Andijon Davlat
Universiteti
NUKTADON OLIM, SERQIRRA IJODKOR DILMUROD QURONOV 60 YOSHDA!
2020-10-27    3271

Adabiyot – bir dengiz, uning tubidan so’z durlarini terib chiquvchi g’avvos – adib Yaratgan inoyatisiz bu dengizga sho’ng’ib bundagi so’zlarni tizib o’quvchi qalbiga bir marjon kabi joylay olmasligini his qiladi. Adabiyotshunos, adabiy tanqidchi uchun esa iste’dod bilan birga ziyraklik, fahm, mantiqiy fikrlay olishdek muhim fazilat va ko’nikmalar ham muhim.

Ana shunday iste’dod, fazilat va malakani o’zida yuksak darajada namoyon eta olgan olimlar qatorida Dilmurod Quronov shubhasiz eng yuqori o’rinlarda turadi.

Bugun, Dilmurod Quronov o’zining 60 yoshini qarshilamoqda. Olim o’z ilmiy-ijodiy faoliyatining eng gullagan davrini o’tkazmoqda desak, mubolag’a bo’lmaydi.

O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Quronov Dilmurod Haydaralievich izlanuvchan, yetuk olim, kamtarin shaxs, tajribali murabbiy sifatida universitetimizning o‘quv-tarbiyaviy, ilmiy, ijtimoiy va ma’naviy hayotida faol ishtirok etuvchi ustozlardan biri sanaladi.

Dilmurod Haydaralievich Quronov 1960 yil 27 oktabrda Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyati Toshko‘mir shahrida tug‘ilgan. 1978 yili Andijon tumani Hakan qishlog‘idagi 4-o‘rta maktabni tamomlagan. 1978 – 1979 yillarda qurilishda ishlagan, 1979 – 1981 yillarda harbiy xizmatni o‘tagach, 1982 – 1987 yillarda Andijon davlat tillar pedagogika institutida rus tili va adabiyoti, ona tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oldi. 1990 – 1992 yillarda ToshDU (O‘zMU) aspiranturasida tahsil olib, “Kecha va kunduz” romanida xarakterlar psixologizmi” mavzusidagi nomzodlik (1992),“Cho‘lpon poetikasi (nasriy asarlari misolida)” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini (1998) himoya qildi.

Dilmurod Quronov ilmiy faoliyati davomida 100 dan ortiq ilmiy ishlarini chop ettirgan. Jumladan, u 2 ta darslik, 3 ta monografiya, 3 ta qo‘llanma, 1 ta lug‘at muallifidir. Respublika matbuotida o‘zbek adabiyotshunosligi masalalariga bag‘ishlangan 80 dan ziyod ilmiy maqolalari chop etilgan.

Isajon Sulton, Rahimjon Rahmat, Dilmurod Quronov, Ulug'bek Hamdam

2002 yilda uning “Adabiyotshunoslikka kirish” darsligi, 2018 yilda “Adabiyot nazariyasi asoslari” darsligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tavsiyasiga ko‘ra Oliy o‘quv yurtlari o‘zbek filologiyasi ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun darslik sifatida chop etilgan. Hozirda respublikamiz oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek filologiyasi ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun asosiy o‘quv adabiyoti sifatida mazkur darsliklardan foydalanib kelinmoqda.

Dilmurod Quronov 2010 yilda shogirdlari Z.Mamajonov va M.Sheralieva bilan hammualliflikda “Adabiyotshunoslik lug‘ati”ni yaratgan va lug‘at uning umumiy tahriri ostida chop etilgan. Mazkur lug‘at mutaxassislar tomonidan muhim va zarur qo‘llanma sifatida e’tirof etilgan (“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010, 8-son). Lug‘at 2013 yilda qayta nashr etildi. Hozirda adabiyotshunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning aksariyatida mazkur lug‘atdan foydalanilmoqda.

Ustoz ko‘p yillardan buyon Abdulhamid Cho‘lpon asarlarini nashrga tayyorlab chop etish ishlarida faol qatnashib kelmoqda. Jumladan, Cho‘lpon 3 jildlik asarlari to‘plamining 2-jildini nashrga tayyorlab, uni izohlar bilan ta’minladi (Toshkent, “Adabiyot va san’at”, 1994). “Adabiyot nadir” to‘plamini nashrga tayyorlashda qatnashdi (Toshkent, “Yozuvchi”, 1994). 4 jildlik Cho‘lpon asarlarini nashrga tayyorlash va chop ettirish bo‘yicha guruhga rahbarlik qildi hamda ushbu jildlikning 2-jildini nashrga tayyorlab, izohlar bilan ta’minladi (Toshkent, “Akademnashr”, 2016). 1997 yili Andijon viloyati Cho‘lpon Jamg‘armasi tashkil qilingandan buyon jamg‘armaning bosh mutaxassisi vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 1998 – 2000 yillarda “Cho‘lpon hayoti va adabiy merosi” amaliy tadqiqoti hamda 2000 – 2002 yillarda “O‘zbek adabiyotida tarixiy badiiy tafakkur tadriji” loyihasi uning ilmiy rahbarligida bajarildi. 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoshidagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat Fondi tomonidan e’lon qilingan Grant tanlovida “Cho‘lpon, biz seni unutmaymiz!” loyihasi bilan qatnashib, g‘olib bo‘ldi, sertifikat hamda Cho‘lpon jamg‘armasi fondiga 15000000 (o‘n besh million) so‘m pul mablag‘i olishga erishdi. 2017 – 2018 yillarda “OT-A-46. Adabiyotshunoslikning nazariy kurslari bo‘yicha o‘quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratish” davlat amaliy-tadqiqot dasturlari doirasidagi loyihaga ilmiy rahbarlik qildi.
D.Quronov sa’y-harakatlari bilan 2018 yildan boshlab “Andijon ijodkorlari merosidan” nomli seriyada andijonlik ijodkorlarning asarlari chop etilishi yo‘lga qo‘yilgan va uning umumiy tahriri ostida seriyaning beshta kitobi chop etildi.
D.Quronov o‘zbek adabiyotshunosligining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy asarlari bilan o‘zbek adabiyotshunosligi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bu borada olimning “Ruhiy dunyo tahlili” (1995), “Cho‘lpon: hayoti va ijodiy merosi” (1997), “Istiqlol dardi” (2000), “Cho‘lpon nasri poetikasi” (2004), “Adabiy jarayonda “Mom sindromi” (2010), “Mutolaa va idrok mashqlari” (2013), “Zavqimdan bir shingil” (2013),“Talqin imkonlari” (2015), “Adabiy o‘ylar” (2016), “Nazariy qaydlar” (2018), “Adabiyot va b. haqida” (2019) nomli kitoblari chop etilgan.
D.Quronov zukko adabiyotshunos bo‘lish bilan birga mohir tarjimon xamdir. B.Rahmonov bilan hammualliflikda yaratilgan “G‘arb adabiy- tanqidiy tafakkuri tarixi ocherklari” qo‘llanma-xrestomatiyasidagi Isokrat, Mixail Psell, Yu.S.Skaliger, Antonio Minturno, Lodoviko Kastelvetro, Torkvatto Tasso, Filipp Sidni, Ben Jonson kabi olimlarning asarlari D.Quronov tarjimasida berilgan. Shuningdek, uning tarjimasidagi Ezop masallari “Cho‘lpon”, “Zarqalam”, “Akademnashr” nashriyotlarida alohida kitob holida uch qayta chop etilgan.
2000-2009-yillarda Andijon davlat universiteti filologiya fakulteti dekani lavozimida ishlagan Dilmurod Quronov o‘quv-tarbiya jarayonlarini boshqarish bilan birga, iste’dodli, izlanuvchan kadrlar hisobiga fakultet ilmiy salohiyati ortishiga ham munosib hissa qo‘shdi.

Olim o’z faoliyatida ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash ishiga ham alohida e’tibor bermoqda. Hozirga qadar uning rahbarligida 1 nafar fan nomzodi, 4 nafar falsafa doktori va 1 nafar fan doktori tayyorlangan.

D.Quronov 2009 yili “Ilmiy xabarnoma – Научный вестник” jurnalini davriy nashr sifatida tashkil qildi va o‘n yildan ortiq vaqt davomida jurnalning bosh muharriri lavozimida ishlab kelmoqda.

Ibratli oila boshlig‘i, fidoyi va talabchan ustoz, tashkilotchi rahbar sifatida ilmiy-ijtimoiy jamoatchilik, hamkasblari hurmatini qozongan, ijodiy faolligi ayni yetuklik pallasidagi professor Dilmurod Quronovni tavalludining olmish yilligi bilan qutlagan holda, unga sihat-salomatlik va adabiyotshunosligimiz rivoji yo‘lidagi ishlarida yangi ijodiy zafarlar tilaymiz.

 

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.