Andijon Davlat
Universiteti
CHET TILLAR FAKULTETIDA “ASSALOM NAVRO‘Z!” FESTIVALI
2019-03-18    6659

Bahorning ilk kunlarida, quyosh nurin sochishni, ko‘m-ko‘k maysalar har yonga sochilishni boshlashi bilanoq yurtimizda shodiyona boshlanadi. Bunday shodiyonalardan biri esa xalqimiz sevgan Navro‘z bayramidir. Umumxalq bayrami hisoblanmish ushbu bayram, bir necha ming-yillik tarixga ega bo‘lib, qadimdan keng nishonlanib kelinadi. Bayram shukuhini esa xalqimizning kayfiyatidan bilib olish qiyin emas. Dosh qozonda sumalaklar qaynasa, o‘choq boshida oshlar damlanadi, ayniqsa milliy liboslarimiz bilan uyushtiriladigan xalq sayllari ko‘zlarni quvontiradi.

Ushbu an’analarga sodiq qolgan holda bugun Andijon davlat universiteti chet tillar fakultetida 21-mart Navro‘z bayramiga atab “Assalom Navro‘z!” festivali o‘tkazildi. Festival a’lo darajada tashkillashtirildi, milliy qadriyatlarimizni barchasi namoyon etildi. Festivalga universitet kasaba uyushma qo’mitasi raisi Mirzabahrom Botirov hamda Andijon davlat universiteti O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi E.Xolmirzaevlar tashrif buyurdilar va festivalni tantanali ravishda ochib berdilar.

Festivalda fakultetning barcha talabalari, professor-o‘qituvchilar va taklif etilgan mehmonlar ishtirok etdilar. Festival doirasida turli tadbirlar ham tashkil etilganki, bu barcha ishtirokchilariga bahoriy kayfiyat baxsh etdi.

Dastlab barcha guruh talabalari o‘zlariga ajratilgan yerda dasturxon tuzab, bahoriy taomlar va shirinliklar bilan to‘ldirdilar. Ushbu taomlardan, shirinliklardan tadbirning barcha ishtirokchilari tanovul qilib o‘z baholarini berdilar.

Shundan so‘ng fakultetning iqtidorli talabalari jonli ijroda bahorni tarannum etuvchi qo‘shiqlar kuyladilar, qo‘shiqlarga raqslar armug‘on etildi.

Ayniqsa, bayramona lapar aytishuv tanlovi barchaga xushchaqchaqlik olib keldi. Lapar aytishuv so‘ngida milliy urf-odatlarimizdan kelin salom maromiga yetkazib ijro etildi.

Keyingi tanlovda fakultet talaba qizlari milliy liboslar kolleksiyasini namoyish etdilar. Milliy libosda saf tortgan qizlarning chiqishlari barchada xavas va g‘urur uyg‘otdi. Milliy liboslarimiz qizlarimizga yarashganini talaba yigitlarimizning tinimsiz olqishlaridan ham sezish mumkin.

O‘g‘il bolaning kuchi o‘choq boshida bilinadi deganlaridek, ayni vaqtda fakultetdagi 5 ta kafedra o‘rtasida Osh musobaqasi ham tashkil etilgan bo‘lib, professor-o‘qituvchilar va talabalarning bir qismi palovxonto‘rani zo‘rini tayyorlash uchun ter to‘kdilar. O‘choqqa o‘tinni yorib solib, alanga guruchlariga damlangan palovimizga nima yetsin axir.

Davrada ommaviy raqslarga navbat berilib, ustozlar va talabalar milliy raqslarni ijro etdilar. Ayniqsa, AQShdan kelib fakultetda dars berayotgan Karolina Myurrey xonim, professor G‘anijon Xoshimov, kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Mirzabahrom Botirov va Yekaterina Smesovalarning “Andijon polkasi” hamda “Qora ko‘z bo‘y bo‘y”ga raqs tushishlari talabalar tomonidan juda iliq kutib olindi. E’tiborli jihati Myurrey xonim tadbirda milliy liboslarimizda milliy raqslarimizga tushgani bo‘ldi.

Navro‘z bayrami qadimdan yigitlarimiz ishtirokidagi “Arqon tortish” musobaqasisiz o‘tmagan. An’anaga ko‘ra yigitlarimiz o‘rtasida arqon tortish musobaqasi ham o‘tkazilib, unda fakultetning 2-kurs talabalari g‘olib bo‘ldilar.

 

Umuman olganda, Navro‘z bayramini o‘tkazishga tayyorgarlik munosib darajada tashkil etilgani ko‘rinib turdi. Bu borada fakultet ma’muriyatining hissasi katta albatta. Eng asosiysi, barchaning ko‘nglida birgina so‘z yangrardi: “Assalom Navro‘z!”

 

 

 

Muxlisa Omonboeva, Rasulbek Sodiqov, Hilola Yuldasheva
www.adu.uz muxbirlari
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.