Andijon Davlat
Universiteti
“Vodiynoma” jurnali, 2025-yil, 1 (38) son
2025-07-02    49

JADIDCHILIKNI O‘RGANISH MASALALARIGA DOIR MULOHAZALAR, QATAG‘ON QILINGAN JADIDLAR VA PROKURATURA XODIMLARI, QORAQALPOG‘ISTONDA YASHAGAN JADIDLAR, “TARIXIY XOTIRA BEQIYOS” KITOBI HAQIDAGI MULOXAZALAR

Bularning barchasi “Vodiynoma” (Tarixiy meros) jurnalining 2025 yildagi birinchi – 1-38 sonida

Vodiynoma jurnalining 2025-yildagi birinchi soni asosan jadidchilik harakati, uning a’zolarining qatag‘on qilinishi tarixiga bag‘ishlangan maqolalardan tashkil topgan.

Hurriyatparvar ajdodlarimizning ilg‘or qismini birlashtirgan jadidchilik harakati uzoq vaqt salbiy jihatdan aks ettirilgan. Tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinovning “Jadidchilikni o‘rganish masalalariga doir mulohazalar” nomli maqolasida jadidchilik harakatiga ularning zamondoshlari, davlat arboblari, tarixchi olimlarning fikrlari jamlangan va tahlil qilingan.

Hammaga ma’lumki tarixni shaxslar yaratadi. Jurnalda keng jamoatchilikka avval to‘liq tanish bo’lmagan jadidlar – Sattor Xojayev, Usmonxon Eshonxo‘jayev, Abdulhamid Cho‘lponlarning hayot yo‘li va qatag‘on qilinishi tarixi aks etgan va birlamchi manbalarga asoslangan maqolalar ham jurnaldan o‘rin olgan.

Iskandar Madg‘oziyevning “Mullo Xolbek ibn Muso Andijoniy – yetuk shoir va tarixnavis” nomli maqolasida ko‘hna va hamisha navqiron Andijonning uzoq yillik adabiy muhiti nomdor vakili Mullo Xolbek ibn Muso Andijoniyning hayot yo‘li, boy ijodiy merosi, jumladan, uning “G‘urbatnoma” asari haqida batafsil ma‘lumot berilgan. “G‘urbatnoma” asari Qo‘qon xonligi tarixi, xususan, Andijonning XVIII–XIX asrlardagi tarixidan hikoya qiluvchi g‘oyat qimmatli manbalardan hisoblanadi.

Rossiya imperiyasi va sovet mustabid tuzumi davrida Turkiston o‘lkasi, jumladan, O‘zbekistonda 100 000 dan ortiq odam turli ayblovlar bilan qatag‘on qilingan. Ular orasida xorij fuqarolari, jumladan, O’zbekistonga ko‘chib kelib yashayotgan insonlar ham bo‘lgan. “Нaциональные меньшинства и иностранцы, репрессированные в Узбекской ССР. Жертвы “Большого террора” (1937-1938 гг.) nomli kitobda ular alohida ro‘yxat asosida berilgan bo‘lsa, jurnalda qatag‘on qurboni bo‘lgan ayrim horijliklar haqida batafsil ma’lumotlar uzoq vaqt “mutlaqo mahfiy” grifi ostida saqlangan arxiv hujjatlarini ilmiy iste’molga kiritish orqali ma’lumot berilgan.

T.Choroteginning “История казахов: О попытках прочтения этнонима «қарлуқ» как «қазақ»” maqolasida qozog‘istonlik tarixchilar orasida avj olayotgan “folk history” ya’ni ilmiy qarashga o’xshash to’qima tarix jarayoniga sof ilmiy ravishda baxo berilib, “tarixchi”larning soxta fikrlariga ilmiy javob qaytarilgan.

2024-yil qatag‘on qurboni bo‘lgan prokuratura xodimlari haqida 2 kitobdan iborat “Tarixiy xotira beqiyos” kitobi nashr etildi. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining muzeyida Qatag‘on qilingan prokuratura xodimlarining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan yangi ekspozitsiyalar ham yaratildi. O‘. Ubaydullayev,  J. Iminov, A. Mahkamovlarning “Qatag‘on qurboni bo‘lgan prokurorlarning xotirasi mangu yashaydi” nomli maqolasida prokuratura muzeyi haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Jurnalda shuningdek J.Hasanovning “O‘zbekistonlik mahbuslar Moskva-Volga kanali qurilishida”, J. Savriyevning “O‘rta Zarafshon vohasida Karmana shahri shakllanishi va toponimikasi tarixidan”, R.Shamsutdinov va G. Valixonovalarning “Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti 60 yoshda” nomli maqolalari ham o‘rin olgan bo’lib ular ham jurnalxonlarga tariximizning dolzarb mavzulari haqida batafsil ma’lumot beradi.

“Vodiynoma” jurnalining yangi sonlarini o‘qib, tarixga doir bilimlaringizni boyiting!

 


MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@adu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2025. Barcha huquqlar himoyalangan.