Andijon Davlat
Universiteti
QALAMI QALBIDAY ROST- SHOIRA!
2019-04-19    3721

Adabiyotga bo‘lgan muhabbat, so‘zga bo‘lgan shaydolik xalqimizning qon-qoniga singib ketgan umrboqiy qadriyatlaridan biridir. Bugungi kunda ham mamlakatimizda bu sohaga va soha vakillariga yuksak e‘tibor ko‘rsatilmoqda. Buning isboti sifatida joylarda ijodkorlarning kitob taqdimotlari, tug‘ilgan kun yubileylari nishonlanmoqda. Chunonchi, Andijon davlat universitetida taniqli shoira, olima Hanifa Solihovaning 80 yilligi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, shoir Minhojiddin Mirzo, Andijon yozuvchilar uyushmasi rahbari, shoira Xurshidabonu, shoira Sharifa Salimova va ko‘plab taniqli qalam ahli, ijodkor olimaning yaqinlari, shogirdlari, talabalar va ijodkor yoshlar ishtirok etdi. Tadbirni universitet rektori, Akramjon Yuldashev ochib berar ekan, o‘z so‘zida shoiraning qizg‘in va ibratli ijodi, universitetdagi faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shoir Minhojiddin Mirzo ham o‘z nutqida shoiraning ijodiga alohida urg‘u berarkan, bugungi kunda shoiraning "Sevgi sirlari", "Murodim", "Quyoshni sevaman", "Bahorim mening" nomli she'riy kitoblari, "Jahonda muborak nomimiz ulug‘", "Quyosh malikasi", "Furqat Yorkentda", "Sevgi sirlari", "Suv firog‘i" kabi dostonlari orqali yaxshi tanish ekanligini, o‘z asarlarida Ona Vatanga muhabbat, shukronalik, sevgi-muhabbat, mehr-oqibat kabi inja tuyg‘ular jo etilganini ta‘kidladi.

Universitetning bir guruh iqtidorli talabalari shoiraning qalamiga mansub she‘rlardan o‘qidilar, jonli kuy qo‘shiqlar esa tadbir ishtirokchilarining zavqiga zavq qo‘shdi. Shoiraning tavallud ayyomi munosabati bilan shogirdlari, tadbirga kelgan mehmonlar o‘z tabriklarini yo’llab, sovg‘alarini taqdim qildilar. Tadbirning yakunida so‘zga chiqqan shoira va olima Hanifa Solihova ko‘zlarida yosh ila juda xursandligini, mazmunli umr kechirganini, ko‘plab shogirdlarni kamol topishida o‘z hissasi borligidan mamnun ekanligini aytdi. Tadbirning yakuni yana kuy-qo‘shiqlar-u, mushoiralarga ulanib ketdi.

 

IMRONBEK Yaxyoyev
www.adu.uz muxbiri
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.