
Universiteti

KO‘PLAR UCHUN MANZUR RISOLA, DIL KUTGAN HAQIQATLAR
Yoxud, “Vodiynoma” (Tarixiy meros) jurnalining 2023 yil, 5-32 sonida o‘qing:
Jurnalning ushbu soni ham mavzu jihatidan juda rang-barang bo‘lib, u “Farg‘ona – Abbosiylar qo‘shinidagi muntazam harbiy tuzilma” maqolasi bilan ochiladi. Muallif – tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (RhD) Saidanvarbek Bahromjon o‘g‘li tarxiy manbalar va ilmiy adabiyotlarga asoslangan holda, xalifalik qo‘shinining elita qismi – “Farag‘ina” to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tadi. O‘rta osiyoliklarning arab xalifalari xizmatiga o‘tishi, shu bilan bog‘liq boshqa ko‘plab jihatlar ushbu salmoqli maqolada o‘z ilmiy ifodasini topgan.
Tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov Ikkinchi jahon urushi yillaridagi o‘zbek frontlari matbuoti, jurnalistikasini tadqiq qilib, ko‘pjildik kitob bunyodga keltirgan edi. Olim o‘sha an’nasiga sodiq qolib jadidlar davridagi matbuotni ham nazardan qochirmaydi. Buning yaqqol tasdig‘i sifatida, ushbu sondagi “Darxon” gazetasidan sahifalarni aytish mumkin. Shuhratbek Qahhorov bilan hammualliflikda tayyorlangan ushbu materialda, gazetaning 1923 yil, 21-iyulidagi 10-soni sahifalaridan ko‘chirmalar keltirilgan. “Chin Hayit qachon?”, “Haov flo‘ti haftasi”, va chet ellardagi, Sharqdagi holatlar haqidagi qisqa, do‘nda materiallar o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Jurnalxon materialni o‘qish asnosida, o‘sha olis zamonga – bir asr nariga sayohat qilgandek bo‘ladi.
Chet eldagi zahmatkash olim, millat fidoyisi Boymirza Hayitning “Bosmachilar. Turkiston milliy kurashi tarixi” asari bevosita professor Rustambek Shamsutdinov sa’y-harakati va tarjimasida chop etildi. Ommani ushbu tarixiy-ma’rifiy ahamiyati beqiyos bo‘lgan kitob bilan yanada kengroq tanishtirish maqsadida, jurnalning ushbu sonida yuqoridagi asardan katta bir parcha e’dlon qilingan. Tarixchi-tadqiqotchilargina emas, vatanimiz, ona Turkiston o‘tmishiga befarq bo‘lmagan har qanday inson uchun qimmatli manba bo‘lgan ushbu kitobdan keltirilgan parchalarda, ozodlik kurashchilarining Qizil armiya bilan shiddatli to‘qnashuvlari, Farg‘ona vodiysidagi ozodlik kurashi muassasalari, istanbullik qisqa ammo, mazmunli umr kechirgan Anvar Posho va uning oilasi haqida ma’lumotlar beriladi. Turkiston qo‘shinlari bosh qo‘mondoni Anvar Poshoning o‘limiga chuqur qayg‘urib bitilgan Cho‘lponning “Baljuvon” she’ri ham shu asarda (she’r jurnalning ushbu soni ort muqovasida ham keltirilgan) berilgan bo‘lib, sizni befarq qoldirmaydi.
“Unga qarshi sho‘ro hukumatida 400 dan ortiq kitob, risola, maqolalar chop etilgan”.
Xo‘sh, bu qadar taqdiri va hayoti ommalashgan, ammo, shaxsiyati haqida ko‘pchilik yanglish tasavvurda bo‘lgan shaxs kim? Nega u buncha qoralandi?
Jurnalning ushbu sonida keltirilgan Bekmirza Boymirzaevning “Otamdan voz kechmaganman” maqolasini o‘qish orqali siz bu savolga javob topasiz. Doktor Boymirza Hayitning farzandi bo‘lgan B. Boyirmzaev 52 yillik umri mobaynida otasi sabab ko‘plab issiq-sovuqlarni boshidan kechirdi. “Zamon og‘ir. Xalq qo‘rqib qolgan. Haq so‘z uchun qamashardi, urug‘-aymog‘ingni yo‘q qilaman, deb qo‘rqitishardi...”
Shunday sharoitda yashash va ishlashning o‘zi bo‘ladimi?!
O‘zA muxbiri FAxriddin Ibaydullaev va fotomuxbir Zuhriddin Umrzoqovlarning “Doktor Boyirza Hayit: “Bosmachilar aslida kim bo‘lgan edi?” maqolasida Andijon davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori, nafaqat yurtimizda, balki, uzoq-yaqin ellarda ham ko‘zga ko‘rinib, e’tirofga erishgan hassos qalbli tarixchi olim Rustambek Temirovich Shamsutdinov tashshabbusi bilan tarjima qilinib chop etilgan Boyirza Hayit qalamiga mansub “Bosmachilar. Turkiston milliy kurashi tarixi (1917-1934 yillar)” kitobining ahamiyati haqida so‘z ketadi. Ikkinchi jahon urushidan keyin uzoq yillar Yevropa davlatlarida yashab, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan Doktor Boymirza Hayitning bu asari haqqoniy, xolis va to‘laqonli ma’lumotlar bilan tarixiy qimmat kasb etishini ikki muallif haqqoniy ravishda ta’kidlab o‘tadilar. Rustambek Shamsutdinov kitobni shunchaki tarjima qilib qo‘yaqolmaydi, balki, uni mavzularga oid oq-qora va rangli rasmlar bilan boyitadi, muallif yo‘l qo‘ygan kamchiliklarni bartaraf etadi, yechimi topilmay turgan savollarga aniqlik kiritadi, mavzularni to‘ldirish uchun o‘zining 12 ta maqolasini ham kitobga ilova qiladi. Shu ma’noda, ushbu kitobning chindan ham tarixiy va ilmiy ahamiyati benazir ekanligini ta’kidlash mumkin. Germaniyada chop etilgan ushbu kitob, qariyb 30 yildan so‘ng o‘zbek o‘quvchilariga to‘latilgan holda, jonli faktlar bilan boyitilib mukammal tartibda taqdim etildi. Bu borada tarixchi-tarjimonning faoliyati tahsinga sazovor va bu hol, xalqimizning “Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin”, naqlini yodga keltiradi. O‘z ishining ustasi tarafidan bajarilgan ish albatta, sifatli, ko‘ngillarni to‘ldiradigan, katta-kichikka birdek manzur yumush bo‘ladi. Faxriddin Ibaydullaev va Zuhriddin Umrzoqovlar shu haqda so‘z yuritadilar.
Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, umidli adib Umid Bekmuhammadning maqolasini ham yuqoridagi ikki muallif fikrlari uzviy davomi deyish mumkin. Doktor Boymirza Hayitning “Bosmachilar. Turkiston milliy kurashi tarixi (1917-1934 yillar)” kitobi Turkiston tarixi bilan shug‘ullanuvchi olimlar uchun noyob manba ekanligi ta’kidlangan.
Maqoladan keyingi sahifalarda esa, Boymirza Hayitning faoliyati va nashr qilingan asarlari to‘g‘risidagi fikrlar keltirilgan bo‘lib, xorijlik vatandosh olimning ilmiy-ijodiy faoliyatiga o‘zbek matbuotida berilgan baholar bilan tanshish mumkin.
1992 yilda Birinchi Prezident Islom Karimov farmoni va hukumatning tegishli qarori asosida 2 yarim mingdan ortiqroq yoshlar Turkiya universitetlariga o‘qishga yuboriladi. Ana shulardan biri adib Shuhrat Barlos bo‘lib, u xorijda o‘qish jarayonida bevosita Doktor Boymirza Hayit bilan uchrashadi, uning saboqlarini tinglaydi, alohida yuzma-yuz suhbatlarga musharraf bo‘ladi. Jurnalning bu sonida adibning xotiralari berilgan. Uni o‘qish orqali, Doktor Boymirza Hayitning ayrim insoniy qirralari haqida bilib olamiz.
Rustambek Shamsutdinov, Dilshodbek Homidov, Azizbek Mahkamovlarning “Abdurahim Yusufzoda – qatag‘on qurboni”, Navoiy davlat pedagogika universiteti birinchi prorektori, tarixchi olim Xurshidbek Qurbonovning “O‘zbekistonlik “Mehnat armiyachilari”ning Uraldagi maishiy holati, turarjoy va shaxsiy munosabat muammolari”, “Shimoliy Kavkaz surgunidagi Qori Muhammad Rasul (shoir Nojiy – 1895-1989) taqdiri haqida” kabi maqolalar ham jurnalning ushbu sonida berilgan bo‘lib, bularning barchasi yaxlit holda, xalqimizning o‘tgan asrdagi boshidan kechirgan mashaqqatli kunlari haqida tasavvur uyg‘otadi.
Bir so‘z bilan aytganda, jurnalning ushbu soni tahririyat xodimlari muntazam izlanishda, o‘quvchilarga yangi-yangi ma’lumotlarni yetkazish harakatida ekanligini amalda namoyon etadi. Marhamat, aziz o‘quvchilar jurnalni o‘qing, bilim va zavq oling!
“Vodiynoma” jurnalining yangi sonlarini o‘qib, tarixga doir bilimlaringizni boyiting!
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@adu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI