Joriy yilning 5-dekabr kuni Tarix fakulteti iqtidorli talabalari bilan Yaponiyaning Tokio San’at universiteti ilmiy tadqiqotchisi, doktor Shogo Kume, Yaxyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologik tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori, (PhD) Xikmatillo Xoshimovlar ishtirokida ilmiy suhbat tashkil etildi.
Suhbatni fakulteti dekani R.R.Shamsitdinov ochib berdi. Shundan so‘ng ma’ruza uchun so‘z ilmiy tadqiqotchi, doktor Shogo Kumega berildi. Shogo Kume “Ipak yo‘lining paydo bo‘lishi: Farg‘ona vodiysi va Tyan-Shan tog‘laridagi bronza davri arxeologiyasi” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada Markaziy Osiyoda chorvachilik manzilgohlarining paydo bo‘lishi va uning Farg‘ona vodiysiga kirib kelishi to‘g‘risida o‘z fikr mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, Farg‘ona vodiysidagi bronza davriga oid ilk shahar madaniyati bo‘lmish Dalvarzin shahar xarobasidagi ilmiy tadqiqotlar haqida qisqacha to‘xtaldi. X.B. Xoshimov, professor B.X.Matboboev boshchiligida Jalalquduq tumani Oyim qishlog‘ida joylashgan Dalvarzin shahar xarobasida 2018 yildan buyon olib borilayotgan tadqiqot ishlari natijalari bilan o‘rtoqlashdi. Arxeologiya faniga qiziquvchilarni arxeologik tadqiqotda ishtirok etishlari mumkinligini bildirdi. Tadbirda talabalar bronza davriga manzigohlarning o‘rganilishi darajasi, vodiyda chorvachilik va ziroatchilikning rivojlanishining o‘ziga xos jihatlari, Buyuk ipak yo‘lining tarmoqlari, savdo-iqtisodiy aloqlarning tarixiga doir savollar berdilar va tadqiqotchilar tomonidan tegishli javoblar oldilar. Suhbat so‘nggida tadqiqotchilar va talabalar, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida ingliz va o‘zbek tillarida fikrlar almashildi.
Suhbat yakunida yakunida fakultet dekani R.R.Shamsitdinov ilmiy suhbat juda samarali va foydali o‘tganligini ta’kidlab, talabalar, professor-o‘qituvchilar nomidan yaponiyalik Shogo Kume, X.Xoshimovga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Yapon olimi darsdan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, “talabalarda tarixiy fikrlash yaxshi, masalaga oid ma’lumotlarni tahlil qilish ham. Bitta masalada taklif bildirdim, vodiyda, shu jumladan tarixiy manzilgohlar juda ko‘p. Menga aytishlaricha, bunday manzilgohlarda darslar o‘tkazib turisharkan. Darslarni ana shunday manzilgohlarda, jonli misollar orqali tashkil etishni ko‘paytirish kerak. Shuningdek, tarixni o‘rganishda talabalarning tabiiy-ilmiy bilimlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha topshiriqlar beri borish foydali bo‘ladi deb o‘ylayman.”
Shundan so‘ng, mehmonlar universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari” muzeyiga tashrif buyurdilar. Muzeyda professor R.T.Shamsutdinov bilan ilmiy suhbat tashkil qilindi. Ilmiy suhbat davomida ikkinchi jahon urushi davrida yapon asirlarini taqdiri va ularni hayoti va faoliyati to‘g‘risida fikrlar almashildi. Shuningdek, fakultet dekani kelgusida fakultetning Madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish va boshqarish, ijtimoiy madaniy faoliyat yo‘nalishlari bilan Tokio San’at Universiteti bilan 2+2ga asoslangan qo‘shma dastur tashkil qilish to‘g‘risida memorondum tuzish haqida ham muzokara olib bordi. Shu bilan birga talabalar mobilligi professor-o‘qituvchilar almashinuvi borasida ham boshlang‘ich kelishuvlarga erishildi. Masalan, 2020 yilda Tokio san’at universiteti madaniyat va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha yapon professorlarining tarix fakultetini madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish va boshqarish, ijtimoiy madaniy faoliyat yo‘nalishlarida kurs leksiyalarini o‘qishni hamda O‘zbekiston tarixi kafedrasi dotsenti R.R.Shamsitdinovni O‘zbekiston tarixini sovet davri bo‘yicha Tokio universitetida leksiyalar o‘qishni tashkil qilish haqida ham kelishildi. Yaponiyalik Shogo Kumeni Andijon davlat universitetiga tashrifi samarali yakunlandi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI