
Universiteti

CHO‘LPON FAOLIYATIDAN SHINGIL, ISSIQ-SOVUQNI XO‘P TOTGAN ANDIJON, FITRAT QISMATI, “MUXBIRLARDAN QO‘LINGNI TORT!”, SO‘NGI NAFASIGACHA ILM DEB, YOXUD, SULAYMON INOYATOV SIYRATI-YU SUVRATI SHARHI SHOGIRD NIGOHIDA
Bularning barchasi “Vodiynoma” (Tarixiy meros) jurnalining 2024 yildagi yakunlovchi – 4-37 sonida
Jurnalning yakunlovchi soni – oktabr-dekabr oylari uchun chiqqan nashrida ham ko‘plab tarixiy siymolar, zamondosh olimlar, yangi kitoblar, ularning yutuq va kamchiliklari va hokazolar borasida fikrlar bayon etilgan.
Muqovaning ilk betidayoq o‘sha vaqtdagi Buxoro xalq sovet respublikasining hukumat a’zolari tasvirlangan va 1922 yilda olingan surat berilgan. Ushbu suratni biz ichki sahifalarda ham ko‘rishimiz mumkin.
Ma’lumki, qatag‘on qurboni, bolta bilan chopib, ayanchli tarzda o‘ldirilgan Abdulhamid Sulaymon Cho‘lponning faoliyat qirralari rang-barang va mazmundor. U qisqa umri mobaynida ko‘plab ishlarni amalga oshirgan. Hikoyalar (“Doktor Muhammadyor” va boshqalar), “Kecha va kunduz” kabi mummtoz roman, bugun turli olim va ijodkorlar turlicha ko‘yga solib talqin qilayotgan “Go‘zal” singari she’rlar undan umrboqiy meros bo‘lib qoldi. Tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov va Shuhratbek Qahhorovlar avvalgi sonlardagi an’anani davom ettirib, Cho‘lponning faoliyatidan bir shingil bo‘lgan “Darxon” gazetasi sahifasidan havolalar keltirganlar.
Rustambek Shamsutdinov va Azizbek Mahkamov, Nigora Akbarova, ADU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari muzeyi ekskursovodi Dilshodbek Homidov, tarixchi olim O‘ktambek Ubaydullaevlar hammualliflikda yozgan va e’lon qilgan maqolalarida Fitrat, Inog‘om Mo‘minov, Mahmudxon Ahmadxonov kabilar millat va yurt fidoyilari, ularga aloqador yana o‘nlab shaxslarning goh iztirobli, goh quvonchli kunlari haqida, qatag‘onga uchragan ayrim ajdodjlarimizning nohaq oliy jazoga tortilishi-yu, yillar o‘tib, baribir Adolat oftobi tantanasi sabab oqlanganlari haqida maroq bilan hikoya qilinadi. Bu maqolalarni o‘qish jarayonida Siz, istiqlolning ahamiyati naqadar kattaligi haqida mushohada qilasiz, albatta. Mualliflar har bir ma’lumotni muzey va arxivlardan olib, tafakkur elagidan o‘tkazib, sizu bizga tutganlari tahsinga molik, albatta!
Muhiddin Tursunxo‘jaev, Karim Zarifov, Abdurashid Mukomilov, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jaev... Bu kabi nomlarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov qalamiga mansub “1937-38-yillardagi “Katta terror”da qatag‘on qilingan yurtdoshlarimiz taqdiri to‘g‘risidagi to‘rt kitob haqida mulohazalar” maqolasi tanqidiy ruhda bo‘lib, unda “Tarixning noma’lum sahifalari” (6-,7-,10-kitoblar), “Qo‘qon tarixidan lavhalar”, “Millatimiz fidoyilari” kitoblarining yutuq va kamchiliklari xolisona, adolat yo‘sini bilan tahlil qilingan. Xususan, Rustambek Shamsutdinov, ba’zi kitoblarda, mualliflarning beparvoligi oqibatida, ilmiy e’tikaning elementar qoidalariga ham amal qilinmaganini kuyunchaklik bilan ta’kidlaydi. Muallif e’tirozlariga qo‘shilgan holda, albatta, bu o‘rinda, ilmda yengil-yelpilik, yuzakilik ketmasligini ta’kidlash albatta, o‘rinlidir.
Shuningdek, Rustambek domla galdagi maqolasida “Tarix: xotira, xulosa, saboqlar” kitobining yutuq va kamchiliklari haqida ham ro‘y-rost mulohazalarini bildiradi. Bu mulohazalar bilan tanishib, olimning ziyrak va qalbi uyg‘oqligiga tahsin demasdan iloji yo‘q.
Ushbu sonda aytib o‘tganimizdek, yangi chiqqan tarix ilmiga oid adabiyotlarga keng o‘rin berilgan. Chunonchi, professor, atoqli tilshunos olim, mazkukr jurnal mas’ul xodimlaridan biri Ma’murjon Saidxonovning “Tariximizdan saboq” maqolasida Abdulla Rasulov, Muzrobjon Abdullaev va boshqalarning tarix ilmiga oid biro necha kitoblari haqida so‘z yuritilgan.
Tarix fanlari doktori, professor Shodmon Hayitovning “Mangulikka daxldor inson: xotira chirog‘i sira o‘chmaydi” yodnomasi maroq bilan o‘qiladi. Unda professor Rustambek Shamsutdinovning yaqin do‘sti, safdoshi, zamondoshi, ulug‘ tarixchi olim, moziy ilmining tengsiz donishmandi, ma’naviyat darg‘asi, benazir notiq, insoniylik va ilm ibrati, yoshlarning haqiqiy homiysi (maqola muallifi e’tiroflari) – tarix fanlari doktori, professor Sulaymon Inoyatovich Inoyatov haqida hikoya qilinadi.
Yodnoma muallifi Sulaymon muallimning ilk yoshlik chog‘laridan boshlab, umrining so‘ngi kunlarigacha birga bo‘lgani, olimdan ko‘plab ijobiy xislatlar, jild-jild nashr qilingan va qilinmagan kitoblar meros qolgani, Sulaymon muallim hatto, to‘shakda dard chekib yotgan holida ham ilmiy seminariyada onlayn qatnashganliklari va boshqalar haqida jonli misollar bilan hayajonlanib yozadi. Maqolani o‘qish asnosida, fidoyilikning chinakam timsoli bo‘lgan zabardast olim va ustoz, uzoq yillik hayot tajribasiga ega chinakam jonishmand siymo ko‘z oldingizda gavdalanadi va zavqingiz ortadi. Sulaymon Inoyatov chindan ham o‘zidan ibrat qoldirganligiga amin bo‘lasiz.
Yuqorida ta’kidlanganidek, olim shubhasiz, andijonlik tarixchilar, ayniqsa, Rustambek Shamsutdinov bilan chambarchas ilmiy-ijodiy-insoniy ko‘pqirrali aloqalar bog‘lagan benazir siymo edilar. Ulug‘lardan biri: “Mavti olim – mavti olam”, deydi. Biroq, taskin shuki, Sulaymon Inoyatov kabi fidoyi insonlar xalq va yaqinlari, shogirdlari, hamkasblari, yaxshilik ko‘rgan insonlar yodidan aslo o‘chmagay.
Bir so‘z bilan aytganda, “Vodiynoma” jurnalining ushbu - 4-sonidan ham siz o‘zingizga kerakli ko‘plab ma’lumot va tarixiy yangiliklarni bilib olishingiz mumkin. Sahialarda keltirilgan manbalar, fakt va raqamlar ilm – asrlardan asrlarga ko‘prik ekanini tasdiqlaydi. Darhaqiqat, shunday.
Shunday ekan, albatta, doimiy hamrohingiz bo‘lgan jurnaldan uzoqlashmang!
“Vodiynoma” jurnalining yangi sonlarini o‘qib, tarixga doir bilimlaringizni boyiting!
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@adu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI