Bahor gullaridan guldasta sizga
Chin qalbim tabrigi payvasta sizga
Bir asr yashanggu, yana nim chorak
NAVRO'ZI OLAM bo'lsin muborak!
Navroʻz – yashnash, yasharish bayrami, tabiatning uygʻonishi bilan bogʻliq yangi kunning boshlanishidir. 21-mart kecha va kunduz tenglashgan kun – Yangi yil, yani Navroʻz bayrami sifatida Sharq xalqlari tomonidan keng nishonlanadi. U dehqon uchun ekin-tikin ishlarining boshlanish pallasi hisoblanadi. Ota-bobolarimiz, buvi-momolarimiz bu bayramni nishonlab, turli-tuman, rang-barang udum va marosimlar oʻtkazishgan. Qadimda ajdodlarimiz Navroʻz kunlari qishki manzillari – qishloqlardan yozgi mehnat va hordiq maskanlariga koʻchib oʻtishgan. Dalalarda bahorgi ekin-tikin ishlari boshlanib ketgan. Dehqonlar yerga qoʻsh solishgan. Jamoa-jamoa boʻlib, hasharlar uyushtirishgan. Oʻtgan ajdodlar ruhi yod qilingan. Ommaviy ravishda meʼvali, manzarali daraxtlar oʻtqazilgan. Dalalarda, yozloqlarda Navroʻz – yangi yil, yangi hayot qaynagan. Ajdodlarimiz Navroʻz bayramiga atab maxsus kiyimlar tikishgan va ularni kiyib, bayram qilishgan. Navroʻz taomlari ham oʻziga xos boʻlgan. Ular orasida, ayniqsa, sumalak, halim tayyorlash ananaviy tusga kirgan. Bu bayramda bolalarning ishtiroki juda faol boʻlgan. Ular Navroʻz bayramida turli ommaviy bayram oʻyinlari oʻynaganlar. Ot oʻyin, chillak, qoʻgʻirchoq, toshoʻyin, lapar aytish va hokazolar shular jumlasidandir. Bolalar, oʻsmirlar, oʻspirinlar, boʻy qizlar sumalak pishirish marosimida faol ishtirok etish uchun ancha ilgariroq tayyorgarlik koʻrishgan.
Ayni kunlarda butun mamlakatimizda Navro’ziy kayfiyat hukmron, bayram shukuxi kezib yuribdi. Andijon davlat universitetida ham bayramga bag’ishlangan kechalar, milliy an’analarimiz, Navro’z bayrami qadriyatlarimizni aks ettiruvchi tadbirlar o’tkazilmoqda.
Kuni kecha Pedagogika fakultetining “Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi” yo’nalishi 301-guruh murabbiysi Xurshidbek Ismonov rahbarligida, guruh talabalari tashabbusi bilan, fakultetning barcha yo’nalishlarining iqtidorli talabalari va Qo’qon pedagogika instituti iqtidorli talabalarining “Quvonch elchilari” jamoasi hamkorligida “Assalom Navro’z!” mavzusida badiiy-ko’ngilochar dasturi tashkil etdilar.
Tadbir karnay-surnay sadolari ostida boshlandi, musiqa ta’limi yo’nalishining ikkinchi bosqich talabasi Mo’ydinov Jahongir mahorat bilan surnay cholg’usida kuylar ijro etdi. Ushbu kuylar barchaga manzur bo’ldi. 301-guruh talabasi Ibaydullayev Azizbek jar solib barchani tadbirga chorladi, boshlovchilar Qosimov Kamronbek va Valieva Go’zalxon tadbirni chiroyli olib bordilar. Fakultet dekani dotsent Ch.Shakirova tadbirni ochib berdi. So’ng talabalar M.Rasuljonova, I.Obloberdiyeva, M.Yo’ldosheva, F.Egamberdiyev, X.Shaxobiddinov, X.Qutbiddinovalar “Andijon polkasi” raqsini namoyish etdilar. Sh.Jamoldinov, G.G’ulomjonova, M.Sharipova, Z.Abdujalilovalar o’zbek xalq og’zaki ijodi namunalaridan “Kelin salom”, “Omon yor”kabi lapar va yallarni mahorat bilan ijro etdilar. Shuningdek tadbirga turli millatlar raqslari ham fayz kiritdi, raqsni G.Turdaliyeva, D.Xalilova, G.Jamoldinovalar mohirona namoyish etdilar.
“Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi” yo’nalishi talabalari “Bahor –fasllar kelinchagi” nomli ko’rgazmani ham tashkil etgan. Shuningdek, fakultetning iqtidorli talabalari Ismonova Dilorom, Nozimjonov Qudratbek, Xakimov Shohojahon va “Quvonch” jamoasi o’zlarining chiqishlari bilan tinglovchilarga yaxshi kayfiyat va tabassum ulashdilar.
Fakultetda tashkil etilgan bayram tadbiriga fakultet dekani, dekan o’rinbosarlari va kafedra mudirlari ham o’z mehnatlarini ayamadilar. Faol ishtirok etgan talabalar tadbir yakunida dekan Ch.Shakirova va kafedra mudirlari tomonidan faxriy yorliq va sovg’alar bilan taqdirlandilar. Shunday tashabbus bilan tashkil etgan bayram tashkilotchilariga tashrif buyurgan mehmonlar ham o’z minnatdorchiligini bildirdilar.
Bahor keldi o’lkamizga, yana keldi qaldirg’och,
Humo qo’ndi yelkamizga, borliq bizga bag’ring och .
Bahor fasli tarovatin, shunda bildim tabiat ,
Qish ketib bahor keldi, quyosh bobo nuring soch .
Bahor kelinchak misol, sepin yoydi olamga
Ko’rib ko’zing quvnaydi, boychechagu- lolamga.
Sen yaproqdagi shabnam, fasllarning sarasi
Qo’y-qo’zilar o’tlagan, yaylovlarning egasi,
O’zingdir olam ko’rki, fasllar kelinchagi
Bolasi orom olgan, kelinchak belanchagi
Senda hayot mujassam, sen yasharish faslisan
Yangi yil ibtidosi, yorqin hayot aslisan.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI