Mamlakatimizda yoshlar masalasi xar doim davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Yoshlarga oid davlat siyosati – bu davlatning demokratik taraqqiyot yo‘lida rivojlanishida yoshlarni muhim strategik kuch sifatida tan olishi, zamonaviy dunyoda yoshlarning ehtiyojlari, ularning mavjud demokratik muhitga to‘g‘ri moslashuviga yo‘naltirilgan qonunchilik va ijro etish xususiyatining yig‘indisi hamda o‘zining yoshlarga nisbatan boshqaruv va ijtimoiy funksiyalarini demokratik siyosiy tizim, xalqaro yoxud milliy huquq normalari talabi darajasida to‘liq bajarishidir. Yosh avlod vakillarining manfaatini, boshqa ko‘pchilik qatlamlar vakillarining manfaatiga qarshi qo‘ymasdan, umummilliy manfaat bilan uyg‘unlashtirish – yoshlar siyosatining asosiy vazifasidir.
Ana shu vazifalarni ijrosini amalga oshirish maqsadida bugun Andijon viloyati Kasaba Uyushmalari tashkilotlari birlashmasida “Yoshlarga oid davlat siyosati”ni amalga oshirishda O‘zbekiston Kasaba Uyushmalari federatsiyasi yoshlar birlashmasining maqsad va vazifalariga bag‘ishlangan davra suxbati o‘tkazildi. Unda universitetimizning faol yoshlari xam ishtirok etdilar.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati tubdan isloh etilib, ularning huquqiy va siyosiy madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilib, qator maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu soha muayyan darajada rivojlantirildi, jumladan, yoshlar huquqiy va siyosiy madaniyatini yuksaltirishning o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy tadbirlardagi ishtiroki orqali huquqiy-siyosiy madaniyatining shakllanishi, ularning huquqiy va siyosiy madaniyatini yuksaltirishda davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligiga zamin yaratuvchi huquqiy baza yaratildi. Davra suxbatida Andijon viloyat Kasaba Uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Fayzulloh Dadajonov so‘z olib, “Yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish biz olib borayotgan davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi bo‘lib, bu yo‘lda ulkan ishlarni amalga oshirayotganimiz yaxshi ma’lum, albatta. O‘tgan bir yilning o‘zida yoshlar hayotiga bevosita taalluqli bo‘lgan 20 dan ziyod qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi. 2018 yil mobaynida yoshlarimizdan 266 nafari respublika, 80 nafari xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari bo‘lgani, sportchilarimizdan 12 nafari jahon, 93 nafari Osiyo chempionatlarida, 150 nafardan ziyodi xalqaro musobaqalarda yuksak shohsupalarga ko‘tarilgani ana shunday normativ-huquqiy hujjatlarimizning dastlabki natijalari sifatida qabul qilishimizga asos bo‘lib xizmat qilmoqda” -dedi.
Shuningdek, davra suxbatida Yoshlar ittifoqi Andijon viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Akbarshox Abdullaev ham ishtirok etdi. “O‘tgan bir yilning o‘zida yoshlar hayotiga bevosita taalluqli bo‘lgan 20 dan ziyod qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani ham yuqoridagi fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi. O’tgan 2018 yil davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tavsiyasi bilan 4 ming 300 ga yaqin yigit-qizlarimizga banklar tomonidan 216 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berilgani, 184 ming 300 dan ziyod farzandlarimiz ish bilan ta’minlangani e’tiborga loyiq.
Mamlakatimizda markaziy va mahalliy hokimlik idoralari, deputatlar korpusi, sud-huquq sohasi rahbarlarining yoshlar bilan ochiq muloqotlar olib borishi ijobiy an’anaga aylanib bormoqda. Bunday muloqot va uchrashuvlarda yoshlarni qiynayotgan ko‘pgina muammolar joyida hal etilmoqda, ularga amaliy yordam, malakali maslahat va yo‘llanmalar berilmoqda.
Bugungi kunda Harakatlar strategiyasi doirasida “Yoshlar – kelajak bunyodkori”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Aqlli shahar” kabi keng qamrovli dasturlarni amalga oshirishda aynan ana shunday tashabbuskor, har bir masalaga yangicha yondashadigan o‘g‘il-qizlarimiz faol ishtirok etayotgani, hech shubhasiz, barchamizni mamnun qiladi.” – deydi Akbarshoh Abdullaev.
Davra suhbati so‘ngida, ishtirokchilar tomonidan talaba yoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi va talabalarni fikr-mulohazalari tinglandi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI