Andijon Davlat
Universiteti
ODAM SAVDOSI – DAVR MUAMMOSI
2019-02-12    15052

Hozirgi kunda odam savdosi davr muammosiga aylanib borayotgani barchamizga ma’lum. Odam savdosi hozirda global xavfsizlik, jamiyatning barqarorligi hamda jahon hamjamiyatiga tahdid solayotgan jinoyat deb baholanmoqda. U o’zining xavfsizlik darajasi bo’yicha noqonuniy qurol-yarog’ sotish hamda narkobiznes kabi transmilliy jinoyatlar bilan bir qatorga qo’yilmoqda.

Mana shunday jinoyatlarni oldini olish va kamaytirish maqsadida yurtimizda juda ko’plab islohotlar, tadbirlar, anjumanlar hamda seminar yig’ilishlari bo’lib o’tmoqda. Ushbu jarayon Andijon davlat universiteti talabalarini ham chetlab o’tmayapti. joriy yilning 11-fevral kuni Andijon davlat universitetining professor-o'qituvchilari va talabalari o'rtasida viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi viloyat bo'limi bilan hamkorlikda “Odam savdosi – davr muammosi” mavzusida uchrashuv bo'lib o'tdi.

Ushbu uchrashuvda Andijon davlat universiteti Fizika-matematika fakulteti dekani M.Mahkamov, Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi hodimi N.Abdurasulov, Respublika ma’naviyat va ma’rifat viloyat bo’lim rahbari M.G’ofurov, Andijon davlat universiteti Y.Jahongirovlar odam savdosi aslida nima ekanligi, uning oqibatlari qanday holatlarga olib borilishi haqida talabalarga to’liq ma’lumot berdilar.

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro va davlat ichki huquqining birlashib ketishi, bir-biriga  ta’siri kuchayishi bugungi kunda har qachongiga qaraganda ham chuqurroq sodir bo’lishi ta’kidlab o’tildi. Bugungi kunda butun dunyoda insonlarni kamsitish, ularning huquqlarini tan olmaslik, odam savdosi kabi jinoyatlarning ko’payib borayotgani barchamizni tashvishga solayotgani, odam savdosi aslida qullikning zamonaviy shakli bo’lib, qul savdosining yangi ko’rinishi ekanligi ta’kidlab o’tildi.

Xalqaro migratsiya tashkilotining ma’lumotlariga ko’ra odam savdosi bilan shug’ullanuvchi jinoiy guruhlar odamlarni nafaqat jinsiy yoki mehnat eksplutatsiyasi uchun, balki ularning ichki organlarini transplantatsiya qilish, narkotik moddalarni tarqatish, boshqa turdagi jinoyatlar sodir etish uchun ham yollab majburlamoqdalar.  Xalqaro ekspertlarning ma’lumot berishicha, har yili dunyo miqyosida 2 million 700 ming kishi odam savdosi qurboniga aylanadi. Ushbu jinoyatchilikdan tushayotgan noqonuniy daromad esa 7 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi. Dunyo miqyosida har yili 600 mingdan 800 ming nafargacha  ayollar va bolalar aldov yo’li bilan chet ellarga olib ketilib sotiladi. Ayniqsa, odam savdosidan jabrlanganlarning 80 foizini ayollar yoki yosh bolalar tashkil etayotgani ayanchli holatdir. Yig’ilishda bugungi kunda odam savdosi inson, uning sha’ni qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, osoyishta turmushi hamda kelajagiga tahdid solayotgan, insoniyat sivilizatsiyasiga ochiqdan – ochiq to’siq bo’layotgan, jamiyat taraqqiyoti va davlat rivojiga jiddiy xavf tug’dirayotgani, o’z domiga asosan ayollar va yoshlarni tortayotgan jinoyatchilikning xavfli ko’rinishlaridan biriga aylanib borayotganligi, odam savdosi muammosi nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hodimlarini, balki keng jamoatchilikni ham qattiq tashvishlantirayotganligi aytib o’tildi.

Xulosa o’rnida shuni aytish lozimki, bugungi kunda odam savdosiga qarshi kurashish va bunday noxush holatlarni oldini olish global ahamiyat kasb etmoqda. Uchrashuv so'ngida talabalar o'zlarini qiziqtirgan savollar bilan yig'ilish qatnashchilariga murojaat etishdi va o'zlari uchun foydali ma’lumotlarga ega bo'lishdi. Mana shunday uchrashuvlarning o'tkazilishi yoshlarning ma'naviy salohiyatini ortishiga, huquqiy madaniyatini yuksaltirishiga hamda kelajak  avlodning jismoniy va ma'naviy tahdidlar qurshoviga tushib qolmasligiga  katta xizmat qiladi. 

 

Rasulova Madinabonu
www.adu.uz muxbiri
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.