Andijon Davlat
Universiteti
SHE'RIYAT OSMONIDA PORLAGAN YULDUZ
2019-04-25    5016

 

Yuraklarda yurmagini

Oh, oldindan bilgan qush.

Har o'zbekning yuragini

O'ziniki bilgan qush.

                            (Halima Xudoyberdiyeva )

Atoqli shoir Muhammad Yusuf tavallud topgan kunga 65 yil to'ldi. Shoir she'rlari xalqimiz yuragidan munosib o'rin olgan va dillarida aks-sado bergan.

Bugun Andijon davlat universitetida ko'ngil ko'shklarining to'ridan joy olgan, Vatanni har joydan azizroq bilgan, rayhon-u yalpizlarni behad xush ko'rgan, sodda va ta'sirchan so'zlarni marjondek tergan, xalqimizning bulbulzabon shoiri Muhammad Yusufning ruhini shod etish maqsadida "She'riyat yog'dusi" nomli tadbir tashkil etildi. Dastlab tadbir ishtirokchilariga Muhammad Yusufning hayot yo'li va uning qoldirgan merosiga bag’ishlangan videolavha taqdim etildi.

Shundan so'ng, Andijon davlat universiteti rektori, biologiya fanlari doktori, professor Akramjon Yuldashev so’z olib, - "Muhammad Yusuf o'zidan juda katta meros qoldirgan. Uning she'rlari shundayki, har qanday oddiy inson ham agar shoshmasdan, sekin-asta satrlarni ko'zdan kechira boshlasa, shoirning qalb kechinmalarini, uning nima demoqchi ekanligini his qiladi va mana shu satrlar istalgan kitobxon qalbida Vatanga muhabbatni, ota-onaga mehrni, yorga sadoqat va shu kabi insoniy qadriyatlarni mujassam etib qo'yadi. Bugun zamon Muhammad Yusufshunoslik deya atalmish yangi tadqiqot yo’nalishini ochish va rivojlantirishni talab etmoqda", - deya shoirning ijodiga yuqori baho berdi.

"Ijodkorlar haqida eng yaxshi gapni hamisha ularning asarlari gapiradi. Muhammad Yusuf ijodi haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. Uning sodda, xalqona she'rlarini mutolaa qilar ekanmiz, o'zining dunyo haqidagi, hayot haqidagi mulohazalarini ohangdor misralari qatiga ustalik bilan singdirib yuborgan iste'dodli, talantli ijodkor ko'z oldimizga keladi", - deya filologiya fakulteti dekani, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Bahodir Rahmonov nutq so'zladi.

Badiiy kecha davomida filologiya fakulteti talabasi ijrosida Muhammad Yusufning “Seni osmonimga olib ketaman” she’ri bilan aytiladigan ajoyib tarona barchani xushnud etdi.

Shu bilan birga kechada Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi Bektasheva Gulbahor she'riyat tongining yulduzi, atoqli O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf hayoti va kelajak avlodlarga qoldirgan boy madaniy merosi haqida qiziqarli ma’ruza qildi. Muhammad Yusuf nomli ijod maktabining o'quvchilari ham Muhammad Yusuf qalamiga mansub she'rlarni ijro etdilar. Shundan so'ng Axborot resurs markazi fidoyi xodimlari faol kitobxonlarni taqdirladilar. Tadbirda talaba-yoshlar ham hammaning Muhammad Yusufning ko'nglidan joy olgan, muhrlanib ulgurgan ijod na'munalaridan marjon tizdilar.

Badiiy kecha so'nggida Andijon davlat universiteti xodimlar va talabalar birlashgan kasaba uyushma qo’mitasi tomonidan tadbirda faol ishtirok etgan talabalar Muhammad Yusufning she’riy to’plamlari va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.

 

Nurmirzayeva Dildora
www.adu.uz muxbiri
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.