalari bilan qiziqqanimizda, u bu yil bakalavriatni tamomlab, o‘qishni magistraturada davom ettirib, kelajakda ilmiy tadqiqot ishlariga e’tiborni kuchaytirib fan doktori darajasiga erishish, Andijon davlat universitetida faoliyat olib borishni maqsad qilganini bildirdi.

Boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasi mudiri, dotsent D.Nurmonova ham M.Mamadalieva xorijiy tillar va mutaxassislik fanlari bo‘yicha chuqur bilimga ega, eng iqtidorli talabalardan biri ekanligini ta’kidlab, uni kafedra uchun ilmiy pedagog kadr sifatida tayyorlab borishni reja qilganini aytib o‘tdi.

Ushbu ezgu maqsadlariga erishishda Mohirabonuga kuch-g‘ayrat tilab, zafarlar yor bo‘lishini istab qolamiz.                

Rasulova Mukarramoy
www.adu.uz muxbiri
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.