
Universiteti

LOQAYDLIK – JAMIYAT KUSHANDASI. QATAG‘ONGA UCHRAGAN PROKURORLAR. QORAQALPOQLARGA HAM OSON BO‘LMAGAN. GULBARGDAGI OMONAT SHABNAMLAR – ZAMON ZULMI TIG‘I OSTIDA
Bularning barchasi “Vodiynoma” (Tarixiy meros) jurnalining 2024 yildagi ilk soni – 1-34da
Jurnal muqovasi ustida 2024 yilning 27 martida Toshkent shahridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida “XX asr jadid adabiyoti: vujudga kelishi, yo‘nalishi, namoyandalari, ahamiyati” mavzusida o‘tkazilgan respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumani axboroti va mashvarat jarayonidan olingan suratlar o‘z aksini topgan.
Jurnalning ilk sahifalari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matulla To‘lqinovich Yo‘ldoshevning “Loqaydlik – jamiyat kushandasi” risolasi bilan ochiladi. Unda Bosh prokuratura va Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ishchi guruhi bilan hamkorlikda o‘tgan asr 20-yillarida nohaq qatag‘on qilingan prokuratura sohasi vakillarining ayanchli taqdiriga oid ma’lumotlar yig‘ilib, bir joyga jamlangani, natijada, tariximizning mutlaqo yangi, ochilmagan sahifalari ko‘zga tashlangani va bu jarayonlarda qo‘lga kiritilgan, kiritilayotgan yutuqlar haqida so‘z yuritiladi. Mukomil Burhonov, Ahmadbek Mavlonbekov, Buxoro xalq sovet respublikasining prokurori Abdurahim Yusufzodalarning umr yo‘llari, ayanchli taqdirlariga oid ma’lumotlar ilmiy iste’molga joriy etildi.
Muallif, maqolasida, shuningdek, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan, Yangi O‘zbekistonda ta’lim sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar ko‘lami yildan-yilga ortib borayotgani, xususan, sohaga 2024 yilda budjetdan 52 trillion 777 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilganligini, bu esa, o‘z samarasini albatta, berajagini ta’kilaydi. Chindan ham, mamlakatimizda ustoz-murabbiylarga bo‘lgan e’tibor yildan-yilga ortib borayotir. Zamonaviy maktablar, ulardagi ta’lim sifati va uni jahon umume’tirofidagi standartlarga moslashtirish borasida qator ijobiy ishlar olib borilmoqda.
Bosh prokuror o‘z maqolasida, shuningdek, ba’zi bir misollar vositasida, qonundan tashqari chiqqan shaxslar, tadbirkorlarning faoliyatlari, alal-oqibat javobgarlikka olib kelgan o‘zboshimchaliklar xususida, shu bilan birga, bevosita Bosh prokuratura aralashuvi bilan yuzaga chiqqan ezgu ishlar haqida ham atroflicha to‘xtalib o‘tgan.
Bosh prokuratura Kadrlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi (2025 yil, 13 yanvar) Oybek Sultonboevich Sultonovning “Qatag‘on qurboni bo‘lgan prokurorlarning xotirasi abadiy” nomli risolasida Qatag‘onga uchragan prokuratura tizimi xodimlari xotirasini abadiylashtirish yuzasidan qabul qilingan Bosh prokurorning 40-F sonli farmoyishi va uni bajarish borasidja amalga oshirilayotgan ishlar xususida gap ketadi. Ushbu farmoyish asosida tuzilgan qat’iy tartibli “Yo‘l xaritasi” asosida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirildi. Keltirilishicha, Rossiya va O‘zbekiston arxivlarida saqlanayotgan 2 mingdan ziyod tarixiy hujjat o‘rganilgan, tadqiq qilingan, shu asnoda, 150 nafar, shundan 30 nafari otib tashlangan sobiq prokurorlarning iztirobli hayoti o‘rganilib, “Tarixiy xotira beqiyos” nomli kitobning birinchi jildi nashr qilingan. Biroq, shunga qaramay, hali oldinda qilinadigan ishlar ham talaygina. Muallif, kelgusida amalga oshirilishi belgilangan va dolzarb sanalgan vazifalar haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tgan.
Tarix fanlari doktori, professor, ko‘pqirrali tadqiqotchi, asl vatanparvar Rustambek Shamsutdinov ham qatag‘on qilingan prokurorlar xotirasini tiklash, ularning aziz nomlarini abadiylashtirishdek savobli, ayni choqda, katta mas’uliyattalab ishga allaqachon qo‘l urganlar. Buning tasdiqi sifatida, jurnalning ushbu sonida olimning shogirdi O‘ktambek Ubaydullaev bilan hammualliflikda yozgan “Qatag‘on qurboni prokuror Shamsi Badriddinov” maqolasini keltirish mumkin. Mualliflar ushbu maqolasida Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshevning yuqorida ta’kidlangan 40-F sonli farmoyishi nihoyatda katta ahamiyatga ega ekanligi, sababi, ushbu hujjat bevosita shu kungacha o‘rganilmay kelayotgan qatag‘on domiga tortilgan kuch ishlatar tizimlar vakillarining ayanchli taqdirini yuzaga chiqarish, shu orqali, sobiq tuzumning qatag‘on siyosati, uning mudhish asoratlarini dadil ochib tashlash, bu boradagi haqiqatlarni borligicha, “oqizmay-tomizmay” xalqimizga yetkazish va shu orqali, tarixiy adolatni to‘la yuzaga chiqarishda katta ahamiyat kasb etganligini ta’kidlaydilar.
Darhaqiqat, yuqoridagi farmoyish sabab, o‘rganilmagan qancha insonlarning taqdirlari oydinlashdi. Hali tarixda nomi zikr qilinmagan 100 chog‘li sud, prokuratura, ichki ishlar xodimlari, qadimiy qozikalonlar haqida ma’lumotlar to‘plash, ularni umumlashtirish va ommaga yetkazishdek sharafli vazifa kun tartibiga chiqdi.
Ushbu maqola nihoyatda keng qamrovli bo‘lib, unda Shamsi Ali o‘g‘li Badriddinovgina emas, uning safdoshlari, ularni tergov qilganlar, o‘tkazilgan sud majlislari va ularning pirovard xulosasi kabilar haqida mufassal so‘z yuritilgan. Mualliflar bironta faktni ko‘zdan qochirmagan, risola mavzuga oid qator suratlar bilan boyitilgan. Mualliflar sobiq mahkumning qizi Naila Badriddinova bilan suhbatlari asnosida Shamsi Badriddinovning hayotiga oydinlik kiritganlari, Shamsi Badriddinov surgundan so‘ng Andijonga qaytib kelib ishlagani, kasallikdan vafot etib, shahardagi Oqgo‘r qabristoniga dafn qilingani haqidagi ma’lumotlar bilan maqolaga yakun yasagan.
“Abdurahim Yusufzoda – Buxoro respublikasining Bosh prokurori” risolasi ham mavzuning uzviy davomi bo‘lib, unda, buxorolik adliya noziri, bir vaqtning o‘zida Bosh prokuror Abdurahim Yusufzodaning hayoti, sohani isloh qilishga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlari, qozi va sud’yalarni himoya qilishdagi jonbozliklari, yuksak madaniyatli arbob ekanligi, oqlanishi kabilar yoritilgan.
Umuman, ushbu sonda qatag‘onga uchragan prokurorlar mavzuusi yetakchilik qiladi, desa ham bo‘ladi. Professor R.T. Shamsutdinovning “Prokuror Bo‘taboy Dadaboev – qatag‘on qurboni” maqolasida chustlik prokurorning ayanchli taqdiri haqida so‘z boradi.
Yuqoridagi har uchchala material “Tarixiy xotira beqiyos” rukni ostida berilgan.
Jurnalning ushbu sonida, shuningdek, “Tarixiy xotira beqiyos” kitobi yuzasidan tashkil qilingan davra suhbati ham berilgan bo‘lib, suhbatda Rustambek Shamsudinov boshchiligidagi ADU tazilmasidagi qatag‘on qurbonlari muzeyi ilmiy xodimlari ishtirok etganlar.
Alisher Kudiyarov va Ansatbek Alimbetovlarning “Qoraqalpog‘istonda qatag‘on davri tarixining o‘rganilishi: yutuqlar, muammolar va yondashuvlar”, Meruert Ibragimovaning “Osobennosti i nauchnaya znachimost istorigrafii Temuridov”, Professor R.T. Shamsutdinov va Muxtorjon Xudoyorovlarning “Turkiston, Xorazm va Buxoro tarixiga oid muhim manba”, Kulgazira Baltaboeva va Nigora Akbarovalarning “Ilmiy hamkorlikning yorqin sahifalari”, Kulgazira Boltaboevaning “Pidaxmet Bobkin va uning avlodlari”, Professor R.T. Shamsutdinovning “Mahmudbek Musin: “Men aybdor emasman, erta tonda qaytaman”, “Akbar Boytursunovich O‘razaliev: davlat arbobi va diplomat”, ushbu muallifning Kulgazira Boltaboeva va Nigora Akbarovalar bilan hammualliflikdagi “Qatag‘on qurboni Qodir To‘raqulov”, yana ushbu muallifning Baxtiyor Alimov va Nigora Akbarovalar bilan birgalikda yozilgan “Hujjat va materiallar tilgan kirganda” (Sultonbek Xo‘janov haqida), Professor R.T. Shamsutdinov va Baxtiyor Alimovlarning “Inomjon Xidiralievning paxtachilikdagi faoliyatidan”, Professor R.T. Shamsutdinov va Nigora Akbarovalarning “Jadid Xo‘jaev Muhammadxon – qatag‘on qurboni” nomli maqolalari o‘quvchilarda katta taassurotlar qoldirishi tabiiy. Zero, ularning har birlarida, ertadan umidi so‘nmagan, butun hayoti va faoliyatini ona yurtiga baxshida qilgan, tanlagan sohalarida fidoyilik ko‘rsatgan, ammo, mustabid tuzum zug‘umi ostida nohaq qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning ayrimlari, ilmu fan, xususan, tarix sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar, andijonlik yetuk tarixchilarning qo‘shni viloyat va davlatlar tarixchilari bilan ilmiy-ijodiy chorqirra aloqalari haqida so‘z yuritiladi. O‘ylaymizki, sevimli jurnalingizning 2024 yil to‘ng‘ich sonidan ham katta taassurotlar olasiz, u sizning ajralmas ma’naviy hamrohingnizga aylanadi. Qolaversa, kimlarning avlodi ekaningizni, bugungi kunlarga yetib kelish bobolarimizga oson kechmaganligini yodingnizga solib turadi.
Shuning uchun, jurnaldan uzoqlashmang va uni kuzatishda davom eting!
“Vodiynoma” jurnalining yangi sonlarini o‘qib, tarixga doir bilimlaringizni boyiting!
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@adu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI