Bugun Andijon davlat universitetida AQSHning Oʻzbekistondagi “American Counsils” xalqaro ta’lim uchun” NNTning ushbu tashkilot doirasida tashkil etilgan eng soʻnggi taʼlim va biznes dasturlariga bagʻishlangan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda “American Counsils” xalqaro ta’lim uchun” tashkilotining Oʻzbekistondagi direktori William OʼRoark, dastur rahbari Shahnoza Suyarova, a’zolari Bahrom Toʻychiyev, Aziza Kuchimova shuningdek, Andijon davlat universitetining professor-oʻqituvchilari va talabalari qatnashdilar.
Konsullik vakillari eng soʻnggi dasturlar haqida 4 ta taqdimot namoyish etdilar. Ushbu dasturlar aynan talaba yoki oʻqituvchilar uchun emas, balki barcha soha vakillariga moʻljallangan. Ular jumlasiga "Central Asia University Partnerships Program", "Unicen", "AUCA", "Faculty Enrichment Program(FEP)", "Career-focused internships program" va dunyoda faqat ikkita davlat uchun mavjud boʻlgan "Uzbekistan Business Leaders (UBL)" dasturlari kiradi. Dasturda ishtirok etish xarajatlarining barchasi AQSH Davlat departamenti tomonidan toʻliq taʼminlanadi.
Taqdimotlar davomida dasturlarning afzal jihatlari, ularda ishtirok etish yoʻllari haqida toʻliq maʼlumotlar berildi va ishtirokchilar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga aniq javob oldilar.
Uchrashuvning eng ahamiyatli qismi AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasida tashkil qilingan "American Windows" markaziga bagʻishlangan taqdimot boʻldi. Hozirda ushbu markaz faqat Toshkent shahridagi AQSH elchixonasi qoshida faoliyat koʻrsatmoqda. Markaz eng soʻnggi gadjet, texnologiyalar, jihozlar va ilmiy-badiiy kitoblar bilan taʼminlangan. Shuningdek, chet eldan turli soha vakillari tashrif buyuradi, debatlar, ingliz tilida "MovieClub", "Speaking Club"lar tashkil qilinadi. U yerda inson oʻzini huddi Amerikadagidek his qiladi.
Eng quvonarli jihati, endilikda Andijon viloyatida ham mamlakatimizda ikkinchi bo’lib "American Windows" ta’lim markazi ochilishi rejalashtirilayotgani bo’ldi. Hozirda ushbu masala bo’yicha rasmiy hujjatlar tayyor, viloyatimizda markaz uchun qulay hudud tanlash ishlari olib borilmoqda. U yerda yoshlar oʻzlari qiziqqan soha boʻyicha izlanishlar olib borishi, bilimlarini mustahkamlashi va boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari mumkin. Ahamiyatlisi shundaki, markaz hech qanday moddiy manfaat koʻzlamaydi, balki jamiyat, fan-texnika taraqqiyotiga hissa qoʻshishni maqsad qilgan. Barcha u yerda yaratilgan shart-sharoitlardan bepul foydalanish huquqiga ega.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI