Universitetimiz so’nggi yillarda dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’yish bo’yicha salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Akademik hamkorlik bo’yicha 28 ta oliy ta’lim muassasalari bilan memorandumlar imzolanishi ham buning dalilidir.
Ayni vaqtda universitetimiz ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Baxtiyor Rasulov hamda filologiya fakulteti dekani Bahodir Rahmonovlar akademik va ilmiy hamkorlik aloqalarini o’rnatish maqsadida Turkiya Respublikasida bo’lib turibdi.
Safar davomida delegatsiyamiz vakillari Anqara hamda Gazi universitetlariga tashrif buyurib, u yerdagi o’quv jarayoni va universitetlar moddiy texnik bazasi bilan tanishdilar, akademik va ilmiy hamkorlik masalalari bo’yicha muzokaralar olib bordilar. Muzokaralarda ikki tomon uchun ham manfaatli hamkorlik aloqalari o’rnatish muhokama qilindi va ayrim masalalarda ilk kelishivlarga erishildi.
Xususan, Anqara davlat universitetiga tashrif chog’ida akademik almashinuv (talabalar va professor-o’qituvchilar) dasturini amalga oshirish, kimyo yo’nalishida tadqiqot olib borayotgan doktorantlarni Erasmus+ dasturi doirasida 1-3 oylik malaka oshirishlarini tashkil etish, shuningdek, hamkorlikda konferensiya, festival va seminarlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Joriy yilning aprel oyida Anqara universiteti delegatsiyasining Andijon davlat universitetiga tashrif buyurishi va ushbu tashrif davomida hamkorlik dasturlarini amaliyotga joriy etish bo’yicha yakuniy kelishuvlarga erishish rejalashtirilmoqda.
Gazi universiteti bilan hamkorlik bo’yicha muzokaralar ham juda muvaffaqiyatli kechdi deyish mumkin. Gazi universiteti ilmiy ishlar prorektori, professor Yashar Aydemir bilan uchrashuvda pedagogika, musiqa ta’limi va jismoniy madaniyat yo’nalishlari bo’yicha qo’shma dasturlar (bakalavrlar uchun 2+2, magistranlar uchun 1+1, tegishlicha O’zbekiston va Turkiyada) ochish, shuningdek, doktorantlar almashinuvi bo’yicha shartnoma shartlari hamda ikkala oliygoh rektorlarining shartnomalarni imzolash bilan bog’liq masalalar kelishib olindi.
Bundan tashqari, vakillarimiz Gazi universitetida ilmiy izlanishlar olib borayotgan doktorantlarimiz Surayyo Omonullayeva va Gulchehra Rahmonovalarning faoliyati bilan tanishib, ularning ilmiy rahbarlari bilan uchrashuv o’tkazdilar.
Turkiya Jahon iqtisodiy forumi tomonidan eng yaxshi tadqiqot institutlariga ega mamlakatlar 20 taligiga kiritilgan, Anqara va Gazi universitetlari esa 2018-yilda QS – Quacquarelli Symonds World University Rankings tashkiloti tomonidan e’lon qilingan oliy ta’lim muassasalari reytingida mos ravishda 806- va 832-o’rinlarni, Turkiya oliy ta’lim muassasalari ichida esa 5- va 6-o’rinlarni egallagan.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, ushbu amaliy tashriflar juda samarali va ikki tomonlama manfaatli kechdi. Bu hamkorlik aloqalarining boshlanishi xolos.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI