Andijon Davlat
Universiteti
“Vodiynoma” jurnali, 2024-yil, 2 (35) son
2025-06-30    31

TARIXCHILARGA CHEKSIZ ILHOM VA KUCH HADYA ETGAN QAROR, BIRI – 180 DA, BIRI – 75 DA, “IXTIRO”LARI UCHUN OLIY JAZO OLGANLAR, OSMON BALOLARI, AKADEMIKNING “AYBDOR” AKASI, KELAJAK QAYG‘USI YELKADA...

Bularning barchasi “Vodiynoma” (Tarixiy meros) jurnalining 2024 yildagi 2-35 sonida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish” nomli qarori tarixchilarning, tadqiqotchilarning qalbiga malham bo‘ldi, ularga kuch va cheksiz ilhom hadya etib, soha istiqbolini belgnilab beruvchi muhim omil bo‘ldi. Jurnal ushbu qarorning to‘la matni bilan ochiladi.

Otabek Abduraupovning “O‘zbekiston qirg‘izlariga oid tarixiy-etnografik ma’lumotlar” maqolasida ikki birodar va qo‘shni el an’analari, O‘zbekistonda yashab kelayotgan qirg‘izlar, ularning tarixiy manbalarda aks etirilishi kabilar haqida so‘z boradi.

Muxtorjon Xudoyorov, Jasurbek Iminov va Azizbek Mahkamovlarning maqolasida esa, O‘sh davlat universitetida bo‘lib o‘tgan qirg‘iz xalqi tarixiga oid xalqaro anjuman haqida so‘z yuritiladi.

Professor Akramjon Yuldashevning “Ta’lim bor joyda tarbiya bo‘lishi shart” maqolasi “Xalq so‘zi” gazetasidan olib bosilgan bo‘lib, unda tajribali pedagogning sharqona ta’lim-tarbiyaga oid fikrlari o‘z ifodasini topgan.

Rustambek Shamsutdinov, Azizbek Mahkamov, Nigoraxon Akbarovalarning “Andijonlik jadidlar – qatag‘on qurbonlari”, R. T. Shamsutdinovning ““Katta terror”da qatag‘on qilingan milliy rahbar xodimlar”, ushbu muallifning Nigora Akbarova bilan hamkorlikda bitilgan “Jadid Abdurahmon Abdullaxonov – qatag‘on qurboni”, “Muhammad Odiliy”, “Xodiev (Botu) Mahmud Maqsudovich” kabi rang-barang materiallar, “Darxon” gazetasining 1923 yil, 10 avgust 13-sonidan havolalar, doktorant Azizbek Mahkamovning “O‘zbekiston fuqarolik aviatsiyasi vujudga kelishi tarixidan”, Qo‘qon universiteti Andijon filiali xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, iste’dodli muarrix, doktorant Ravshanbek Shamsutdinovning rus tilidagi chiqishi kabilar ham jurnalning mazmun-mohiyatini boyitgan va aytish mumkinki, yuqoridagilarning barchasi, deyarli bir g‘oya ostida birlashadi. ostida birlashadi.

Rustambek Shamsutdinovning “Fayzulla Sultonov – “Katta terror” qurboni” nomli maqolasida, akademik, taniqli adabiyotshunos olim Izzat Otaxonovich Sultonovning tug‘ishgan akasi, atigi 34 yil umr ko‘rgan Fayzulla Sultonovning fojiali taqdiri, uning boshiga yog‘ilgan tuhmat-malomatlar haqida fikr yuritilgan. Katta niyatlar bilan hayot yo‘liga chiqqan, Andijonda ta’lim sohasida rahbarlik lavozimida ishlagan, ammo, hamkasblari chaquvi ortidan boshiga qora kunlar tushgan Fayzulla Sultonov o‘zining aybsizligi haqida yuqoriga murojaat yo‘llasa-da, bu murojaatni hech kim e’tiborga omlaydi. Natijada, u farzandlarini yetim qoldirib, o‘z joniga qasd qiladi. Tariximizda bu kabi aybsiz “aybdor” bo‘lganlar oz emas. Shukurki, bugungi Yangi O‘zbekiston sharoitida haqiqat o‘z joyiga qo‘yilmoqda. Jurnal avvalida keltirilgan Prezident qarori ham bu borada muhim qadam bo‘ldi, deyish o‘rinli bo‘ladi.

Jurnalning ushbu sonidan shuningdek, “Bahodir Jo‘raevich Eshov 60 yoshda” maqolasi, Faridaxon Hoshimovaning “Jadidlar” nomli she’ri va boshqa bir necha ilmiy maqolalar, yangi chop etilgan tarixiy kitobga taqriz ham e’lon qilingan. Bularning bari sizni befarq qoldirmaydi.

 “Vodiynoma” jurnalining yangi sonlarini o‘qib, tarixga doir bilimlaringizni boyiting!


MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@adu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2025. Barcha huquqlar himoyalangan.