Andijon Davlat
Universiteti
DILLARGA ZAVQ ULASHDING, NAVRO‘Z!!!
2019-03-20    4178

Do‘stlik, bag‘rikenglik, milliy urf-odatlarni o‘zining yashash tarziga aylantirgan xalqimizga bayram, sayllar yarashadi. Xonobod shahrida o‘tkazilgan “Navro‘z” milliy bayrami va xalq sayli ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Shaharga kirishda milliy kiyimlarda yal-yal yongan, qaldirg‘ochlarday bo‘y cho‘zgan qizlar, karnay-surnaylar-la mehmonlarni kutib olinishi, ko‘chaning ikki yoni bayramona ruhda bezatilganligi, saylga tashrif buyurgan mehmonlarga ham, mezbonlarga ham ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Azaldan bayram-u sayllarni xush ko‘ruvchi xalqimiz bilan to‘lgan shinam bog‘, mohir hunarmandlarning ijod mahsuli, bahoriy taomlarga, noz-u ne’matlarga to‘lgan dasturxonlar bilan to‘la edi.

Bayramning ko‘tarinki ruhda o‘tishi, xalqimizning dillarini xushnud qilmoqlik uchun viloyatimizning, poytaxtning ko‘zga ko‘ringan san’atkorlari, qo‘shiqchilarining tashrif buyurishi barchani shodon qildi. Kuy-u qo‘shiq, raqslarga aylanib ketgan sayl qosh qorayguncha davom etdi. 

-“Andijondagi o‘zgarish, boshqa viloyatlarga nisbatan shiddat bilan ketayotganday. Har gal kelganimda bu yangilanishlarni, qurilishlarni ko‘rib mirishkor xalqimizning mehnatsevarligiga yana bir karra amin bo‘laman”- deydi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fatxulla Ma’sudov.

“Xalqimizning mehmondo‘stligi, bayramona kayfiyati, hayotga, yashashga bo‘lgan umidi, zavqini ko‘rib odamni baland pardalarda kuylaging keladi. Bunday yurtga to‘y yarashadi, bayram yarashadi”- deydi, “Nihol” mukofoti sovrindori Mashhurbek Raimjonov.

Qolaversa Sanobar Rahmonova, Ilhom Jo‘rayev, Mehriddin Rahmatov, Shohida Ismoilova, Dilnoza Akbarova, Murodil Hakimov, G‘anisher Abdullayev, Ixlosbek Jo‘rayev va yana boshqa san’atkorlarning chiqishlari xalqimiz tomonidan iliq kutib olindi.

Doshqozonlarda sumalaklarning qaynashi, ko‘k somsa-yu chuchvaralar, milliy taomlar tayyorlanib, kelgan mehmonlarga ulashildi. Andijon davlat universitetining fidoyi ustozlari, talabalari o‘zlariga ajratilgan joyda bayramni ko‘tarinki ruhda, a’lo kayfiyatda, inoqlik bilan o‘tkazdilar. Bayramning a’lo darajada o‘tishiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Kirib kelgan yangi yil, yangilanish fasli, Navro‘z bayrami xalqimizga qut-baraka olib kelsin! Bayramning davomi o‘zbekning har bir go‘shasida, xonadonida davom etmoqda. 

Imronbek Yaxyoyev
www.adu.uz muhbiri
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.