Sog'lom turmush tarzi – farovon hayot garovidir. Sog'lomlik hayotimizga, ong-u shuurumizga, tafakkur olamimiz va ruhiyatimizga ko'chsagina turmushimiz go'zallashib boraveradi.
Kuni kecha Andijon davlat universitetining professor-o'qituvchilari va talaba-yoshlari o'rtasida "Yoshlar – sog'lom hayot tarzi tarafdori" mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi. Tadbirni Andijon davlat universiteti rektori Yuldashev Akramjon Sultanmurodivich ochib berdi. Universitet rektori so'z olib, hozirda prezidentimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida, ammo yoshlar hayotiga turli xil ko'rinishdagi balolar tahdid solayotganini afsus bilan gapirdi. Ulardan qutulishning eng to'g'ri yo'li ilm olish ekanligini tushuntirdi.
Shundan so'ng viloyat prokuraturasi ijtimoiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo'limi hodimi Behzodbek Fayziboyev "Salomatlik bu nafaqat insonda biron-bir kasallik yoki jismoniy nuqsonning yo'qligi, balki to'liq jismoniy, ruhiy, ijtimoiy xotirjamlik holatidir", - deya ta’kidladi.
Tadbirni Respublika "Ma'naviyat va ma'rifat markazi viloyat bo'limi bosh mutaxassisi O'tkirbek Rahmonov o'z ma'ruzasi bilan davom ettirdi. U o'z nutqida, hozirgi vaqtda mamlakatimizda yurak-qon tomir, o'sma, respirator kasalliklari va jigar sirrozi kasalliklariga chalinganlar soni anchagina tashkil etishi, bunday kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo'luvchi omillar haqida aytib o'tdi. Shu bilan birga universitet tibbiy shoxobchasi vrachi Muhabbatxon Isoqova talabalarga sog'lom hayot tarzi haqida kerakli bo'lgan tushunchalarni berib o'tdi. M.Isoqova insonning sog'-salomat bo'lishi, faol aqliy va jismoniy mehnat qila olishi, uzoq umr ko'rishi va baxtli yashashi uchun sog'lom turmush tarzi qoidalariga amal qilish zarurligini aytib, uning shartlari haqida ma'lumot berdi.
Shuningdek, tadbirda Andijon shahar at-Termiziy jome masjidi imom xatibi Abduhalim Hamraqulov, O'zbekiston Yoshlar Ittifoqi Andijon viloyati Kengashining raisi o'rinbosari Nodira Sotvoldiyeva, Respublika "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi Oila ta’lim markazi boshlig'i Nargiza Xushvaqova, "Andijonnoma" gazetasi muharriri Saidahmad Shukurovlar ham o'zlarining mazmunli ma'ruzalari bilan faol ishtirok etishdi.
Bundan tashqari tadbirda talaba-yoshlar ham faol ishtirok etib, o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi. Bu tadbirda aytilgan fikr-mulohazalardan har birimiz o'zimiz uchun kerakli va foydali bo'lgan xulosalar chiqarib, o'z sog'lom turmush tarzimizni yaratishga ahd qildik.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI