Andijon Davlat
Universiteti
QO‘RG‘ONTEPA TUMANIDAGI 27 MAKTABDA 5 TA MUHIM TASHABBUS BO‘YICHA TADBIRLAR TASHKIL ETILDI 
2019-05-24    5817

Joriy yilning 23 may kuni universitetimiz rektori A.S.Yuldashev tashabbusi bilan bir guruh professor-o‘qituvchilar va talabalarimiz Qo‘rg‘ontepa tumani 27-umumta’lim maktabida 5 ta muhim tashabbusning barcha bandlari bo‘yicha katta tadbir tashkil etildi.

1-tashabbus doirasida universitetning Musiqa ta’limi, Tasviriy san’at va muxandislik grafikasi, O‘zbek adabiyotshunosligi kafedralari tomonidan muhim tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, maktab o‘quvchilari uchun musiqa ta’limi, tasviriy san’at yo‘nalishi talabalari va o‘qituvchilari tomonidan maxsus dastur tayyorlanib, o‘quvchilar orasida qo‘shiq kuylashga, turli musiqa asboblari chalishga qiziquvchi, rassomchilikka qiziquvchi yoshlar saralab olindi va ular uchun maxsus master klass tashkil etildi. Unda maktab o‘quvchilarining imkoniyatlari baholanib, ularga o‘z iste’dodini rivojlantirish uchun individual topshiriqlar berildi va doimiy nazorat qilib borish bo‘yicha kelishib olindi.

Shuningdek, maktabda qo‘g‘irchoq teatri tashkil etish bo‘yicha metodik tavsiyalar berilib, uning faoliyatini doimiy izga ko‘chirishda amaliy ko‘mak berildi.

Ikkinchi tashabbus bo‘yicha, Andijon davlat universiteti rektori sovrini uchun maktab o‘quvchilari o‘rtasida mini futbol, shaxmat, shashka, armrestling, stol tennisi, milliy kurash kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Musobaqalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar esdalik sovg‘alari va diplomlar bilan taqdirlandilar. Bundan tashqari, universitetda tahsil olayotgan O‘zbekiston, Osiyo, jahon chempionlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvda chempionlar maktab o‘quvchilarini sport bilan shug‘ullanishga, vatanimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar bo‘lib yetishishga chorladilar. O‘zlarining chempionlikka erishish yo‘llari bilan o‘rtoqlashdilar.

Maktab o‘quvchilarining kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishini tashkil etish maqsadida maktab kompyuter xonasidagi barcha kompyuterlarga so‘nggi dasturiy ta’minot vositalari o‘rnatib berilib, barcha kompyuterlar ishchi holatga keltirildi, darslarni sifatini oshirish maqsadida kompyuter xonasi uchun ko‘rgazmali qurollar berildi. Bundan tashqari, maktabning informatika fani o‘qituvchilariga uslubiy qo‘llanma va darsliklar taqdim etildi, shuningdek, ushbu maktabda mazkur sohani rivojlantirish uchun Axborot texnologiyalari kafedrasi maktabga biriktirilib, doimiy hamkorlik aloqalari olib borishi belgilandi.

Maktab o‘quvchilarini badiiy adabiyot mutolaasi madaniyatini yanada rivojlantirish maqsadida maktabga universitet ma’muriyati tomonidan 100 dan ortiq nomdagi badiiy adabiyotlar to‘plami taqdim etildi. Bundan tashqari, talabalar tomonidan “Bir asar tahlili” nomli badiiy o‘qishlar tashkil etildi.

5-muhim tashabbus doirasida maktabni bitiruvchi qizlarni kasbga yo‘naltirish, ularni tikuvchilik, to‘quvchilik kabi kasblar bo‘yicha malakasini shakllantirish maqsadida Mehnat ta’limi kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan “Mohir qo‘llar” to‘garagi tashkil etildi. To‘garak faoliyatini doimiy olib borilishini ta’minlash va rivojlantirib borish maqsadida kafedraga biriktirildi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, beshta muhim tashabbus bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va tadbirlar maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ma’naviyatini shakllantirish va rivojlantirish, ham aqlan ham ruhan sog‘lom bo‘lib yetishishlarida katta ahamiyat kasb etdi.  

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.