
Universiteti

JADID MEROSI – JAMIYAT POYDEVORI, QUSHBEGIEV FOJIASI, YAPON HARBIY ASIRLARI SAQLANGAN JOY BUGUN QAY HOLDA? GO‘ZALLIKKA OSHNO QALB, ZAHMATKASH MUARRIXNING UMR TO‘YI –
Bularning hamma-hammasi “Vodiynoma” (Tarixiy meros) jurnalining 2024-yildagi 3-36 sonida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida” nomli qarori tarixchilarning, tadqiqotchilarning quvonchiga sabab bo‘ldi.
Umuman olganda, keyingi yillarda nohaq qatag‘onga uchragan jadid bobolarimiz merosi va hayotiga yangicha nazar bilan qarash an’nasi boshlandi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi “Jadid” deb qayta nomlandi va bugungi kunda tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov va Nigoraxon Akbarovalar ushbu nashrning doimiy faol muallifiga aylandilar.
Jurnalning bu galgi soni bevosita yuqoridagi tarixiy qaror talablari bo‘yicha tayyorlangan, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Undan joy olgan materiallar, ilmiy maqolalarni o‘qish jarayonida bunga o‘zingiz ham guvoh bo‘lishingiz mumkin.
Ilk sahifalar “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori tarixchi-tadqiqotchilarga kuchli ilhom baxsh etdi” rukni ostida berilgan. Dastlab Azalshoh Hamroevning “Jadilar merosi – jamiyatning poydevori” maqolasi bilan tanshamiz. Unda Buxoro shahrida tashkil etilgan “Jadidlar merosi davlat muzeyi” faoliyati va boshqalar xususida so‘z boradi.
Professor Rustambek Shamsutdinov va Azizbek Mahkamovlarning “Qatag‘on qilingan jadidlar hujjatlar talqinida” maqolasida Prezidentimizning yuqoridagi qarori har bir tarixchi uchun ulkan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda metodologik ko‘rsatma bo‘shlib xizmat qilishi ta’kidlanadi. Maqolada Munavvar Qori, Qayg‘usiz Otaboev, Turar Risqulov, Fayzulla Xo‘jaev va boshqalarning hayotiga oid ayrim chizgilar berilgan. Matnga suratlar ilova qilingan. R.T. Shamsutdinov, R.R. Shamsutdinov va N. Akbarovalarning “Jadid, siyosiy arbob Nizomiddin Xo‘jaev – qatag‘on qurboni” maqolasi ham mavzuning uzviy davomi bo‘lib, 1919-20 yillarda Farg‘ona viloyati sobiq inqilobiy vo‘mitasi raisi, Turkiston ASSR MIQ raisi o‘rinbosari darajasigacha ko‘tarilgan yana bir vatandoshimizning keng qamrovli, yurtparvar faoliyati haqida batafsil mulohazalar yuritiladi.
Mualliflar pirovardida Nizomiddin Xo‘jaev hayot va faoliyatigna oid muzey tashkil qilish taklifini bildiradilar ha, albatta, ezgu ishlar tashabbuslardan boshlanadi va ular yorug‘ manzillarga yo‘l ochadi.
Ilmiy xodim Azizbek Hakimovning “BXSR prokuratura xodimi Musixo‘ja Hakimov – qatag‘on qurboni” risolasi atigi 40 yilgina umr kechirgan va biroq, shu qisqa davr ichida o‘zidan yaxshi ot qoldira olgan Musixo‘ja Hakimov boshiga tushgan turfa ko‘rguliklardang so‘z ochadi.
Ushbu sondagi “Jadid Sa’dulla Tursunxo‘jaev hayotidan kichik bir lavha” (R. Shamsutdinov), “Jadid Abduqodir Qushbegievning hayoti, fojiali taqdiri” (R. Shamsutdinov va boshqalar), “Turkiston, Xorazm va Buxoro tarixiga oid muhim manba” (R. Shamsutdinov va boshqalar), “Andijon oblasti evakuatsiya jarayonida” (Barno Botirova) kabi maqolalar ham jurnal mazmun-mundarijasini boyitgan. Ular yuqorida biz zikr etgan qaror talablari asosida yuzaga kelgan. Ushbu maqolalarda keltirilgan faktlar, suratlar, tarixiy hujjatlardan ko‘chirmalar o‘quvchini bee’tibor qoldirmaydi.
Tarix fanlari nomzodi M. Nazirxo‘jaev esa, 1945-50 yillarda O‘zbekistonda bo‘lgan yapon harbiy asirlari taqdiri haqida tadqiqot qilgan.
Dilfuzaxon Mavlyanovaning “Go‘zallikka oshno qalb” maqolasi O‘zbekiston xalq rassomi, atoqli hamyurtimiz, tavalludiga 85 yil to‘lgan Nizomiddin Holiqov haqida hikoya qiladi. Katta iste’dod sohibi, rang-tasvir ustasi Nizomiddin Holiqov poytaxt va Andijonda ijod qilib, omadga erishdi va o‘z asarlarini tarix sahifalariga muhrladi. Shuningdek, rassom inson sifatida ham jonkuyar, barchaga birdek mehribon va samimiy zot edilar. Yodnoma-maqola atoqli rassomning siz va bilgan-bilmagan qirralarini anglashimizga ko‘maklashadi.
Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti professori, zabardast muarrix, ko‘plab yoshlarning jonkuyar murabbiysi va ustozi, tariximizdagi turli kechmishlarning xolis kashshofi, ezgulik jarchisi Rustambek Shamsutdinov muborak 85 yoshini qarshiladi.
“Zabardast muarrix” risolasida ana shu zahmatkash olimning serqirra va ibratli faoliyati, hayoti, yillar davomida amalga oshirib kelayotgan xayrli ishlari va erishgan yutuqlari haqida so‘z boradi. Ulug‘ yoshlarida ham barchaga ibrat bo‘lib, hormay-tolmay katta-katta ishlarni amalga oshirayotgan, jild-jild kitoblarni nashrga tayyorlayotgan, hali dildagi rejalari ulkan bu olimning qutlug‘ umr to‘yi borasida ko‘plab maqolalar yozlishi shubhasiz, va, bu maqola o‘sha dilnomalarning debochalaridan, deyish mumkin, albatta.
“Vodiynoma” jurnalining yangi sonlarini o‘qib, tarixga doir bilimlaringizni boyiting!
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@adu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI