Andijon Davlat
Universiteti
YAXSHI DAM – MEHNATGA HAMDAM
2018-01-09    12202

Istiqlol yillarida sayyohlik sanoatini rivojlantirish, yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish yuzasidan ulkan ishlar amalga oshirildi. Turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yuksaltirish, malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Eng muhimi, o‘tgan davr mobaynida sohani tartibga solish hamda uning huquqiy asoslarini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy baza yaratildi.

Turizm sohasida ulkan salohiyatga ega O‘zbekiston o‘zining qadimiy obidalari, muqaddas ziyoratgohlari, xushmanzara tabiati va fayz­li go‘shalari bilan sayyohlarni o‘ziga rom etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra yurtimiz sayyohlik ko‘lami va tarixiy joylar ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakat qatorida turadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 28 dekabr kuni “2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan edi.

O‘zbekistonda ichki turizmni rivojlantirish uchun taqvimga uzun dam olish kunlari tizimi (Golden Week) kiritildi.

Farmon mamlakat fuqarolariga sayohat qilish hamda boy madaniy-tarixiy meros va o‘ziga xos tabiiy resurslar  bilan tanishish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘zda tutadi.

Hujjatda ko‘zda tutilgan uch, to‘rt va besh kunlik dam olish kunlarida mamlakat bo‘ylab turistik sayohatlarni tashkillashtirish maqsadida Andijon davlat universiteti ma’muriyati tomonidan ichki turizmning qo‘shimcha sayohatlari va yo‘nalishlari tashkil qilindi, shuningdek, transport xizmatlari uchun chegirmalar tizimi joriy etildi.

Andijon davlat universiteti fizika-matematika fakultetining bir guruh  pedagog-xodimlari 3 yanvar kuni Qo‘qon shahriga turistik sayohatga bordilar. Ma’lumki, Qo‘qon Farg‘ona vodiysidagi qadimiy shaharlardan biri sanaladi va madaniy merosi saqlab qolingan, miqdoran ko‘p obida va ziyoratgohlari mavjud shaharlardan biridir. Xon saroyi (Ark), Hamza, Zavqiy, Muqimiy va boshqa shoir hamda ijodkorlarning uy-muzeylari, qator ziyoratgohlar, obidalar doimo turistlar va qiziquvchilar bilan gavjum.

Fakultet  dekanati tomonidan sayohatni tashkil etishdan maqsad — O‘zbekistonda ichki turizmini rivojlantirish, tuman va shaharlarning turistik salohiyati, joylardagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni targ‘ib qilish, madaniy-tarixiy turizm, ekoturizm, ekstremal turizm, sarguzasht turizm, ta’lim turizmi, sport turizmi kabi sayohat rejalarini amalga oshirgan  holda mamlakatimizning tarixiy joylariga, ulug‘ avliyo va buyuk ajdodlarimizning muqaddas ziyoratgohlariga pedagog-xodimlar tashriflarini uyushtirish hamda ularda milliy an’ana va qadriyatlarga hurmat ruhini kuchaytirish, ichki turizm salohiyatini targ‘ib qilishdan iboratdir.

Ishtirokchilar sayohat davomida yaqin o‘tmishga sayohat qilganday, Qo‘qon xonligi davri bilan yaqindan tanishganday bo‘ldilarki, bu ular uchun bir umrga esda qolarli taassurotlarni hosil qildi. Barcha qatnashchilar sayohatdan mamnunlik bilan o‘z uylariga yo‘l oldilar.

Madaminjon MAHKAMOV
Universitet fizika-matematika fakulteti dekani
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.