Andijon Davlat
Universiteti
TA’LIM TIZIMIDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH - BUGUNGI KUNNING DOLZARB MASALASIDIR!
2021-08-16    16802

Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar doirasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Oliy ta’lim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishni tashkil etish belgilangan bo‘lib, BMTning Taraqqiyot dasturi ko‘magida xalqaro auditorlik kompaniya KPMG (Italiya) ekspertlari tomonidan 2020 yilning 11 mayidan e’tiboran korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens-nazorat” tizimini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining markaziy apparati hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tajriba tariqasida joriy etish ishlari boshlandi. Xalqaro ekspertlar tomonidan oliy ta’lim tizimida korrupsiya holati mavjud bo‘lishi ehtimoli bor bo‘lgan 7 ta turdagi yo‘nalishlar (korrupsiyaviy risklar kuzatilayotgani) belgilab berildi.

OTMlarda talabalar uchun korrupsiya holatlari bilan to‘qnashganligi bo‘yicha xabar qilish imkoniyatini beruvchi telegram kanali test rejimida faoliyati yo‘lga qo‘yildi. OTMlarda o‘quv jarayonlari, imtihonlar va qabul jarayonlarida AKT imkoniyatlari keng joriy etilmoqda.  

Korrupsiya illati va uning oqibatlaridan aholi, ayniqsa professor-o‘qituvchilar, talabalarning keng qatlamlarini xabardor qilish maqsadida huquqiy targ‘ibot materiallari, ma’ruza matnlari, slaydlar, infografikalar OTMlarda keng targ‘ib qilindi. Shuningdek, jamoat joylarida ta’lim muassasalari tomonidan “Korrupsiyaga qarshi birga kurashamiz”, “Korrupsiya ‒ jamiyatni yemiradi”, “Korrupsiya salbiy illat”, “Pora ‒ eng yomon chora” kabi shiorli bannerlar o‘rnatildi.

Korrupsiyaning ma’lum bir mamlakatda rivojlanishi esa o‘sha davlatning tanazzuliga olib keladi.

Korrupsiya bu – mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liqbo‘lgan jinoyat turi hisoblanadi. Korrupsiya faoliyati xufyona iqtisodiyotning asosiy turlaridan biridir. Aksariyat hollarda korrupsiya deganda davlat xizmatchilari tomonidan shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab, boylik orttirish maqsadida xalqdan pora olish, qonunga xilof pul daromadlarini qo‘lga kiritish tushuniladi. Ammo, umuman olganda, davlat amaldorlarigina emas, balki, davlat tashkilotida ishlamaydigan fuqarolar ham korrupsiyaga doir munosabatlarning ishtirokchilari bo‘lishi, pora pul emas, balki boshqa narsa evaziga ma’lum xizmatni amalga oshirishlari mumkin.

Etimologik jihatdan «korrupsiya» atamasi «buzish, pora evaziga og‘dirish» degan ma’noni anglatadigan lotincha «corruptio» so‘zidan kelib chiqqan. Yuridik ensiklopediya mualliflarining ta’kidlashicha, "korrupsiya – mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquqlar va hokimiyat imkoniyatlaridan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanishda ifodalanuvchi siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyatdir.

Darhaqiqat, korrupsiya – ildizlari davlat xizmatini tashkil etishdagi nuqsonlarga va davlat xizmatchilarining o‘ziga xos psixologiyasiga borib taqaladigan ijtimoiy hodisa. Bu korrupsiyaga qarshi avvalo ma’muriy-huquqiy va tashkiliy-boshqaruv chora-tadbirlari ko‘rilishi zarurligidan darak beradi.

Korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma’muriy munosabatlari ma’no-mohiyatini o‘zgartiradi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. "Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir.

Bugungi kunda respublikamizda jinoyatchilikning sabablarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda, fosh etilgan korrupsiyachilar qattiq jazolanmoqda. Mamlakat ichidagi jinoyatchilik doimo davlat tomonidan qattiqnazorat qilib boriladi. Jinoyatchilik keng avj olib ketishiga va korrupsiyachilar domiga ilingan amaldorlarning beboshligiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir qator uzoq muddatli chora-tadbirlar ishga solingan. Ular jinoyatchilikka qarshi kurash strategiyamizni belgilab beradi.

Jinoyatni jazolashdan ko‘ra, uni oldini olish singari profilaktik tadbirlarning yo‘lga qo‘yilishi qay darajada oqilonaligi allaqachon isbotlangan. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2-moddasida jinoyatlarning oldini olish jinoyat qonunining asosiy vazifalaridan biri sifatida bejiz belgilabqo‘yilmagan.

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash maqsadlariga faqat jinoyat-huquqiy vositalar bilan erishib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. O‘ylaymizki, bunday ma’naviy buzilish holatga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldirlar. Shunday ekan, davlat va jamiyat, shu bilan birga nodavlat notijorat tashkilotlari bunday illatni oldini olish va unga qarshi kurashda birgalikdagi harakatigina samarali natijalarga erishishning eng maqbul yo‘li bo‘lib hisoblanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurash dunyo miqyosida  bugungi kuning eng dolzarb masalalaridan bir bo‘lib qolmoqda. Bu illatga qarshi kurash dunyoning ko‘plab mamlakatlarini  qamrab olmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ham korrupsiyaga qarshi kurashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Xozirgi paytda respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida bir qator dasturlar qabul qilindi va ular bo‘yicha  keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurash doirasida Adliya vazirligi tomonidan ham bir qator chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, unda adliya tizimiga kiruvchi idoralar va muassasalar faol ishtirok  etib kelmoqda. Xususan, Adliya vazirligi huzuridagi yuristlar malakasini oshirish markazida ham korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha bir qator ishlar ishlar amalga oshirildi 2018-2019 o‘quv yilida yu.f.n., dotsent G.Alimovning «Yuridik shaxslarning korrupsion huquqbuzarliklari uchun javobgarligini tartibga soluvchi xalqaro standartlar tizimi» mavzusidagi monografiyasi tayyorlanib chop etildi, i.f.d., professor B.Isroilov (mualliflar jamoasi) tomonidan 2018 yil dekabrda Sankt-peterburg politexnika universiteti olimlari bilan xammualliflikda “Sovremennaya sistema protivodeystviya otmыvaniyu prestupnыx doxodov i finansirovaniyu terrorizma”  va “Ekonomicheskaya bezopasnost”  o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi (Innovatsion rivojlanish vazirligi) granti doirasida G.Alimov va B.Isroilov hammuallifligida “Tenevaya ekonomika, korrupsiya, vzyatochnichestva: ugolovno-proavovaya otsenka” nomli monografiyasi tayyorlanib chop etishga topshirildi.

Shuningdek, Yuristlar malakasini oshirish markaziga muntazam ravishda tahsil olishga kelgan barcha toifadagi tinglovchilar guruhlari uchun, markaz Jinoiy huquqiy fanlar kafedrasi tomonidan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslari”, Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi tomonidan “Korrurpsiyaga qarshi kurashning halqaro huquqiy asoslari va xorijiy mamlakatlar tajribasi” mavzularida ma’ruzalar o‘qib kelinmoqda.

2019 yil 09 yanvaridagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5618-sonli, «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni yuzasidan Markaz professor-o‘qituvchilari respublikamizning barcha mintaqalarida xizmat safarlarida bo‘lishib aholi o‘rtasida Farmonda nazarda tutilgan boshqa dolzarb vazifalar qatorida korrupsiyaga qarshi kurashishda aholini huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalalarda yuzdan ortiq ma’ruzalar o‘tkazishdi.

Markaz mutaxassislari va professor-o‘qituvchilari respublikamiz miqyosida o‘tkazilgan korrupsiya mavzusiga oid o‘nlab ilmiy amaliy konferensiya, davra suhbatlarida ma’ruzalar bilan ishtirok etib kelishmoqda.  Yuristlar malakasini oshirish markazi jamoasi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining hamda  Adliya vazirligini korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilishi nazarda tutilgan chora-tadbirlar rejalarining tegishli bandlarini ijrosini ham o‘z vaqtida ta’minlab kelmoqda. Yuristlar malakasini oshirish markazi bundan keyin ham   respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurash borasida  amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ulkan ishlarga o‘z xissasini qo‘shib boradi.

 Mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish uning sifati hamda samaradorligini oshirish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, ta’limdagi korrupsiya va poraxo‘rlikning oldini olishga ham astoydil kirishilgan. Lekin poraxo‘rlikka qarshi kurash maqsadida olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlarga qaramay, “o‘qishga kiritib qo‘yaman, testni hal qilib beraman”, degan va shu orqali mo‘may pul ishlab olish ilinjidagi firibgarlar hali-hanuz uchrab turibdi. Afsuski, “Farzandim diplom olsa bo‘ldi, u yog‘i bir gap bo‘lar” qabilida ish tutadigan, farzandining qobiliyati, bilimi va salohiyati yetarlimi yoki yo‘q, bunga ikkinchi darajali masala sifatida qaraydigan ota-onalar ham yo‘q emas. Ochig‘i, ushbu holatlar yillar davomida ta’lim tizimidagi korrupsiyaning eng og‘riqli nuqtasi bo‘lib keldi.

Sohadagi islohotlar sabab vaziyat tubdan o‘zgardi, kimning bilimi, qobiliyati, salohiyati bo‘lsa, o‘sha odam o‘qiydi, degan tamoyilga amal qilina boshlandi. Shu bois endilikda ta’limdagi korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilishga astoydil kirishilgan. Bu boradagi dastlabki qadam test imtihonlarini topshirish jarayonini tartibga solish bilan boshlandi.

Prezidentimizning joriy yil 4 iyundagi “2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, mamlakatimiz oliy ta’lim dargohlariga qabul uchun kvotalar soni o‘tgan yildagiga qaraganda qariyb 8 yarim mingtaga ko‘paydi. Barcha jarayon nafaqat davlat organlari, balki keng jamoatchilik nazorati ostida shaffof tarzda o‘tadigan bo‘ldi.

Qisqasi, hujjat qabul qilishdan boshlab, test imtihonlarini o‘tkazish jarayonigacha abiturientlar uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratilyapti. Asosiysi, haqqoniylik va ochiqlik tamoyiliga amal qilinayotir. Lekin korrupsiyaga qarshi kurash tobora qat’iy bo‘lib borsa-da, ajiriq kabi uning ildizlari hali-hanuz saqlanib qolgan ko‘rinadi. Astoydil ta’lim olib, ne-ne orzular bilan o‘qishga topshirgan yoshlar manfaatini hatlab o‘tib, harom luqma bilan kun kechirishni o‘ziga odat qilgan ayrim nopok insonlar hozir ham uchrab turgani jamiyatimizdagi sog‘lom muhitga salbiy ta’sir qilmoqda. Ayniqsa, yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida bu kabi qing‘ir amaliyot u yer, bu yerda urchiy boshlashi ham bor gap.

Bunday holat nafaqat oliy ta’lim dargohlarida, balki litsey va kollejlarda, hatto umumta’lim maktablarida ham ko‘zga tashlanayotgani achinarli hol, albatta. Ta’limdagi korrupsiyani yo‘qotish uchun odamlar ongi, o‘quvchilar, ota-onalar, o‘qituvchi-pedagoglar va maktab ma’muriyatining huquqiy madaniyatini oshirish, ulardagi eskicha qarashlar, qotib qolgan stereotiplar, komplekslarni yo‘qotish va parchalab tashlash birinchi galdagi vazifadir. Chunki poraxo‘rlikka moyillik bor ekan, illat yashirin ravishda sodir etilaveradi.

Eng avvalo, kichik yoshdan korrupsiya, uning zararlari, oqibatlari haqidagi ilk dunyoqarash shakllantirilishi, bolalarda poraning eng oddiy shakllari haqida tasavvur hosil qilinishi zarur. Bu kabi jinoyatlarga toqatsizlik muhitining shakllanishida xabardorlik qanchalik muhim bo‘lsa, jazo va javobgarlikning muqarrar ekani ham shunchalik dolzarbdir. Kimdir istaganicha pora olsayu, hech kim uning mushugini “pisht” demasa, jazoga tortilmasa, bolalar, odamlar ongida: “Adolat yo‘q, unga qarshi kurashish befoyda”, degan noto‘g‘ri fikr paydo bo‘ladi. Vaholanki, ularda har qanday jinoyatning jazosi bor, poraxo‘r ham, pora beruvchi ham qonun doirasida javobgarlikka tortiladi, degan qat’iy ishonch shakllantirilishi zarur.

Ammo allaqachon ko‘zimiz “o‘rganib” qolgan poraxo‘rlikdan birdan qutulib bo‘lmaydi. Buning uchun sodda va ta’sirchan chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda uni izchillik bilan yo‘lga qo‘yish lozim. Masalan, maktabga qabul jarayonini olaylik. Ota-ona bolasi yaxshi o‘qishi, munosib ta’lim-tarbiya olishi uchun farzandini obro‘li maktabga, uning ham tanilgan o‘qituvchisiga topshirishni istaydi. Buning uchun bor imkoniyatini ishga soladi, tanish-bilishlaridan foydalanadi, pul va xizmatini taklif qiladi. Aslida muammoni hal etish uchun odamlar nima sababdan shu maktab va pedagogga intilayotgani to‘liq o‘rganilishi, ular haqida ochiq ma’lumotlar to‘planib, vaziyat nazoratga olinishi hamda o‘sha sinf yoki maktabga qabul tanlov asosida tashkil etilishi mumkin. Marhamat, bolangiz shu sinf yoki maktabda o‘qishini xohlasangiz, barcha qatori tanlovda qatnashsin, intellektual salohiyati tekshirilib, psixologik-pedagogik ko‘rikdan o‘tkazilsin.

Ayni paytda bu tajriba tizimda qisman qo‘llanmoqda. Asosan, muayyan fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilarni tanlov asosida qabul qiladi. Bu qoidaning o‘rnatilishi maktablar o‘rtasida raqobatni kuchaytirib, barcha ta’lim muassasalari va sinflarda o‘qitish sifatini oshirish choralarini ko‘rishni talab etadi. Quyi bo‘g‘inlarda ham shaffoflik bo‘ladimi?

O‘qituvchilarni har tomonlama rag‘batlantirish uchun ularga imtiyozli shartlarda uy-joy va avtomobil xarid qilish uchun kreditlar berish joriy qilinmoqda. Tabiiyki, bunday imkoniyatga hamma o‘qituvchi emas, eng munosib  fidoyi, o‘z ishining ustasi bo‘lgan ilg‘or pedagoglar loyiq ko‘riladi. Biroq eng quyi bo‘g‘inlarda ular xolis saralab olinadimi, imtiyozlar adolatli taqsimlanadimi? Bu o‘rinda ham korrupsiyaga yo‘l qo‘yilib, ro‘yxatlar tor doirada ayrim shaxslar manfaatlari doirasida tuzilmaydimi?

Nazarimda, bu borada inson omili minimal darajada ishtirok etadigan shunday mexanizm ishlab chiqilishi kerakki, unda o‘qituvchining ish staji, erishgan yutuq va natijalari, tashabbuskorligi, faolligi, bir so‘z bilan aytganda, har jihatdan munosib ekani maxsus algoritm asosida kompyuter texnologiyalari yordamida hisob-kitob qilinishi lozim. Tizimga ma’lumotlarni joylashda jamoatchilik ishtiroki ham ta’minlanishi kerak.

Misol uchun, maktabda o‘qituvchilar reytingi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi, turli tanlov va musobaqalarda o‘zi va o‘quvchilari erishgan natijalar, faoliyatida yangi ta’lim texnologiyalaridan foydalanishi kabi an’anaviy mezonlardan tashqari, ota-onalar va o‘quvchilar, pedagogik jamoa, jamoatchilik tuzilmalarining u haqdagi fikri va faoliyatiga qo‘ygan baholari, sobiq o‘quvchilariga ta’limning keyingi bosqichlarida yoki ish joyidan berilayotgan xulosalar (o‘zlashtirishi, natijalari, tavsifnomalar) ham hisobga olinishi mumkin. O‘qituvchining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlari reyting natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi lozim. U har bir nojoiz harakati kelgusida imtiyozlarga ega bo‘lishda to‘sqinlik qilishini anglab tursin.

Ta’limda korrupsiyaga qarshi kurashda turli xalqaro tashkilotlar foydalanib kelayotgan intervyu olish usulini ham yo‘lga qo‘yish mumkin. Tan olish kerak, qog‘ozbozliklar, turli hisobotlarni ko‘zdan kechirish korrupsion manzarani to‘laqonli gavdalantirmaydi. Ayrim korrupsioner mutasaddilar barcha hujjatbozlik ishlarini shu qadar maromiga yetkazib bajaradiki, qog‘ozlar asosida uning poraxo‘rligi, mablag‘larni o‘zlashtirgani va davlat mulkini talon-toroj qilganini isbotlash qiyin. Dalil-isbotsiz esa aybdorni jazoga tortishning iloji yo‘q. Ana shunday paytda pedagoglar, o‘quvchilar, ta’lim rasmiylari bilan alohida suhbat-intervyular o‘tkazish qo‘l keladi.

Yakkama-yakka suhbatlarda korrupsiyaning shakli, ishlash mexanizmi, amalga oshirishdagi halqalar – shaxslar, usul va vositalar haqidagi ma’lumotlar to‘planadi. Shundan so‘ng korrupsionerga emas, balki korrupsiyani keltirib chiqarayotgan sabablarga qarshi kompleks kurash chora-tadbirlari ishlab chiqiladi. Bunda korrupsioner, unga vositachilik qilayotganlar qattiq ogohlantirilishi, mansabdor shaxslar, yaqin qarindoshlarining daromadlari, mol-mulklari, sarf-xarajatlari o‘rganilib, noqonuniy yo‘l bilan topilgan daromadlar aniqlangan taqdirda, tegishli tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin.

Bu usul korrupsiyaga xizmat qilayotgan omillarni tizimli bartaraf etish, qaysi o‘rinlarda korrupsiyaga ko‘proq yo‘l qo‘yilayotganini, buning sabablarini aniqlash imkonini ham beradi.

Bolalikdan korrupsiyaga qarshi toqatsizlik kayfiyatini uyg‘otish uchun maktablarda antikorrupsion darslar tashkil etilishi kerak. Darsda korrupsiya nima, uning qanday zararlari borligi bolalar tushunadigan sodda tilda yetkazilishi, o‘quvchilar bilan korrupsiya haqida suhbatlar o‘tkazilishi, rolli o‘yinlar o‘ynalishi mumkin.

Darslarda korrupsion holatlarga aniq misollar keltirilib, uning oqibatlari, qarshi kurashish usullari, bunda o‘quvchining shaxsiy ishtiroki qanday bo‘lishi aytiladi. Masalan, muayyan tibbiy ma’lumotnomani olishda ko‘rikdan o‘tmay turib, pora evaziga ishni bitirish holati hammaga tanish. Ammo shunday yo‘l bilan tibbiy ma’lumotnoma olgan sil kasalligiga chalingan shaxs maktab oshxonasida ishlasa nima bo‘ladi? Oqibatda qancha odam kasallanadi, ular orasida siz ham bo‘lishingiz mumkin, deyiladi.

Kichik yoshdagi bolalar bilan ishlashda rolli o‘yinlar foydali. Biror vaziyat sahnalashtirilib, pora oluvchi soha mutasaddilari roli bolalar o‘rtasida taqsimlanadi. Yoki bolalar vijdonli va vijdonsiz rahbar haqidagi o‘z qarashlarini suratlar orqali tasvirlab beradi.

Jamiyatda poraxo‘rlikka qarshi kurash keng qamrovli, kompleks ishlarni o‘z ichiga oladi. Birgina sababga qarshi kurashib bu illatni yo‘qotib bo‘lmaydi. Barcha sabablar chuqur o‘rganilishi, poraxo‘rlik, ya’ni oqibat emas, balki unga olib boruvchi yo‘llar, uni vujudga keltiruvchi sabablar yo‘qotilishi kerak.

O‘qituvchi pora olmaydi, maktab direktori hammani teng ko‘radi, u o‘z mansabi va vakolatlarini hech qachon suiiste’mol qilmaydi, biz pora berib o‘qimaymiz, ta’limda tenglik, qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik bo‘lishi shart, qabilidagi tushunchalar odamlarning qon-qoniga singib, qadriyat darajasiga ko‘tarilmas ekan, korrupsiya biz bilan yonma-yon yashayveradi.

Madumarov Talantbek Tolibjonovich
Andijon davlat universiteti ijtimoiy iqtisodiyot fakulteti dekani, yu.f.d., professor
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.