Ajdodlarimizning asrlar davomida to‘plagan hayotiy tajribalari, diniy, huquqiy va siyosiy qarashlari mujassam bo‘lgan qo‘lyozmalarni o‘rganishga hozirgi kunda juda katta e’tibor qaratilmoqda. O‘tmishda o‘tgan buyuk allomalar va hukmdorlarning ijodi hamda faoliyati mavjud hukmron tuzum qarashlardan kelib chiqib baholanar edi.
Jahon tarixining ijtimoiy-siyosiy, ilmiy sohalarida salmoqli o‘rin tutgan buyuk vatandoshlarimizdan biri Zahiriddin Muhammad Boburdir. Boburning boy merosini o‘rganishda uning ko‘p qirrali faoliyat olib borgan davlat arbobi va mutafakkir ekanligiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Bobur asarlarida adabiyot, san’at, geografiya, tarix, musiqa, o‘lkashunoslik, etnografiya, mineralogiya kabi o‘nlab fan yo‘nalishlari bilan bir qatorda, siyosat va huquq fanlariga oid g‘oyalarning ham salmoqli o‘rni borligini ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, Boburning Hindistondek turli xil millatlar, dinlar va qadriyatlar uyg‘unlashib ketgan mamlakatni boshqarish bobidagi qarashlari, faoliyati, hozirgi kunda mamlakatimizda davlatchilikni shakllantirish va rivojlantirish jarayonida alohida tadqiq qilishga sazovor mavzudir. Shuning uchun ham Boburning bosh ilmiy-ma’naviy merosini, xususan, uning siyosiy-huquqiy qarashlarini milliy istiqlol mafkurasi talablaridan kelib chiqqan holda o‘rganish o‘zining ahamiyatini yo‘qotmaydi.
Zahiriddin Muhammad Bobur XVI asr boshlarida Hindistonda “Buyuk boburiylar saltanati”ga asos solgan hukmdor bo‘lishi bilan birga, o‘zidan so‘ng boy huquqiy meros qoldirgan fiqhshunos hamdir.
Boburning ilmiy-ma’naviy merosi orasida, ayniqsa, uning qomusiy asari — “Boburnoma” katta ahamiyatga egadir. Unda Boburning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va jo‘g‘rofiy qarashlari ifodalangan.
Bobur butun umri davomida o‘z faoliyatini, davlat boshqaruvini shariat qonunlariga asoslanib olib borgan va uning podshoh sifatida chiqargan ko‘plab farmonlari shariat me’yorlaridan kelib chiqib qabul qilingan va ularning huquqiy tabiatga mazmun-mohiyatida adolatparvarlik, insonparvarlik hamda vatanparvarlik, haq yo‘lida jaholatga qarshi kurashish, maqsad sari g‘ayrat-shijoat bilan intilish kabi g‘oyalar o‘z aksini topgan. Ma’lumki, shariat bu faqat zaruriy islom e’tiqodiy amallar va marosimlarning bajarilishi haqida ko‘rsatma va ahkomlar majmuasidan iborat bo‘lib qolmasdan, siyosiy-huquqiy va axloqiy qonun-qoidalar majmuasi hamdir. Shariat o‘rta asrlarda Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarda, shu jumladan, Bobur saltanatida ham ijtimoiy-siyosiy tuzumni barqarorlashtirishda eng asosiy omil bo‘lib xizmat qilgan.
Boburning huquqiy qarashlari shariatga asoslangan bo‘lib, unda shuni ko‘rish mumkinki, u shariat me’yorlarini odamlar o‘rtasida adolatli munosabatlar o‘rnatishning muhim vositasi deb bilgan. Uning fikricha, shariat ahkomlari – haqiqiy insoniy munosabatlarga erishish jamiyatda tartib o‘rnatish birovlarning boshqalarga nisbatan zulm qilmaslikka va boshqalar huquqini toptamaslikka, o‘zining mavqeini suiiste’mol qilib shaxsiy manfaatlari yo‘lida adolatsizlik va haqsizlik qilganlarni ayovsiz jazolashga chaqiradi. Boburning huquqiy qarashlaridan, ayniqsa, uning zakot ya’ni, soliqlar haqida qarashlari alohida o’rin tutadi.
Bobur insonparvarlik nuqtai-nazaridan kelib chiqib, shariatda man qilingan lekin o‘sha davrda Hindistonda amalda bo‘lgan “tamg‘a” solig‘ini bekor qiladi. Bobur Hindistonda yashovchi turli millat vakillariga bir xil munosabatda bo‘lib, ularni umid bilan bir saltanat ostida birlashishga, podshohning amri-irodasiga bo‘ysunishga chaqiradi.
Bobur buyuk sarkarda va davlat arbobi sifatida islom dini yo‘lida, Hindistonni johil va zolim hukmdorlardan ozod qilish uchun, ko‘zlangan maqsadi sari yuksak g‘ayrat hamda matonat bilan kurash olib boradi.
U mamlakatni birlashtirish yo‘lida asosiy g‘ov bo‘lib turgan va katta kuchga ega bo‘lgan hind rojalaridan birin – Rona Sanga ustidan Qanva yonidagi jangda (1527 yil) g‘alaba qozongach, podshohi g‘oziy farmoniga imzo chekadi.
Mazkur farmonda Bobur dushmanining kirdikorlarini ifodalash bilan birga, qozonilgan g‘alaba xususida, unga hissa qo‘shganlar to‘g‘risida hamda uning ahamiyati haqida so‘z yuritadi.
Yuqorida keltirib o‘tilgan fikrlardan ayon bo‘ladiki, Bobur farmonlari mazmunan va mohiyatan adolatparvarlik, ezgulik va insonparvarlik, vatanpaarvarlik hamda islom dini g‘oyalari bilan sug‘orilgan.
Boburning huquqiy va diniy qarashlari umrining so‘nggi yillarida ya’ni, 1521-yilda o‘g‘illari Xumoyun Mirzo va Kamron Mirzolarga atab yozgan “Mubayyin” asarida ham o‘z ifodasini topgan. Bu asar ko‘proq islom dini asoslarini bayon qilishga bag‘ishlangan bo‘lib, musulmonchilikdagi besh farz, ya’ni Allohga imon keltirish, namoz, zakot, ro‘za, haj ruknlarini o‘z ichiga olgan besh tarkibiy qismdan iborat:
E’tiqodiyya – iymon masalalariga bag‘ishlangan, Kitob us-salot – namoz kitobi, Kitob uz-zakot – zakot kitobi, Kitob us-savm – ro‘za kitobi, Kitob ul-haj – haj kitoblari bo‘lib, ularda masnaviy janrida diniy masalalar bo‘yicha olimlarga xos bayon uslubi orqali chuqur bilimdonlik va ravon til bilan tushuntirib beriladi.
Boburning “Mubayyin” asari boburiylar saltanatining soliq siyosati haqidagi eng qimmatli manbadir. Uning bu asarida qo‘ygan asosiy vazifalaridan biri islom huquqshunosligini davlat boshqarish masalalariga tatbiq qilishdir. Bobur soliq siyosatining, soliqlarning maqbul mezoni-daromadni, xazinani nazorat qilishning, mamlakat iqtisodiy qudratini oshirishning eng muhim vositasi ekanligini juda yaxshi anglagan. Shuning uchun ham soliqni islomning beshta farzidan biri bo‘lgan zakot bobida bayon qilib, soliq tizimiga shar’iy tus beradi.
Boburning ilm-ma’rifat va odob-axloq haqidagi g‘oyalari
Bobur o‘z ma’rifiy-madaniy, ijtimoiy faoliyatida ilmli kishi (ustoz), ilmni o‘rganish uchun ilm talabgori bo‘lish g‘oyasini oldinga surdi.
Bobur deydi:
Kim yor anga ilm tolibi ilm kerak,
O‘rgangali ilm tolibi ilm kerak.
Men tolibi ilm tolibi ilm yo‘q,
Men borman ilm tolibi,ilm kerak.
Bobur ilmli bo‘lishni istaganlarni ilmni zo‘r havas, ishtiyoq bilan egallashga da’vat etdi. Bobur axloq-odob haqidagi qarashlariga yaxshilik, vafodorlikni eng go‘zal fazilat sifatida ulug‘laydi, yomonlikni jafo keltiruvchi illat sifatida qaradi:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,
Har kimki jafo qilsa jafo topqusidur.
Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlig‘ hargiz
Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidur.
Bobur odamlarni elga yaxshilik qilib, o‘zidan yaxshi nom qoldirishga chorlaydi:
Bori elga yaxshilik qilgilki, mundin yaxshi yo‘q.
Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshi yo‘q,.
Bobur yaxshi xulqlikni, kishilarga yaxshilik qilishni insonni oliyjanobligini hisoblaydi. Bobur mehnat ahlini qadrladi va davlat ahlini tasvirida “mehnat elini” unutmaslikka da’vat etdi.
Davlatga yetib mehnat elin unutma,
Bu besh kun uchun o‘zingni asru tutma,
deydi Bobur. Boburning bu insonparvarlik qarashlari “Boburnoma” asarida dehqon xo‘jaliklarida ishlayotgan qullar, asrlarning achinarli ahvoli tasvirida ham o‘z ifodasini topgan.
Bobur vatanparvarlik haqida.
Boburning ma’naviy-ma’rifiy qarashlarida Vatan tuyg‘usi salmoqli o‘rinda turadi. Bobur Afg‘oniston va Hindistonda davlatni boshqarib turgan holda,umrining oxiriga qadar kindik qoni to‘kilgan yurtni unutmadi.U o‘z ona diyorini haddan ziyod sevadi, Vatanidan judoligidan g‘am-alam chekadi. U tug‘ilib o‘sgan yurtini qoldirib ketishni “xatolik”, “yuz qarolik” deb biladi, o‘zini o‘z yurtidan judo bo‘lgan g‘arib his qiladi.
Zahriddin Muhammad Boburning ilm-ma’rifat haqidagi g‘oyalari, odob- axloq, yaxshilik, vafo, insonni xalqqa yaxshilik qiladigan qilib tarbiyalash, mehnat ahlini qadrlash, insonparvarlik, Vatandan judolik, g‘am, alam ekanligi, adolat haqidagi qarashlari, axloqiy-ta’limiy fikrlari hozirgi davr yoshlar tarbiyasida ham g‘oyat ahamiyatlidir.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI