Assalomu alaykum aziz yurtdoshlar! Barchangizga kirib kelgan 2020 yil omad va zafarlar keltirsin.
Kuni kecha o‘zining keng auditoriyasiga ega bo‘lgan telegram kanallaridan biri bo‘lgan @fayzboguz da "Asakalik bloger Otabek Nuriddinov ishi yuzasidan yangi ma’lumotlar chiqmoqda" nomli post e’lon qilinib, unda Andijon davlat universiteti xodimi Elyorbek Xolmirzaev hamda universitet talabalaridan tuzilgan "ANDIJONLIKLAR" deb nomlangan guruh a’zolarining trollik qilayotgani bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Shundan so‘ng @fayzboguz kanalida ushbu mavzuga doir qator rasm va ma’lumotlar joylashtirildi.
Elyorbek Xolmirzaev haqiqatda universitet Yoshlari ittifoqi yetakchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Andijon davlat universiteti ma’muriyati hozirda ushbu vaziyat bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Ushbu xabarlar tasdiqlansa albatta tegishli chora ko‘rilishini ma’lum qilamiz.
O‘z navbatida shuni ma’lum qilamizki, Andijon davlat universiteti trolling va shunga o‘xshash barcha xolatlarga nisbatan salbiy munosabatda bo‘ladi. Bunday hatti-harakatni mamlakatimizda so‘z erkinligiga rahna soluvchi eng yomon illatlardan biri deb hisoblaydi.
Mazkur holat bo‘yicha universitet ma’muriyati blogerlar va jurnalistlar bilan muloqotga kirishishga tayyor ekanligini bildiramiz hamda @fayzboguz telegram kanalining so‘z erkinligini himoya qilish borasidagi bu harakatlarini qo‘llab quvvatlaymiz.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI