Andijon Davlat
Universiteti
UNIVERSITETIMIZ OLIMI OKSFORDDA MA'RUZA O'QIDI
2023-06-13    874

Tarix fakulteti dekani, O‘zbekiston tarixi kafedrasi dotsenti Ravshanbek Shamsitdinov Oksford universiteti (jahon universitetlari reytingida: THE bo‘yicha – 1 o‘rinda, QS bo‘yicha – 4 o‘rinda) taklifiga binoan joriy yilning 28-mayidan 6-iyuniga qadar xizmat safari bilan Buyuk Britaniyada bo‘lib qaytdi.

Safar davomida u universitetimiz bilan Oksford va Kembridj universitetlari o‘rtasida xalqaro hamkorlik doirasida ilmiy-akademik aloqalarni o‘rnatish, rivojlantirish borasida uchrashuvlar, muzokaralar olib bordi va ijobiy natijalarga erishdi. 

Oksford universitetining dunyoga mashhur, kitoblar va qo‘l yozmalarga juda boy bo‘lgan (13 milliondan ortiq) 1602 yildan buyon uzluksiz ravishda faoliyat ko‘rsatayotgan Bodleyn kutubxonasiga universitetimiz professori  R.T.Shamsutdinovning O‘zbekiston tarixiga doir bir qator kitoblari, “Vodiynoma” jurnalining 25 ta soni va universitetimiz haqidagi albom-kitob xayriya tarzida topshirildi. 

Oksford universiteti New College Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari fakultetining Nizomiy Ganjaviy nomidagi Markazida O‘rta Osiyo tarixiga bag‘ishlangan an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan 6-seminari maxsus universitetimiz dotsenti Ravshanbek Shamsitdinovning «Sovet O‘zbekistonida Katta qirg‘in: mexanizmlari, uslublari va vositalari» mavzusidagi ma’ruzasiga bag‘ishlandi. O‘zbekistonlik olimning ma’ruzasiga Oksford universiteti ilmiy jamoasining qiziqishi katta bo‘ldi. Jumladan, tadbirda Oksford universitetining New College professori Alexander Morrison, Wadham College professori Edmund Herzig, St. Antony’s College professori Zbigniew Wojnowski, University of East Anglia professori Thomas Otte, University of Liverpool doktori Beatrici Penati va New Collegening bir qator dotsentlari, doktorantlari, magistrlari va talabalari hamda u yerda ilmiy stajirovkada bo‘lgan Turkiya, Rossiya, Ozorbayjon, Gruziya va O‘zbekistonlik dotsent va doktorantlar ham qatnashdilar.  

Dunyoning nufuzli universitetlari olimlarining, seminar qatnashchilarining vatanimizning ko‘hna va boy tarixi bo‘yicha chuqur bilimlarga ega ekanligi hamda unga bo‘lgan katta e’tiborlari ular tomonidan ma’ruzachiga berilgan ko‘plab savollarda ham namoyon bo‘ldi. Tadbir qatnashchilari ma’ruzadan va javoblardan diyorimiz tarixining sovet davriga oid ko‘plab yangi ma’lumotlar olganligini e’tirof etib, Andijon davlat universiteti dotsenti R.Shamsitdinovga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishdi.  

 

Andijon davlat universiteti tarixida ilk bor amalga oshgan ushbu hodisa jamoamizda faxr tuyg‘ularini uyg‘otishi bilan birga universitetimizning rivojlangan mamlakatlarining nufuzli ilm dargohlari bilan ilmiy hamkorligini yanada rivojlantirishga, ta’lim sifatini yuqori saviyaga ko‘tarishga xizmat qiladi deb umid qilamiz.

Andijon davlat universiteti
Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.