Andijon Davlat
Universiteti
YANGI YIL TABRIGI
2017-12-31    8426

Assalomu alaykum! Hurmatli professor-o‘qituvchilar va qadrli talabalar!

Bugun siz bilan biz 2017 – yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yilida amalga oshrilgan ishlarni sarhisob qilish, qolaversa kuni kecha Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan 2018 – yil “Faol tadbirkorlik, inovatsion texnologiyalar va g‘oyalarni qo‘lllab quvvatlash” yilida o‘z oldimizga  ulkan maqsadlar qo‘yib, rejalarni aniq belgilab olish fursatlarida turibmiz. Sizlarga mamnuniyat bilan shuni aytish kerakki, ortda qolayotgan 2017-yilda Andijon davlat universiteti jamoasi barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi. Professor-o‘qituvchilarimiz, talabalarimizning qo‘lga kiritgan yutuqlari zalvorli bo‘ldi. Xalqimizda bir dono gap bor “nimani eksang, shuni o‘rasan”. Joriy yilda umid bilan qilgan hatti-harakatlarimiz o‘z mevasini, o‘z samarasini berdi. Uzoq yillardan buyon izlanishda bo‘lgan 7 nafar ilmiy tadqiqotchilarimiz nihoyat o‘zlarining ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lidlar. Kuni kecha tarixchi olimlarimizdan Rasulov Baxtiyor hamda Komilov Oybek fan doktorligi disssertatsiyasini ixtisoslashgan ilmiy kengashda muvaffaqiyatli himoya qildi. Shuningdek, Shahriyor Yo‘lchiev, Nodirbek Asqarov, Soyibjon Hoshimov, Foziljon Kiyiboevlar dotsent unvonini qo‘lga kiritdi. 2017 yilda 12 ta respublika miqyosida, 8 ta mintaqa bosqichidagi ilmiy-amaliy konfrenitsiyalar tashkil etildi. Ilmiy-uslubiy ishlanmalari uchun patent va litsenziyalar olish borasida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilib, 4 ta litsenziya patent qo‘lga kiritildi. Xorijiy va mahalliy jurnallarda 700 ga yaqin ilmiy tezislar va maqolalar chop etildi. 24 ta o‘quv qo‘llanma, 20 ta uslubiy qo‘llanmalar universitetimiz professor-o‘qituvchilarining say’i harakatlari bilan nashrdan chiqdi. Eng quvonarlisi, kuni kecha aziz ustozimiz S.Zaynobiddinovga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi unvoni berildi. Biz bu akademik ustozimizdan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, universitetimiz jamoasining mehnati, tinimsiz izlanishlari doimo hukumatimiz e’tiborida. Jamoamiz a’zolaridan Rustamova Dilraboxon “Shuhrat” ordeni bilan, shuningdek, Sirojiddin Zaynobiddinov, Ibrohimjon Asqarov, Rustam Shamsitdinov, Muxtorxon Umarxo‘jaev, Dilmurod Quronov, G‘anijon Hoshimov, Mo‘minjon Mamajonov, Ahmadali Mamadaliev kabi ustozlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari! Bu yil professor-o‘qituchilarimizning barchasi qaysidir sohada viloyat, respublika, miqyosida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlarda qatnashib, universitetimiz nomini yanada yuksalishi uchun samarali mehnat qildi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkazilgan yilning eng yaxshi pedagog-tadqiqotchisi tanlovida Shohida Shahobiddinova “Yilning eng yaxshi pedagog tadqiqotchisi” nomini qo‘lga kiritdi.

Xalqimizda “shogird ustozidan o‘tibdi” yoki “ot o‘rnini toy bosar” topib aytilgan hikmatli naql bor. Ortda qolayotgan ushbu yilda talabalarimizning yutuqlari chinakam ma’noda ustozlarinikidan kam emas. Talabalarimizdan 62 nafari respublika miqyosidagi tanlovlarda faxrli 1-2-3-o‘rinlarni, 10 nafari esa xalqaro musobaqalarda faxrli birinchi o‘rinlarni zabt etdilar. Xorijiy tillar fakulteti 4-bosqich talabasi Kim Maksim “Butunjahon talabalar konferensiyasida qatnashdi”. Iqtidorli talabalarimizdan tashkil qilingan “Humo” talabalar teatr studiyasi respublikada “Eng yaxshi talabalar teatr studiyasi” deb tan olindi. “Tafakkur sinovlari” tanlovida qatnashgan “Andijon yoshlari” jamoasi esa  respublikamizdagi 82 ta oliy o‘quv yurtlari ichida Andijon davlat universiteti talaba yoshlarining tengsiz ekanligini isbotlab, uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Xotin qizlar qo‘mitasi raisi Umidaxon Ahmedova boshchiligidagi talaba qizlarimiz esa “Mahallamiz malikalari” tanlovining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egalladilar. Tarix fakultetining 1-bosqich talabasi Tursunova Sanobarxon “Tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi” respublika ko‘rik tanlovida g‘olib bo‘lib, 50 mln so‘m sohibiga aylandi. Universitetimiz kengashining tavsiyasiga asosan A’zamjonova Xurshida, Ismoilova Barno, Mirzaev Bekmurodlar “Navoiy” nomidagi, Madumarova Layloxon “Ulug‘bek” nomidagi Xodjiev Shaxboz esa “Islom Karimov” nomidagi davlat stipediyasi sohiblariga aylandilar. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda sportchi  talabalarimizning xalqaro miqyosda erishgan yutuqlari salmog‘i O‘zbekiston jismoniy madaniyat institutini ham ortda qoldiryotganligi ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilayotgan oddiy haqiqat. Bugun nafaqat Jismoniy madaniyat fakultetida balki, Fizika-matematika, Ijtimoiy iqtisod, Pedagogika kabi fakultetlarimizda ham jahon olimpiadasi g‘oliblari, Osiyo va Jahon chempionlarining tahsil olayotganligi bizlarni albatta quvontiradi.

Andijon davlat universiteti 2017-yilda jahonga yuz tutdi desam hech qanday mubolag‘a, ortiqcha bo‘rttirishlar bo‘lmaydi. Hammamangizni xabaringiz bor Andijon va O‘sh davlat universitetlari o‘rtasida memorandum imzolandi. Shunga asosan 5-dekabr kuni O‘sh davlat universitetining delegatsiya a’zolari Andijon davlat universitetida mehmonlik maqomida tashrif buyurdilar. Kelayotgan 2018-yilda barcha fakultet dekanlari O‘sh davlat universiteti bilan alohida tartibda, mustahkam maqsadli aloqalarni o‘rnatishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Germaniya, AQSh, Angliya, Xitoy kabi davlatlarning elchilari, elchixona xodimlarining universitetmizga tashrif buyurishi biz uchun oddiy jarayonga aylandi. O‘quv ishlari bo‘yicha prorektorimiz Azamatjon Mamatyusupov Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining delegatsiyasi tarkibida 7-29 oktabr kunlari  AQSh larida Oliy ta’lim tizimi bilan tanishib qaytdi. Kelgusi yilda bir professor-o‘qituvchilarimiz xorijiy davlatlarda malaka oshirishi rejalashtirilgani bu sohadagi ishlarmizining kelajagi yorqin ekanligidan dalolat beradi.   

Hurmatli qadrdonlar, aziz birodarlar. Ortda qolayotgan 2017-yilda mahalliy mablag‘lar hisobidan professor-o‘qituvchilarimiz 4 ta fundamental, 10 ta amaliy, 1 ta innovatsion jami 756 mln so‘mlik loyihalar ustida ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini olib bordilar. KOICA, ERASMUS kabi xorijiy tashkilotlar tomonidan jami 183.500 $ miqdorida grant loyihalari o‘quv yurtimiz uchun jalb qilindi. Xulosa qilib aytganda, loyiha va dasturlar hisobidan jalb qilingan mablag‘larning umumiy summasi bu yil 2.5 mlrd so‘mdan ziyodroqni tashkil etdi. Universitet Xodimlar va talabalar kasaba uyushmasi tomonidan 50 nafar xodimga dam olish sanatoriyalariga yo‘llanma berildi. Bundan tashqari 8 nafar professor-o‘qituvchilar, 139 nafar ishchi-xodimlar va 75 nafar kam ta’minlangan oilalarning farzandalariga 16.5 mln so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Ushbu tashkilotining beminnat yordamini bugun siz-u, biz juda yaxshi bilib turibmiz. Shuningdek, yakuniga yetib borayotgan 2017-yilda barcha professor-o‘qituvchi va xodimlarimiz 1 mlrd 900 mln so‘mdan ziyod moddiy rag‘batlantirildi.

So‘zlarimning yakunida shuni aytmoqchimanki, biz bilan xayrlashayotgan 2017-yil chinakamiga haqiqiy omadlar yili bo‘ldi. Biroq, kirib kelayotgan 2018-yil ham bizlarni ranjitmoqchi emas, ishonavering. U hali boshlanmay turib biz uchun kutilmagan sovg‘alar, chinakam sarguzashtlar va moliyaviy daromad va’da qilmoqdaki, agar biz 2018 yilda belni mahkam bog‘lab, chin dildan, astoydil mehnat qilsak, omadli bo‘lishiga ishonsak, shunday ishonch bilan uni qarshi olsak, eng ezgu orzularimizning barchasi  haqiqatga aylanadi.

Yana bir bor Yangi yil” barchangizga muborak bo‘lsin. Doimo sog‘ va omon bo‘linglar.

Akramjon YULDASHEV
Universitet rektori. Biologiya fanlari doktori, professor
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.