Til millatning ongi va xotirasi, ruhiyati, ma’naviy qiyofasi, tashqi olamga munosabatining in’ikosidir. Millat, davlat, jamiyat taraqqiy qilar ekan, uning ona tiliga bo‘lgan e’tibori va mehri kuchaya boradi. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Xar bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdur” degan hikmatli so‘zlari ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Barchamizga ma’lumki, YUNESKO tashkiloti tomonidan 21-fevral “Xalqaro ona tili kuni” deb e’lon qilinib, mazkur sana 2001-yildan buyon xalqaro miqyosida keng nishonlanib kelinmoqda. Shu munosabat bilan Andijon davlat universitetida ona tilidan foydalanishda yozma savodxonlik darajasini aniqlash, o‘zga tilli guruhlarda tahsil olayotgan boshqa millat vakillariga o‘zbek tili qoidalarini o‘zlashtirish va foydalanishlariga yordam ko‘rsatish maqsadida o‘zga tilli guruhlarda tahsil olayotgan va o‘zbek tilida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida ommaviy diktant tanlovi o‘tkazildi.
Ommaviy diktant yakuniy natijalariga ko‘ra o‘zbek tilida tehsil oluvchi talabalar o‘rtasida 1-o‘rinni Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili va adabiyoti) ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Mahmudova Oygul qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘rinni Fizika ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Abduraimova Jamila, 3-o‘rinni Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili va adabiyoti) ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Muxammadjonov Ne’matillolar egalladilar. Shuningdek, diktantda Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili va adabiyoti) ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabalari Muzaffarova Sevara va Olimjonova Sarvinozlar faol ishtirok etib, yaxshi natija qayd etdilar. Ommaviy tadbirda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va faol qatnashgan talabalar tashkilotchilarning faxriy yorliq va kasaba uyushma qo‘mitasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ommaviy diktant ona tilimizning ahamiyatini ko‘rsatib beradigan, barchani ona tilimizni o‘rganishga undaydigan vosita sifatida o‘z maqsadiga erishdi va barchada katta taassurot qoldirdi.
Ona tilimizni imkoniyatlaridan keng foydalanish, uning xalqaro maydondagi obro‘ e’tibori va nufuzini yuksaltirish, eng zamonaviy soha xamda tarmoqlarda faol qo‘llanishini ta’minlash bo‘yicha ko‘pgina ishlarni amalga oshirish, shu til orqali o‘zini, o‘zligini, butun dunyoni tanigan insonlar sifatida siz-u bizning burchimizdir. Til ma’naviyatimizning eng zarur murvati ekanligini doimo yodda tutishimiz kerak!
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI