Yoshlar o’rtasida sportni ommalashtirish, rivojlantirish maqsadida Respublika miqyosida, shuningdek, ta’lim muassasalari miqyosida ham ko’plab sport musobaqalari, tanlovlar o’tkazilib kelinmoqda. Albatta, bu yoshlarimizni ham jismonan, ham ma’nan rivojlanishida alohida ahamiyat kasb etadi. Shunday maqsadni o’z oldiga qo’ygan Andijon davlat universiteti ma’muriyati 21-22-fevral kunlari Andijon davlat universiteti 1- va 2-sport zallarida “Ommaviy sport oyligi” doirasida barcha fakultet yigitlari o’rtasida Arqon tortish, talaba-qizlari o‘rtasida Qiyiq tortish musobaqalarini tashkil etdi.
Arqon tortish qadimiy sport turi va u hozirgi kunda ham mavjud. Qadimdan ota-bobolarimiz harbiy ishga tayyorgarlik, yoshlarni chiniqtirish maqsadida yigitlar o’rtasida arqon tortish, ayollar o’rtasida qiyiq tortish kabi xalq o’yinlarini o’tkazib kelganlar. Faqat hozirgidan ozgina farqli ravishda arqon ishtirokchilarning qo’llariga bog’langan va o’rtada cho’g’ to’plangan chuqur bo’lgan. Kuchsizlar mag’lubiyatni tan olish orqali kulgiga qolganlar yoki otash to’la chuqurga ravona bo’lganlar. Hozirgi kunda esa ikki guruhga bo’linib arqon tortiladi va arqonni belgilangan yerini chiziqdan o’tkazgan jamoa g’olib bo’ladi.
Musobaqalar yuqori saviyada tashkil etildi va qizg‘in kurashlarga boy bo‘ldi. Musobaqa qatnashchilari jamoviy tur bo’yicha bellashdilar. Xar bir jamoa g‘oliblik uchun bor kuch imkoniyatlarini namoyon etdilar. Musobaqa yakuniga ko‘ra Arqon tortish sport turi bo’yicha Tarix fakulteti faxrli 1-o’rinni qo’lga kiritgan bo’lsa, 2-o‘rinni Fizika-matematika fakulteti yigitlari egalladilar, 3-o‘rin esa Filologiya fakulteti yigitlariga nasib etdi.
Talaba qizlar o’rtasida qiyiq tortish musobaqasi ham qizg’in kurashlar ostida o’tdi. Xar bir fakultetdan talabalar faol qatnashib o’zining jismoniy tayyorgarligini namoyon etishdi. Bir jamoa 5 nafar qizlardan iborat bo’lib, o’zining kuchlarini ishga solishdi va eng kuchli, jismonan yetuk Pedagogika fakulteti qizlari g’olib bo’ldilar. 2-o’rin esa filologiya fakulteti talaba qizlariga, 3-o’rin Maktabgacha ta’lim fakulteti qizlariga nasib etdi.
Musobaqa g‘oliblariga universitet rektori hamda kasaba uyushmasining faxriy yorliqlari, esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Bunday tadbirlar o’sib kelayotgan avlodning sog’ligiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi, sog’lom turmush tarzining asosiy omillaridan biri bo’lib xizmat qiladi. Zero, ma’nan yetuk, jismonan sog’lom yoshlar – vatanimizning kelajagidir.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI