Adabiyot millatning qalbi va ruhiyatidir. Adabiyot umrining mangulikka daxldor bo'lishida adabiy tanqidchining o'z vazifasi bor. Bu vazifa esa, kitobxonga chinakam adabiy asarlarni saralab berishni ko'zda tutadi.
Bugun universitetimizda fikrlash tarzi va ifoda yo'sinidagi xalqchilligi bilan adabiyotimizda o'z o'rniga ega bo'lgan adabiyotshunos olim, adabiy tanqidchi, professor Qozoqboy Yo'ldoshevning 70 yillik yubileyi munosabati bilan badiiy kecha bo'lib o'tdi. Shuningdek, badiiy kecha davomida Andijon davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori, taniqli folklorshunos olima Salima Mirzayevaning 60 yillik yubileyi ham nishonlandi.
Badiiy kechada poytaxtimizdan tashrif buyurgan bir guruh ijod ahli, universitetimiz professor-o'qituvchilari va talabalari, badiiy adabiyot ixlosmandlari jam bo'ldilar.
Dastlab Andijon davlat universiteti rektori A.S.Yuldashev o'zining samimiy tilaklari bilan badiiy kechani ochib berdi.
Shundan so'ng filologiya fakulteti dekani, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Bahodir Rahmonov Qozoqboy Yo'ldoshevning ijodiy jozibasidagi uchta ustuni haqida to'xtalib o'tdi va Qozoqboy Yo'ldoshev kitobxon bilan asar o'rtasidagi ko'prik ekanligini ta'kidladi.
Shu bilan birga, shoira Yulduz Husanboyeva Qozoqboy Yo'ldoshevning pedagogik faoliyati haqida so’z yuritib, uning bosh hujjat hisoblanmish maktab adabiy ta'limi konseptsiyasi, maktab adabiy ta'lim standarti, adabiy ta'lim dasturi darsliklarining yaratishda o'zgalarning g'amiga sherik bo'lishga, adolatsizlikka befarq bo'lmaslikka, go'zallikdan lazzatlanishga qodir maktab-talabalarning tarbiyalanishiga alohida e'tibor qaratganligini aytib o'tdi. Shuningdek, shoira "Qozoqboy Yo'ldoshev adabiyot o'qitish metodikasini adabiyotshunoslikdan kam ko'rmaydi, birday yaxshi ko'radi. Ustoz adabiyot o'qitish metodikasi ilmidagi noto'g'ri yondashuvni, ya'ni badiiy asar o'qiyotganimizda qahramonlarni ijobiy yoki salbiy obrazga ajratishni adabiy ta'lim tizimidan chiqarib tashladi", - deya o'z nutqini davom ettirdi. Shundan so'ng taniqli shoira Zamira Ro'ziyeva o'zining samimiy tilaklarini she'rlari orqali izhor qildi.
Badiiy kecha davomida filologiya fanlari doktori, professor Salima Mirzayeva ham o'z tabriklarini bilidirdi. Badiiy kecha davomida adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo'ldoshevga ham so’z berildi. Olim "Adabiyotshunos va tanqidchining vazifasi adabiy sanitar sifatida iste'dodsiz bitikchilarni fosh etib, ularni yozmaydigan qilishdan ko'ra, yaxshi asarlarning fazilatlari nimalardan iborat ekanligini ko'rsatib, kitobxonlarda ularga mehr uyg'otish orqali yaxshi asarlarni estetik jozibasi yo'q bitiklardan farqlaydigan holatga keltirishdan iboratdir",- deya o'z nutqini davom ettirdi.
Tadbir yakunida talaba-yoshlar ham o'zlarining ijod namunalari, savollari va takliflari bilan faol ishtirok etishdi. Badiiy kecha ko'tarinki kayfiyatda bo'lib o'tdi va har birimizning xotiramizda muhrlanib qoldi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI