Mamlakatimizda Navroʻz bayramining keng miqyosda nishonlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Bahorning iliq kunlari, dala-dashtning yashillikka, daraxtlarning ajib bir goʻzallikka burkanishi koʻngillarga oʻzgacha kayfiyat ulashmoqda. Bu esa bizga Navroʻzdan darak bermoqda.
Bu gal Andijon viloyatining Navroʻz tantanalari Xonobod shahrida biroz vaqtliroq boshlandi. Karnay va surnay sadolari ostida mehmonlarning kutib olinishi, folklor jamoalarining chiqishlari, milliy hunarmandlik na’munalari namoyishi, tantanalar oʻtkazilgan maydondagi oʻzgacha shukuh barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
Tadbirda tuman hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi va shoirlar, maʼnaviyat, madaniyat, sanʼat va ilm-fan sohasi vakillari qatori Andijon davlat universitetining fidoiy professor-o’qituvchilari ham ishtirok etdi.
– Yurtingizga ilk bor kelishim, – deydi Rossiyaning Qozon shahridan kelgan Yekatirina Kim. – Ochigʻini aytsam, taassurotlarim bir olam. Bugun biz, xorijlik hamkasblarim bilan Navroʻz bayrami tantanalari shohidi boʻldik. Biz uchun juda qiziqarli. Milliy taomlar namoyishi, sumalak va palovning tayyorlanish jarayonlarini kuzatdik.
Asosiy bayram tadbirlari o’tkazilgan muhtasham bog’ markazida joylashgan sahnada elimiz ardog’idagi sanatkorlar, so’z ustalarining chiqishlari ishtirokchilarga yanada zavq-shavq bagʻishladi.
Saxovat koʻrsatish, keksalarni yoʻqlash, nogironligi boʻlgan insonlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar oʻtkazib, yurtimizni yanada obod qilish xalqimizga, xususan, Navroʻzga xos anʼanalardan ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, Xonobod shahrida Navroʻz bayrami munosabati bilan katta sayil oʻtkazilib, unda oʻzbekona urf-odatlar, sport oʻyinlari namoyish etilib, milliy taomlar koʻrgazmasi oʻtkazildi.
Viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham Navroʻz bayrami, xalq sayillari davom etmoqda.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI