Mamlakatimizda davlatning din va diniy tashkilotlar bilan o‘zaro munosabati, islom dinining tinchlikparvarlik mohiyati hamda islom dinida mutaassiblik va jaholatning qoralanishi, “Jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashish g‘oyasining ahamiyati, ekstremizm g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish kabi bir qator dolzarb masalalar oldimizda turibdi.
2020-yil 12-mart kuni Andijon davlat universitetining katta majlislar zalida tashkil etilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi davra suhbati ham ayni shu masalalarga bag‘ishlandi. Unda tabiiy fanlar fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda 320 nafar talaba-yoshlari ishtirok etdilar.
Tarix fakulteti fuqarolik jamiyati kafedrasi katta o‘qituvchisi Yusufxon Jahongirov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Markazi viloyat bo‘limi qoshidagi malaka oshirish markazi bo‘lim boshlig‘i A.Isroilov, Andijon viloyati IIB katta inspektori M.Xasanovlar mavzuga doir ma’ruzalari, fikr-mulohazalari bilan ishtirok etdilar.
Fuqarolik jamiyati kafedrasi katta o‘qituvchisi Y.Jahongirov davlatimiz rahbari mamlakatimizda “Jaholatga qarshi – ma’rifat” degan ezgu g‘oya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi oliyjanob maqsadlarga xizmat qilishini targ‘ib etish kun tartibimizdagi doimiy masalalardan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida diniy qadriyatlarni e’zozlash, islomning chinakam taraqqiyot, ilm-ma’rifat dini ekanini xalqimiz, ayniqsa, ertangi kunimiz bo‘lgan yoshlarimizga yetkazib berishga qaratilgan tizimli, salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Islom dini insoniyatni ezgulikka boshlaydi. Haqiqiy musulmon, hadisi shariflarda ta’kidlanganidek, o‘zgalarga ozor bermaydigan, o‘zidan yaxshilik, ilm-ma’rifat, hidoyat taratadigan insondir. Mazkur haqiqat bugun butun dunyo hamjamiyati anglashi, bag‘rikenglik va ahillikni hayotiy mezon sifatida qabul qilishi lozim bo‘lgan dolzarb masala hisoblanadi.
Shundan so’ng so‘zga chiqqan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Markazi viloyat bo‘limi qoshidagi malaka oshirish markazi bo‘lim boshlig‘i A.Isroilov so’zga chiqib, “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev jaholatga qarshi ma’rifat tashabbusi bilan chiqdilar. Bu masalani BMT 72-sessiyasi darajasiga ko‘tardilar. Sessiya ishtirokchilariga "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish murojaatida: “Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat”, degan edilar. Darxaqiqat, dunyo miqyosida hukm surayotgan tahlikali vaziyat, xalqaro ekstremizm, diniy qarama-qarshilik kuchayib borayotgani, yoshlarni turli diniy ekstremistik oqimlar ta’siridan asrash masalasi barchamizni xavotirga solmoqda. Bugungi kunda yurtimizda “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida jamiyatda uzluksiz ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish hususan yoshlar oila, mahalla, ta’lim muassasalari va mehnat jamoalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish va sog‘lomlashtirishga qaratilgan bir qancha tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda,” – deya o’z fikrlarni aytib o’tdi.
Suhbat so’nggida Andijon viloyati IIB katta inspektori M.Xasanov mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida fikr-mulohazalarini bayon qilib, Mamlakat taraqqiyoti avvalo yoshlarga, ularga qanday ta’lim-tarbiya berilayotganiga bog‘liq ekanligini, shuningdek, jamiyatda ota-onalarning rolini oshirish bilan birga yoshlarimizning huquqiy madaniyati va huquqiy qarashlarini yuksaltirishga hamda qonunga itoatkorlik xulqini shakllantirishga qaratilgan tarbiyaviy va tashkiliy xususiyatga ega bo‘lgan keskin choralar ko‘rish, huquqbuzarliklarning oldini olishda fuqarolarning ishtirokini ta’minlash zarurligi, “jaholatga qarshi ma’rifat” kabi ulug‘vor g‘oyani shior qilib yurt tinchligi va taraqqiyotida yoshlarimiz o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar asosan kelajak barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilayotgani, qolaversa, yoshlarning ilm-ma’rifat va ma’naviy-ahloqiy mezonini yuksaltirish, talaba-yoshlar o‘rtasida turli huquqbuzarlik, jinoyatchilikni oldini olish, ijtimoiy tarmoq va internet jahon axborot tizimidan to‘g‘ri maqsadlarda foydalanish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI