Andijon Davlat
Universiteti
MUHAMMAD YUSUF  “ADIBLAR HIYOBONI”DA
2019-04-26    7633

                                                                             Ey do‘stlarim, dunyoda

                                                                             Ortda qolgan yod yaxshi

MUHAMMAD YUSUF

Xalqimizning suyukli, betakror shoiri Muhammad Yusuf tavalludi arafasida poytaxtimizdagi “Adiblar hiyoboni”ga bordim. Bu muborak dargohga qadam qo‘yar ekanman, yuragim allanechuk hislarga to‘ldi. Davlatimiz tomonidan adiblar va shoirlarga ko‘rsatilgan yuksak ehtiromdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.

Atrofda obodonlashtirish ishlari avjida edi. O‘ng-u, so‘lda bir-biridan go‘zal, rango-rang gullar ekilgan, to‘shalgan gilamday ko‘m-ko‘k maysalar, azim daraxtlar ostida xordiq chiqarish uchun xozirlangan o‘rindiqlar bahri-dilingizni ochadi.  Hiyobon aro kezar ekansiz, yo‘laklar o‘zbegimning asl adib-u, shoirlarini adabiy xotirasi uchun bunyod etilgan yodgorlik majmualariga olib boradi.

...Zulfiyaxonim, Hamid Olimjon, G‘ofur G‘ulom, Said Ahmad va Saida Zunnunova, Abdulla Oripov, mana,  Muhammad Yusuf sharafiga o‘rnatilgan haykal oldiga  ham yetib keldim.

 

Shoir o‘sha sodda, o‘ychang nigohi bilan savlat to‘kib turganday go’yo. Ortida o‘zining sevimli qishlog‘i aks etgan va yana o‘z qalamiga mansub “Xalq bo‘l elim” she’ri bitilgan. Marhum Muhammad Yusufning yorqin xotirasiga bag‘ishlab yaratilgan ushbu yodgorlikni tomosha qilar ekansiz, shoir shu turishida,

“Dunyoga boq qaddi sendek kim bor yana,

Dovrug‘i ham dardi sendek kim bor yana

Xalq bo‘lishga haddi sendek kim bor yana

Moziyni yod etay desang – Xalq bo‘l elim!”

–deyayotganday tuyulishi tabiiy.

Chunki, xech bir shoir Muhammad Yusufday “o‘xshasa o‘ziga o‘xshaydi o‘zbek, qiyosi yo‘q uning mehri bir daryo, dunyoda bolam deb yashaydi o‘zbek”, - deya xalqimizning xarakterini, ulug‘ligini samimiy satrlar bilan ifodalab bera olmagan.

O‘z navbatida adabiyotga oshno insonlar ham hiyobonda maroq bilan sayr etmoqdalar.  O‘rnatilgan  adiblar yodgorliklarga boqib, ular qalamiga mansub she’r-u hikoyalarni xotirlamoqdalar.

Afsuski, ushbu maskanga kelgan barchani ham adabiyot shaydolari deb ayta olmayman. Sababi, o‘rindiqlarni juft-juft bo‘lib egallab olgan yosh-yosh yigit-qizlarni adiblar xotirasi emas, bir-birlari bilan diydorlashish hissi yetaklab kelganday edi.

Shundoqqina Muhammad Yusuf haykali  ro‘parasidagi o‘rindiqqa o‘tirib olgan ana shunday  yoshlarga ko‘zim tushib, gapirish uchun og‘iz juftlagan edim hamki, shoirning quydagi she’ri yodimga keldi:

O‘ksimasin qiz qalbi.

Yigit rayi o‘lmasin

Kimda kimning ko‘ngli bor,

Qo‘yavering, o‘ynasin...

Ammo, ushbu she’rning so‘ngi qatorlarini ovoz chiqarib o‘qidim:

Ikki yorti bosh uzra

Porlasin ishq quyoshi

Qizga hayo, yigitning

G‘urur bo‘lsin yo‘ldoshi.

Muhammad Yusufning “yuziga” termulgancha qalbimdan ushbu so‘zlarni o‘tkazdim, “...Mening sevimli shoirim, oxiratingiz obod bo‘lsin, necha-necha ko‘ngillar uyini charog‘on qilib, tinchlik, bunyodkorlikka boshlaganlaringiz savobini Alloh behisob qilsin!”

Shunday qilib, adiblar hiyobonidagi sayrim o‘z nihoyasiga yetdi. Ushbu maskandan ruhlangan ijod ahli ham hali qanchadan-qancha ajoyib asarlar yaratishi shubhasizdir.

 

 

 

 

 

Diloromoy Ismanova
www.adu.uz muxbiri
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.