Andijon Davlat
Universiteti
Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyevning universitetimiz bitiruvchilariga tantanali bitiruv marosimida yo‘llagan bayram tabrigi
2025-07-18    136

Hurmatli marosim ishtirokchilari, aziz hamkasblar, muhtaram ota-onalar va bugungi tantananing bosh qahramonlari — qadrli bitiruvchilar!

Andijon davlat universiteti jamoasi nomidan sizlarni bugungi qutlug‘ va tarixiy sana — diplom topshirish marosimi bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Siz, aziz bitiruvchilar, bugun ko‘p yillik fidokorona mehnat, tinimsiz izlanish va qat’iyatli sa’y-harakatlaringiz samarasida oliy ta’lim muassasasining to‘laqonli bitiruvchisi maqomiga sazovor bo‘ldingiz. Bu — har bir inson hayotidagi muhim bosqich, katta mas’uliyat va mustaqil hayot sari qo‘yilgan jiddiy qadamlardan biridir.

Bugungi kunda Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetida 13 605 nafar talaba tahsil olmoqda. Ushbu muassasa nafaqat ta’lim, balki tarbiya, ma’naviyat va ma’rifat maskani sifatida yosh avlodni kamolot sari yetaklab kelmoqda.

Joriy o‘quv yili davomida 5 507 nafar talaba universitetni muvaffaqiyatli bitirdi. Ularning 101 nafari magistratura bosqichini, 3 948 nafari sirtqi ta’lim shaklini, 1 458 nafari esa kunduzgi ta’lim shaklini tamomladi.

Alohida ta’kidlash joizki, kunduzgi ta’lim yo‘nalishida tahsil olgan 91 nafar iqtidorli talaba o‘zining bilimga chanqoqligi, namunali xulqi va yuqori akademik ko‘rsatkichlari bilan ajralib turib, 2024–2025 o‘quv yilini imtiyozli diplom bilan yakunladi. Bu esa, o‘z navbatida, universitetda ta’lim va tarbiyaning yuqori saviyada yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.

Siz nafaqat nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni puxta egalladingiz, balki Vatanimiz taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lida xizmat qiladigan yetuk mutaxassis sifatida shakllandingiz. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, sizlar kelgusida ham yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida yuksak mas’uliyat va sadoqat bilan faoliyat yuritasizlar.

Shu o‘rinda sizlarni mehr-muhabbat bilan tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalarga, bilim va tarbiya bergan ustoz-muallimlarga universitet jamoasi nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli bitiruvchilar!
Sizlarga kelgusi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va porloq kelajak tilaymiz!

Yana bir bor bitiruv bilan chin dildan tabriklaymiz!

Andijon davlat universiteti
matbuot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@adu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2025. Barcha huquqlar himoyalangan.