Hozirgi kunda yurtimiz oliy ta'lim muassasalarining xorijiy oliy ta'lim muassasalari hamda ilmiy tekshirish institutlari bilan integratsiyalashuv jarayoni jadal suratlarda rivojlanmoqda. Universitetimiz ham xalqaro miqyosda juda ko’p xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o’rnatmoqda va rivojlantirmoqda. Jumladan, 52 ta oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari o’rnatilgan bo’lsa, bulardan 28 ta oliy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama akademik hamkorlik bo’yicha memorandum va shartnomalar imzolandi. Hozirgi kunda mana shunday jarayonlar orqali universitet talabalari va professor-o’qituvchilari zamonaviy ilm-fan yutuqlari va pedagogik texnologiyalarni o’quv jarayonida qo’llash bo’yicha ko’plab yangiliklarni o’zlashtirmoqdalar.
Hozirda universitetimizda xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari olimlari va mutaxassislari tomonidan ko’plab vebinar onlayn darslar hamda videoseminarlar tashkil etilmoqda.
Joriy yilning 16-fevral kuni Avstraliyalik vatandoshimiz, fizik olim Alisher Qodirov ishtirokida vazirlik miqyosida talabalar va yosh tadqiqotchilar hamda olimlar uchun videoseminar bo’lib o’tdi.
Ushbu videoseminarda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan zamonaviy fizikaning taniqli namoyondasi, xalqaro darajadagi professor Alisher Qodirov yosh olimlar uchun zamonaviy amaliy fizikaning dolzarb masalalari yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish bo’yicha o’z tavsiyalarini berdi. Videoseminarda vazirlik rahbariyati, OTM larning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektorlari, fizika sohasida faoliyat ko’rsatayotgan olimlar, professor-o’qituvchilar hamda shu sohada tahsil olayotgan doktorantlar ishtirok etishdi. Videoseminarda professor zamonaviy amaliy fizika yangiliklari, jahon ilm-faniga integratsiya qilish tadqiqot ishlarini olib borish zarurligi haqida to’xtalib, bu borada yordam berishga tayyor ekanligini ta’kidlab o’tdi. Alisher Sobirovich Qodirov aslida O’zbekistonlik bo’lib, hozirda yadro fizikasi sohasida bugungi kunda dunyoning yetakchi olimlaridan biri hisoblanadi. Olim ilm-fan va texnika sohasida qator xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan, 2018- yilda Amerika fiziklar jamiyatining (APS) tanlangan a’zosiga aylangan. Ushbu videoseminar ishtirokchilari seminar davomida fizika fanining mohiyatini, uning amaliyotga tatbiqlarini, kelajakda amaliy fizika fani bilan yana qanday ilmiy izlanishlar qilinishi mumkinligi haqida ko’plab ma’lumotlarga ega bo’ldilar hamda o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI