Andijon Davlat
Universiteti
AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR TAHLIL QILINIB, YANGI VAZIFALAR BELGILAB OLINDI
2025-06-17    59

Kecha 17-iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi, joylardagi ishlarning borishi hamda aholini qiynayotgan masalalar yuzasidan tanqidiy-tahliliy ruxda videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Yig'ilish boshida joriy yilning besh oyidagi iqtisodiy-ijtimoiy ko'rsatkichlar tahlil qilindi. Joriy yil boshidan shu kunga nisbatan mamlakatimizda sanoat 6,4 foizga, eksport 18 foizga, xorijiy investisiyalar 46 foizga oshganligi qayd etildi. Shuningdek, qiymati 3 milliard dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi, 2 million 400 ming odam daromadli bo'ldi.
Yig'ilishda Prezidentimiz tomonidan tinchlik, adolat va inson qadrini ulug'lashga bo'lgan ehtiyoj har qachongidan ham oshib borayotganligi alohida ta'kidlandi. Shu bois har bir hokim hududidagi, vazirlar esa tarmog'idagi imkoniyat va xavflarni oldindan ko'ra bilib, proaktiv, ya'ni topshiriq kutmasdan, o'zi tashabbus ko'rsatib ishlashga o'tishi shart ekanligi ham aytildi.
- Eng muhimi, aholi va biznes bilan muloqotni yanada kuchaytirib, ular so'rayotgan masalalarni tez-tez hal qilib berish bu rahbarlarning asosiy vazifasi bo'lishi zarur”, - dedi davlatimiz rahbari.

Hukumatdagi mas'ullar, vazirlar tartib-intizomga vaqtida e'tibor bermagani uchun islohotlar ijrosi cho'zilib ketayotgani tanqid qilindi. Shu bois yig'ilishda ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash bo'yicha yangi tizim yo'lga qo'yilishi belgilandi.
Shuningdek, Energetika vazirligi va agentlikka vazirlik, hokimlik va davlat korxonalarining oylik iste'moli 500 kilovatt soatdan yuqori bo'lgan xodimlari ro'yxatini shakllantirishi hamda ushbu xodimlarga energiya samarador texnologiyalarga o'tish uchun “yashil ta'mir” krediti yoki subsidiya olishga ko'maklash ta'kidlanib, yil yakunigacha iste'moli yuqori bo'lgan kamida 100 ming xonadon energiya samarador tizimga o'tishi zarurligi ko'rsatib o'tildi.
Yig'ilishda Prezident Administrasiyasining Nazorat inspeksiyasi faoliyati tanqidiy ko'rib chiqildi. "Nazorat inspeksiyasiga nima uchun shuncha vakolat berilgan? Vazirlarga yaxshi ko'rinish uchun, ular nimani bersa, shuni ko'tarib kelmasdan, masalalarni o'rganib, aybdorlarni jazolash bo'yicha nega taklif kiritmaydi?", - dedi davlatimiz rahbari.

Faoliyatidagi kamchilik va muammolarni hisobga olib, Prezident Administrasiyasining Nazorat inspeksiyasini bugunning o'zida tugatishga qaror qilindi.
Shu bois ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash bo'yicha mutlaqo yangi tizim yaratilishi belgilandi. Bundan buyon ijro intizomiga Hisob palatasi mas'ul bo'ladi hamda uning vakolatlari kengaytiriladi. Endilikda Hisob palatasi qarorlar bilan berilgan mablag'larni faqatgina to'g'ri sarflanishini emas, balki nima samara berganini, aholi bundan qanchalik rozi bo'lganini ham o'rganadi.
Palata raisi har bir qaror ijrosi natijadorligini tahlil qilib, zaif nuqtalar, “aravasini tortmayotgan” rahbarlar va ishlamayotgan tizimlar bo'yicha o'z taklifini har oyda Prezidentga kiritadi.
“Xalq qabulxonalari tizimi ham aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o'rniga murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi “dispetcher”ga aylanib qoldi”, - deb davlatimiz rahbari tomonidan tanqid ostiga olindi. Murojaatlar hal bo'lmagani uchun, ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar ko'paygani, ijtimoiy tarmoqlardagi eng ko'p murojaatlar huquq-tartibot idoralari va sud, hokimliklar, ta'lim, ekologiya sohalariga to'g'ri kelayotgani aytildi. Tizimdagi kamchiliklar hisobga olinib, Xalq qabulxonalarining barcha xodimlari bugundan ishdan bo'shatilishi va masalani hal qila oladigan fidoyi kadrlar bilan to'ldirilishi qayd etildi. Endilikda Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o'zi rahbarlik qilishi, hokimlar har kuni ishini shu yerda aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlashi belgilandi.
Shuningdek yig'ilishda aholining yana bir e'tirozi – yo'llardagi kameralar dislokasiyasi ham alohida tilga olindi. Ular faqat qoidabuzarlikni qayd etib, jarima yozish uchun ishlayotgani, kameralar aslida transport oqimini boshqarishi, tirbandlik va avariyani kamaytirishga xizmat qilishi kerakligi ta'kidlandi. Chorraha, chiziq va yo'l belgilarini to'g'rilash, svetoforlarni “aqlli” boshqaruvga o'tkazish bo'yicha ishlar sustligi tanqid qilindi.

Talantbek Madumarov
Yoshlar masalalari va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektor
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@adu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
SITEMAP    © Andijon davlat universiteti, 2004-2025. Barcha huquqlar himoyalangan.