Abdulla Qodiriy hayoti va ijodini o‘rganish, adib ijodiy merosidan, xususan, “O‘tkan kunlar” romanidan bahramand bo‘lish – bu doimo davom etadigan, avlodlar nazdida yangilanib turadigan sog‘inchli, ayni damda, o‘tmishga aylanmaydigan adabiy va abadiy qadriyatlar sirasiga kiradi. U o’zbek adabiyotida yuksak o’rin egallagan badiiy asarlar yaratdiki, ularda milliy ruh, qadriyatlar yorqin aks ettirilgan.
Kuni kecha universitetimizda buyuk o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligiga bag‘ishlangan badiiy kecha o‘tkazildi.
Badiiy kechada filologiya fakulteti talabalari va professor-o‘qituvchilari, yozuvchi ijodiga qiziquvchilar ishtirok etdilar. Badiiy kechani fakultet yoshlar bilan ishlash bo’yicha dekan o’rinbosari K.Shahobov so‘z olib, o‘z so‘zida ushbu tadbir adib ijodi, shaxsiga muhabbat nuqtai nazaridan hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buyuk o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy ijodining ulkan ahamiyatini inobatga olib, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, ajdodlarimizning ma’naviy merosi bilan faxrlanish va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirish hamda yozuvchi tavalludining 125 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi tegishli farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, so‘z o‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, shoir, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi, dotsent H.Karimovga berildi. Ustoz adibning ilmiy-ijodiy merosi, hayot yo‘li, yaratgan asarlari, xususan, o‘zbek romanchiligining noyob hodisasi bo‘lgan “O‘tkan kunlar” asari haqida tadbir ishtirokchilariga batafsil, sermazmun ma’ruza qilib berdi.
Navbatdagi so‘zni fakultet dekani filologiya fanlari nomzodi, dotsent B.Rahmonov olib, u ham Qodiriy bobomizning nabirasi bilan birga kursdosh bo‘lganligi to‘g‘risidagi xotiralari, yozuvchining shaxsiyati, mehnatsevarligi, yurtparvarligi, millatparvarlik fazilatlari to‘g‘risida tadbir ishtirokchilariga so‘zlab berdi.
Jonli muloqot tarzida olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ishtirokchilarda samimiy taassurot hamda o‘z ona Vataniga muhabbat va sadoqat, ajdodlar ma’naviy merosi bilan faxrlanish va iftixor tuyg‘ularini yanada yuksaltirdi, deyish mumkin.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI