Andijon Davlat
Universiteti
ZAHMATLARDA CHARXLANGAN OLIM (tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov 80 yoshda)
2019-05-01    4757

Inson dunyoga kelar ekan, uning hayot yo‘llari qanday ranglarda ifodalanishi, qanday hayot kechirishi albatta uning o‘ziga bog‘liq. Shunday insonlar borki, umrini Vatan ravnaqi, el-yurt istiqboli uchun baxshida etadi. Shundaylarni ko‘rib havas qilasan kishi. Ana shunday insonlardan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Andijon davlat universiteti professori, “Meros” xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiya jamoat fondi raisi, “Vodiynoma” jurnali bosh muharriri, Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori Rustambek Shamsutdinov bugun 80 yoshga to‘ldi. Ustoz tavalludi butun Andijon bo‘ylab nishonlandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kunda ustoz nafaqat 80 yoshlik yubilek, qolaversa 60 yillik ilmiy pedagogik faoliyatining ham bayrami nishonlanmoqda.

Jumladan, bugun Andijon davlat universiteti katta majlislar zalida olimning 80 yillik yubileyi va ilmiy-pedagogik faoliyatining 60 yilligi munosabati bilan ilmiy-anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Andijon viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati a’zosi Shuhratbek Qo‘shoqboevich ABDURAHMONOV, Andijon davlat universiteti rektori, professor Akramjon Sultonmurodovich YULDASHEV, Anjuman raisi – «O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, taniqli adabiyotshunos, dramaturg Shuhrat RIZAYEV, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari Ahmadali ASQAROV, Naim Fotihovich KARIMOV,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Abduazim SODIQOV, Jalolobod viloyati gubernatori birinchi o‘rinbosari Mamasali Takaboevich AKMATOV, Qozog‘iston Fanlar Akademiyasi akademigi Mambet Kuljebaevich KOYGELDIYEV, Buxoro davlat universiteti professori Sulaymonjon INOYATOV, tarix fanlari doktori, I.Arabayev nomli davlat universiteti professori, Qirg’iziston Respublikasida xizmat ko’rsatgan o’qituvchi Tashmanbet KENENSARIYEV, Qarshi davlat universiteti professori Poyon RAVSHANOV, Akademik Bobojon G‘afurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti tarix va huquq fakulteti dotsenti Abdurasul HOMIDOV, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov, Namangan davlat universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Tursunboy FAYZULLAEV, Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti bo‘lim boshlig‘i Umid BEKMUHAMMAD, Navoiy davlat pedagogika instituti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori, tarix fanlari nomzodi Xurshid QURBONOVlar va Andijon davlat universiteti professor-o‘qituvchilari o‘zlarining ustozga bag‘ishlangan dil so‘zlari va tabriklari bilan ishtirok etdilar.

Dastlab anjumanni ochib berish uchun so’z Andijon viloyati hokimi, senator Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqib, olim haqida o‘zining iliq fikrlari bildirib,  samimiy tabriklarini yetkazdi, - “…bugun Andijon davlat universitetida, qolaversa, butun Andijonda  katta bayram. O‘zbekiston tarixi fanining jonkuyari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Temirovich Shamsutdinov qutlug‘ 80 yoshni qarshilamoqda. Ma’lumki, Andijon zaminidan ko‘plab olim-ulamolar, dunyoga tanilgan fan fidoyilari yetishib chiqqan. Ana shunday insonlardan biri professor Shamsutdinovdir. Domla qariyb 60 yillik ilmiy va pedagogik faoliyati davomida minglab shogirdlarga saboq berib, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga katta hissa qo‘shdi. Ayniqsa, tarixchi-olim sifatida O‘zbekiston tarixining dolzarb masalalarini tadqiq etish bo‘yicha sermahsul ilmiy faoliyat olib bordi. Rustambek Temirovich Shamsutdinov chin ma’noda vatanparvar, o‘z yurtini sevuvchi va uning yutuqlaridan zavq oluvchi insondir.

 

U o‘zi ishlayotgan kafedrasi, universiteti, Andijon shahri va viloyatimiz tarixi bo‘yicha o‘nlab yirik monografik tadqiqotlar muallifi hamdir. Domlaning, ayniqsa, Andijonning qadimdan to shu kunga qadar bo‘lgan tarixini yorituvchi “Ko‘hna va navqiron Andijon”, “Andijon tarixidan lavhalar” hamda ikki jildli “Istoriya Andijana” nomli kitoblari kitobxonlar tomonidan, ayniqsa, Andijon xalqi tomonidan sevib mutolaa qilinmoqda. Domlaning yana bir xislati tashabbuskorligidadir.  Bunga yaqqol misol qilib, 2018 yilda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha viloyatlarda, o‘sha hududga mos ravishda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeylarini tashkil etish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq respublikamizda birinchilardan bo‘lib, domlaning rahbarligi, sa’y-harakatlari va tashabbuskorligi natijasida Andijon davlat universiteti tuzilmasida  “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi tashkil qilindiki, bugungi kunda bu muzey butun viloyatimiz ahli va xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda.

Men hurmatli ustoz, professor Rustambek Temirovich Shamsutdinovni tavalludining 80 yillik yubileyi bilan o‘zimning nomimdan, qolaversa, viloyat hokimligi jamoasi nomidan chin yurakdan tabriklayman. Domlaga uzoq umr, sihat-salomatlik, ilmiy ishlarida yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.”

Anjumandan so‘ng, Andijon shahrida joylashgan “Tashkent Premium” restoraniga anjuman ishtirokchilari uchun yozilgan bazm dasturxonida mehmon bo‘ldilar.

Behzodbek Karimov, Islomiddin Nasiridinov
“Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi xodimlari
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.