Andijon Davlat
Universiteti
JADID MA’RIFATCHILIGINING VUJUDGA KELISHI VA DAVLATCHILIK G’OYALARINI SHAKLLANISHI
2024-01-15    2310

 

Jadidchilik harakati vujudga kelishining tarixiy shart-sharoitlari XIX asr oxiri – XX asrning boshlarida Turkiston o’lkasi farzatlarini yuksak fazilatli insonlari etib tarbiyalash o’sha davr ma’rifatparvarlarining hayotiy va fuqarolik e’tiqodiga aylandi.

Bu orzu “Behbudiy va Avloniy, Hamza va Munavvarqori, Fitrat va Cho’lpon, Abdulla Qodiriy va Usmon Nosir kabi minglab jadid bobolarimizni uyg’otdi. Ularning xalq erkinligi va soadati yo’lidagi ezgu fikr, ezgu so’z va ezgu amallari uchun ulkan ma’naviy omil bo’ldi”[1].

Tarixdan shu narsa ma’lumki, har bir kichik harakat ertangi katta harakatning zamini vazifasini o’taydi. Bu kungi mag’lubiyat ertangi g’alabaning amalga oshuvida ozmi-ko’pmi rol o’ynaydi. Busiz jamiyat rivojini tasavvur etish qiyin[2].

XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonning rus mustamlakachilari tomonidan bosib olinishi natijasida, jadidchilik harakatining vujudga kelishiga sabab bo’ldi. Zero, jadidlar siyosiy faoliyatining negizi mustaqillik va ozodlik g’oyalari bilan sug’orilgan edi. Bu g’oyalar, avvalambor, XIX asrning 50-70-yillarida o’zbek xalqining Rossiya tajovuziga qarshi janglarida o’z ifodasini topgan edi. Ular rus davlatining Turkiston zaminida hukmronligi o’rnatilganidan keyin ham xalqning qalbida jo’sh urib turdi. Bu hamisha o’z xalqining dardida yashagan va uning ozodligi uchun jonini tikkan jadidlarning ongi hamda qalbini chulg’ab oldi. Chunki rus davlati mintaqada milliy davlat va qo’shinni tugatib, mustaqillikni barbod etdi. U o’zining manfaatlarini ta’minlaydigan siyosiy-ma’muriy tizimni tashkil etib, butun mintaqani yagona egasi bo’lib qoldi. Rus hukumati 1867-yilda Turkiston general-gubernatorligini tashkil etdi va K.P.Kaufmanni birinchi gubernator qilib tayinladi. U 1868-yil 1-yanvar kuni Toshkent shahrining nufuzli kishilari huzurida nutq so’zladi. U o’z so’zida rus davlatining Turkiston zaminiga bostirib kirishini, qonli urushlarni oqlash va xas-po’shlash uchun ko’p nayrangbozlik qildi[3]. Zero, u xonliklar davrida o’lkada adolatsizlik va zo’ravonlik hukm surib, xalq ommasi hamisha og’ir ahvol va azob-uqubatda yashaganligini ta’kidlab, rus davlatining Turkistonni bosib olish sababini go’yoki tub aholiga ozodlik va farovon hayot baxsh etish bilan izohlaydi. U o’lkada o’zi tuzgan mustabid siyosiy-ma’muriy tizimni maqtab shunday deydi: “Baxt-saodat keltiruvchi yangi tartib va qonunlarni, ulug’ imperatorning marhamatini anglashga tub aholining aql-idroki yetarlimikin..? Takror ogohlantiramanki, sizlarning taqdiringiz o’zlaringizni qo’llaringizda. Agar o’zlaringizni foydangizni o’ylab va bizning marhamatimizni his etib, rus hukumatiga xayrixohlik bilan munosabatda bo’lsangizlar baxtli hayotga erishasizlar, bordi-yu sizlar boshqacha ish yuritib hukumatga qarshi tursangiz, hokimiyat kuch ishlatishga o’tadi”[4].

Ko’rinib turibdiki, K.P.Kaufman xalqni rus hukumati atrofiga ongli ravishda jipslashishga da’vat etdi. Aks holda harbiy kuch ishlatishini bildirib, tahdid ham kiladi. U rus davlatini adolatli va insonparvar sifatida tasvirlashga imkoni boricha harakat qiladi, o’zini esa mana shunday “salohiyatli” davlatni Turkistondagi vakili sifatida gavdalantiradi. Ammo, ko’p o’tmay rus davlatining ham, shaxsan uning o’zining ham niqobi yirtilib, haqiqiy qiyofasi oshkor bo’ladi. Chunonchi, K.P. Kaufman bosqinchilik va talonchilik urushini davom etkazib, Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklarini vahshiylarcha bosib oldi. Shundan keyin, rus hukumati mintaqani Turkiston general-gubernatorligi, Buxoro va Xiva xonliklaridan iborat uch qismga parchalangan holda boshqardi. Chor ma’muriyati o’lkada cheklanmagan mustamlakachilik va ulug’ millatchilikka asoslangan siyosat olib bordi.

Rus davlati o’lkada o’ziga mustahkam tayanch hosil qilish va yerlarni o’zlashtirish maqsadida, rus shaharlari va posyolkalarini bunyod etdi. Bu joylarga minglab ruslar joylashtirildi. XIX asrning oxiriga kelib o’lkadagi ruslarning soni 197, 420 kishiga yetdi. 1909-yilda esa, ular 619, 320 kishini tashkil etdi[5]. Buning orqasida o’lkadagi o’troq va ko’chmanchi aholi unumdor yerlar va yaylovlarning talay qismidan mahrum bo’lib, og’ir ahvolga tushib qoldi. O’lkada ruslarning tobora ko’payib borishi siyosiy jihatdan ham tub aholiga o’ta xavfli edi. Zero, ular rus davlatining mustamlakachilik va ulug’ millatchilik siyosatini mustahkamlovchi omillardan biri bo’lgan. Demak, XIX asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Turkiston zaminida mustamlakachilik va ulug’ millatchilikka asoslangan siyosiy-ma’muriy tizim hukm surdi.

Turkiston zamini Rossiyadan keltirilgan tayyor sanoat mollari bilan to’ldirilib, rus hukumati va firmalari undan ham mo’may daromadlarni qo’lga kiritdilar. Umuman aytganda, rus davlati yarim asrlik vaqt ichida mahalliy xalqlarning boyliklarini imkoni boricha o’zlashtirishda hech narsadan toymadi.

“Ellik yildan beri,” — deb yozgan edi Fitrat: “ezildik, tahqir etildik. Qo’limiz bog’landi, tilimiz kesildi, og’zimiz boylandi, yerimiz bosildi, molimiz talandi, sharafimiz yemirildi, nomusimiz kasb qilindi. Insoniyligimiz oyoq osti qilindi. Tizimli turdik, sabr etdik. Kuchga tayangan har bir buyruqqa, butun borlig’imizni berdik”[6].

Xullas, Turkistonni Rossiyaning xomashyo manbayiga va tayyor mahsulotlar bozoriga aylantirilishi, ayovsiz talanishi va qashshoqlanishi jadidlarning ham, milliy burjuaziyaning ham nafratini uyg’otdi. Bu holat, ularda ona yurtning iqtisodiy mustaqilligini tiklash g’oyasi va kurashini shakllantirdi.

Shuningdek, mustamlakachilik siyosati o’lkaning ma’naviy hayotiga ham zarba berdi. Chunonchi, u milliy tilni rivojlanishiga yo’l bermay, rus tiliga davlat maqomini berdi. XX asr boshlarida bir nechta gazetalarni chiqarishga ruxsat berildi, lekin ular ko’p umr ko’rmay berkitib yuborildi. Savodsizlikni hukm surishi orqasida gazetalar ma’lum bir tor doiraning ehtiyojini qondirdi, xolos. Rus hukumati xalq maorifini rivojlantirishni xayoliga ham keltirmay, maktab va madrasalarni mablag’ bilan ta’minlamadi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, Turkiston general-gubernatorligi byudjetining faqat bir foizigina maorifga ajratilgan. Uning 74 foizi rus maktablarini, 26 foizi rus-tuzem maktablarini ta’mirlashga sarfladi. Rus hukumati maktab va madrasalarni o’rta asr qoloqligida saqlashga harakat qilib, ularni qattiq nazorat ostida ushlab turdi[7].

Buning sababi shundan iborat ediki, rus hukumati tub aholining savodini, bilimini va milliy his-tuyg’ularini o’sishidan juda cho’chigan. U iloji boricha o’lka xalqini asta-sekin ruslashtirishga qaratilgan siyosatni hayotga tatbiq etishga harakat qildi. 1870-yildayoq Rossiya xalq maorifi vazirligi maorifning maqsadi pirovardida barcha mahalliy aholini ruslashtirishdan iborat bo’lishi haqida qaror qabul qilgan. Shunga o’xshash fikrni N.O.Ostroumov ham aytgan: “Rus hukumati mahalliy aho lini rus xalqi bilan aralashtirishga harakat qilishi kerak. Shu yo’nalishda mahalliy aholining maorifini ma’lum darajada rivojlantirish lozim”[8].

Rus davlatining yarim asrdan ortiq hukmronligi davrida hukumat tomonidan mahalliy aholi uchun birorta zamonaviy milliy maktab, o’rta va oliy o’quv yurti ochilmadi. Natijada o’zbek va boshqa tub aholi vakillari qorong’ulikda va qoloqliqda, umuman ma’naviy qashshoqlikda hayot kechirdi. Bunda, yuqoridagi N.Ostroumovning “xizmati” katta bo’ldi. Shu bois ham jadid Mirmuhsin Shermuhamedov shunday yozgan edi: “Tabiiyki, Turkistonga maorif inspektori qilib belgilangach qart missioner Ostroumovning ta’siri ila bizda muntazam maktab, madrasa ochira olmas edi. Qart missioner bunga pichroq (iflos) bir qasd ila qarshi keladir edi. Zero, tajribali bir maktab va madrasada o’qib chiqqan shogirdlarda diniy, milliy his-tuyg’u bo’lar edi. Ular missionerning pichroq maslagiga xizmat etmasdilar. Endi revolyutsiyadan so’ng missionerlarning uyasiga tayoq tiqilib to’zdirilgach, qart missioner Ostroumov Turkistondan yo’qoldi. Turkiston 27 yillik shum ma’ulindan qutilganidan keyingina sulu oldi”[9].

Haqiqatan ham, Ostroumov ko’p yillar mobaynida ulug’ millatchilik siyosatining ilhomchilaridan va ijrochilaridan biri edi.

Rus ma’muriyati va ziyolilari orasida agar maktab va madrasalarni faoliyatiga imkon yaratilsa, “g’aflatda yotgan musulmonlarni uyg’onishi” va “nonimiz yarimta” bo’lishi mumkin, degan xavotirlanish yo’q emas edi.

Ko’rilayotgan davrda ma’naviy hayotning negizi bo’lmishdin dahlsizligi saqlangan bo’lsada, lekin din peshvolarini jamiyatdagi mavqeiga qattiq zarba berilib, kattik ta’qib ostiga olindi. Vaqf yerlarining qisqartirilishi va ularning rus ma’muriyati nazoratiga olinishi ham dinning iqtisodiy zaminini zaiflashtirdi. Dinpeshvolarining har bir  “nojo’ya” harakati panislomizm va panturkizm sifatida qoralandi.Mustamlakachilar xalqning ma’naviy hayotini tarixiy yodgorliklarni xarobaga aylantirish bilan ham qashshoqlashtirdi.

Bundan ko’rinib turibdiki, rus imperiyasining  tub aholini savodli bo’lishiga, siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy yuksalishiga to’sqinlik qilishga harakat qilganlar. Bosqinchilar o’zbeklarni jahon taraqqiyotidan chetda qoldirib, fan va madaniyatining o’sishiga katta to’sqinlik qildi. Bunday millatning bu kunigina emas, balki kelajagini ham barbod etuvchi milliy zulm, jadidlarning ma’naviy kurashining asosini shakllantirdi.

Shuni yana alohida ta’kidlash kerakki, Turkiston general-gubernatorlari ulug’ imperiyachilik mustamlakachilikni eng yuqori nuqtasida bo’ldi. Zero, Turkiston o’lkasidagi rus general-gubernatorlarini asosiy maqsadlari ularning siyosiy faoliyati davomida faqat o’z manfaatlari yo’lida faoliyat yuritishini ko’rishimiz mumkin. Chunki Turkiston o’lkasiga yuborilgan rahbarlar maxsus topshiriq bilan yuborilgan edi.

Rus hukumati general-gubernator lavozimiga ulug’ millatchilik ruhi bilan sug’orilgan va qattiqqo’l kimsalarni tayinlagan. Ular o’lkada mustamlakachilik siyosati va milliy zulmni izchillik bilan amalga oshirib boyliklarni talashda muhim o’rin egalladilar. Natijada xalqning g’azabini, nafratini keltirib chiqardilar, bu hol esa milliy ozodlik  harakatlarini avj olishiga sabab bo’ldi. Jadidlarni milliy ozodlik kurashishga bu kurashlarning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy maqsadlari Vatan va millat ozodligi yo’lidagi harakatlarga asos bo’ldi.

 XIX asrning 80-90-yillariga kelib milliy ozodlik yo’lidagi harakatlar siyosiy tus ola boshladi. O’zaro savdo-sotiqning rivojlanishi O’rta Osiyo mintaqalarida yashovchi madaniy jihatdan orqada qolgan xalqlarning ham ko’zini ocha bordi. Bu xalqlar jahon taraqqiyotiga yaqin bo’lgan Ovrupo xalqlari, xususan, ruslardan ibratli tomonlarni o’rgana boshladi, Chor amaldorlarining, hatto “o’zbek xalq”lari ichiga ko’chirib keltirilgan rus mujiklarining yerlik aholiga nisbatan o’tkazgan zulmi chegaradan chiqdi. Xalqning sabr kosasi to’ldi. Natijada, bosqinchilar zulmiga qarshi qo’zg’olonlar alangasi tobora kuchaya boshladi. Bu jihatdan olganda, 1897-yilda boshlangan Mingtepa isyoni diqqatga molikdir. “Dukchi eshon qo’zg’oloni” nomi bilan tarixga kirgan bu harakat sho’rolar davrida ham uzoq vaqt haqqoniy baholanmay kelindi. Unga ortiqcha diniy bo’yoqlar berilib, qo’zg’olonga sabab bo’lgan masalalar yoritilmadi. Toki XX asrniig 90-yillariga kelib, oshkoralik tufayli tarixning ataylab o’qilmay kelingan, yoki bo’lmasa, noto’g’ri talqin etilgan o’rinlari qayta ko’rib chiqila boshlandi. Shu jumladan, Muhammadali Ismoil o’g’li boshchiligidagi Mingtepa qo’zg’oloni qavatlarida milliy ozodlik harakatlari bor bo’lganligi ilmiy jihatdan isbotlandi va tarix sahifalariga kiritildi.

 

Adabiyotlar ro‘yxati

  1. Mirziyoev Sh.M. Yangi O‘zbekiston strategiyasi. – Toshkent: O‘zbekiston, 2021. – B 18.
  2. To‘lak. XX asr o‘zbek adabiyoti .“Andijon”, 1993. – B. 4.
  3. Jadidchilik:isloxot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash. – Toshkent: “Universitet”, 1999. – B. 9.
  4. Jadidchilik:isloxot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash. – Toshkent: “Universitet”, 1999. – B. 10.
  5. Jadidchilik:isloxot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash. – Toshkent: “Universitet, 1999. – B.13.
  6. “Sharq yulduzi”, 1992, № 10 - son.
  7. Jadidchilik:isloxot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash. – Toshkent: “Universitet”, 1999. – B. 17.
  8. Jadidchilik:isloxot,yangilanish,mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash. – Toshkent: “Universitet”, 1999. – B.18.

 

[1] Мирзиёев Ш.М. Янги Ўзбекистон стратегияси. – Тошкент: Ўзбекистон, 2021. – Б 18.

[2] И.Тўлак. XX аср ўзбек адабиёти .“Андижон”, 1993. – Б. 4.

[3] Жадидчилик:ислохот, янгиланиш, мустақиллик ва тараққиёт учун кураш. – Тошкент: “Университет”,
 1999. – Б. 9.

[4]Жадидчилик:ислохот, янгиланиш, мустақиллик ва тараққиёт учун кураш. – Тошкент: “Университет”,
 1999. – Б. 10.

[5]Жадидчилик:ислохот, янгиланиш, мустақиллик ва тараққиёт учун кураш. – Тошкент: “Университет,
 1999. – Б.13.

[6] “Шарқ юлдузи”, 1992, № 10 - сон.

[7] Жадидчилик:ислохот, янгиланиш, мустақиллик ва тараққиёт учун кураш. – Тошкент: “Университет”,
1999. – Б. 17.

[8] Жадидчилик:ислохот,янгиланиш,мустақиллик ва тараққиёт учун кураш. – Тошкент: “Университет”,
1999. – Б.18.

[9] Ўша манба.

MADUMAROV TALANTBEK TOLIBJONOVICH
IJTIMOIY IQTISODIYOT FAKULTETI DEKANI, YURIDIK FANLAR DOKTORI, PROFESSOR
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.