Andijon Davlat
Universiteti
TOMSK DAVLAT UNIVERSITETI BILAN QO’SHMA TA’LIM DASTURLARI TASHKIL ETISH BO’YICHA DASTLABKI KELISHUVLARGA ERISHILDI
2019-12-17    4534

So‘nggi yillarda oliy ta'lim muassasalarining xorijiy mamlakatlar bilan aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Xalqaro tan olingan reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallagan yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan ilmiy hamda akademik aloqalari o‘rnatilmoqda. Andijon davlat universitetida ham bu jarayon uzluksiz ravishda rivojlantirilmoqda. Xorijiy mamlakatlarning 30 dan ortiq yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatilgan.

Bugun, 17-dekabr kuni ayni shunday hamkorlardan biri bo‘lgan Rossiya Federatsiyasining Tomsk davlat universiteti delegatsiyasi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida universitetga tashrif buyurdilar.

Mehmonlar milliy musiqalarimiz sadosi ostida kutib olindi. Dastlab universitetimiz kichik maketi orqali tanishtirildi.

 

Shundan so‘ng tashrifning rasmiy qismiga start berildi. Universitet rektori Akramjon Yuldashev delegatsiya a'zolarini tashrif bilan qutladi va Andijon davlat universiteti uchun TDU bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish har tomonlama manfaatli ekanini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida Tomsk davlat universiteti delegatsiyasi rahbari Sergey Mironovich Yun ham hamkorlik aloqalari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, “Andijon davlat universiteti TDU xalqaro hamkorlari orasida alohida o‘rin egallaydi. Hali hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga tushirilmaganligi bizning oldimizga yangi vazifalar qo‘ymoqda. Ilmiy va akademik hamkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, qo’shma ta’lim dasturlarini yo’lga qo’yish masalasi strategik maqsadlarimizdan biri hisoblanadi."

Shundan so‘ng ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining kelajagini belgilab beruvchi memorandum imzoladilar.

Uchrashuvning asosiy qismida Andijon davlat universiteti hamda Tomsk davlat universiteti vakillari Menejment, Landshaft arxitekturasi, Arxivshunoslik bakalavriat yo’nalishlari hamda Funktsional elektronika va fotonika materiallari va qurilmalari magistratura mutaxassisligi bo’yicha qo‘shma ta'lim dasturlari ochish istiqbollarini muhokama qildilar. Tomsk davlat universitetidan Radiofizika fakulteti dekani Aleksandr Korotayev, Biologiya instituti o’quv ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari Nataliya Bolshakova, tarix va hujjatshunoslik kafedrasi dotsenti Janna Rojneva hamda Iqtisodiyot va menejment instituti o’quv ishlari bo’yicha dekan o’rinbosari Viktoriya Makoveyevalar taqdimotlar orqali o’z imkoniyatlarini namoyish etdilar.

Andijon davlat universitetidan esa Fizika kafedrasi professori Raimjon Aliyev, Zoologiya va biokimyo kafedrasi dotsenti Anvarjon Ummatov, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy hodimi, professor Muhayyo Isaqova va Iqtisodiyot kafedrasi mudiri Umida Maraimovalar qo’shma ta’lim dasturlar ochish uchun ilmiy salohiyat, moddiy texnik baza hamda boshqa imkoniyatlarni baholab, o’z taqdimotlari bilan ishtirok etdilar. Jumladan, t.f.d., professor M.Isaqova so’nggi yillarda mamlakatimizda arxivlar shu jumladan, joriy arxivlar tizimini takomillashitirilishi natijasida malakali kadrlarga bo'lgan talab ortishi, bu yo'nalishda yurtimizning faqat 4 ta OTMda kadrlar tayyorlanayotgani mavjud extiyojlarni qoplay olmasligini, sohada mehnat qilayotganlarning aksariyati yoki nomutaxassis yoki oliy ma’lumotga ega emasligini tushuntirib, ushbu yo’nalish bo’yicha qo’shma ta’lim dasturi ochilishi katta yutuq bo’lishini bildirdi.

   

Taqdimotlardan so’ng muhokamalar davom etdi va istiqboldagi rejalar bo’yicha kafedralar doirasida kelishuvlarga erishildi.

Kuning ikkinchi yarmida delegatsiya vakillari o’z yo’nalishlari bo’yicha fakultetlarda bo’lib, o’quv jarayoni, ilmiy-o’quv laboratoriyalari bilan tanishdilar. Delegatsiya a’zolari yana bir kun Andijon davlat universitetida bo’ladilar va hamkorlik aloqalari bo’yicha muhim masalalarni hal etadilar.

Ma’lumot o’rnida, Tomsk davlat universiteti Rossiyaning Osiyo qismida ochilgan birinchi universitet bo’lib, 1878-yilda asos solingan. Tomsk davlat universiteti Rossiyada oliy ta’lim tizimi liderlaridan bo’lib, “5 ta 100 Dasturi”ga ko’ra kuchli yettitalikka kirgan. Xalqaro tan olingan QS jahon universitetlarining 2019-yilgi reytingida 268-o’rinda qayd etilgan.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.