Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETIDA MUHAMMAD YUSUF HAFTALIGI
2019-04-26    3822

Bugun elimizning suyukli shoiri, o’z she’rlari bilan xalqimizning qalbidan o’rin olgan, o’zining so’zlari ila o’zini butun umrga yuraklarga muhrlab ketgan Muhammad Yusuf agar hayot bo’lganida 65 yoshini qarshi olgan bo’lar edi. Shoir qisqa umr kechirgan bo’lsa-da, asrlarga yetgulik so’zlarni aytib ketdi.

Andijon o’z farzandining tavallud ayyomini o’zgacha kayfiyatda kutib olmoqda. Bugungi kun barcha tashkilot, muassasalarda, mahallalarda, ayniqsa shoir tug’ilib o’sgan Marhamatda Muhammad Yusuf kuniga aylangan.

Andijon davlat universitetida ham shoirning 65 yillik yubileyiga katta hozirlik ko’rildi. Kuni kecha shu munosabat bilan universitet katta majlislar zalida “She’riyat yog’dusi” nomli badiiy kecha tashkil etildi. Badiiy kechada talabalar va professor-o’qituvchilar adib hayotini aks ettiruvchi badiiy chiqishlar taqdim etdilar, uning she’rlarini va she’rlarida kuylanuvchi qo’shiqlarni ijro etdilar.

Bugun erta tongda esa, universitet yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektor boshchiligida universitetning bir guruh o’qituvchilari va talabalari shoir tug’ilgan Marhamat tumani Qovunchi qishlog’iga bordilar va uning qabrini anvoyi gular bilan bezadilar. Shuningdek, universitetimiz talabalari shoirning tug’ilib o’sgan xonadonida tashkil etilgan uy-muzeyida bo’ldilar va u yerda tashkil etilgan kitob yarmarkasida faol ishtirok etdilar.

Barcha fakultetlarda talabalar uchun Muhammad Yusuf ijodiga bag’ishlangan dars mashg’ulotlari tashkil etildi va ularda ardoqli shoirning vatanni, ota-onani, muhabbatni tarannum etuvchi xalqchil she’rlari ifodali o’qildi, uning bosib o’tgan hayot yo’li ibrat va na’muna sifatida talabalarga tanishtirildi. Shuningdek, har bir fakultetda shoirning hayoti va ijodiga bag’ishlangan burchaklar tashkil etildi va bu burchaklarda Muhammad Yusufning she’riy to’plamlari joylashtirildi.

Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo’nalishining bir guruh iqtidorli talabalari esa shahrimizdagi shoir byusti o’rnatilgan maydonda o‘sha sodda, o‘ychan, tiyrak nigohli Muhammad Yusuf siymosini tasvirladilar.

Muhammad Yusuf she’rlarida aks etgan vatanni ulug’lash, unga sodiq bo’lish, ota-onani e’zozlash, sevgiga sadoqat tuyg’ularini yanada kuchaytirish maqsadida, Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbus doirasida universitet xodimlar va talabalar birlashgan kasaba uyushmasi qo’mitasi tomonidan 25-26-aprel kunlari universitetimiz hududida Muhammad Yusuf she’riy to’plamlarini sovg’a qilish aksiyasi o’tkazildi. Aksiya doirasida professor-o’qituvchilar, ishchi-xodimlar va talabalarga 200 dona Muhammad Yusufning “Xalq bo’l, elim” deb nomlangan she’riy to’plami taqdim etildi.

 

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.