Bugun, 21-oktyabr kuni Andijon davlat universitetida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi munosabati bilan “Til — millat ko‘zgusi” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirni universitet birinchi prorektori Talantbek Madumarov ochib berib, unda universitet rektori tomonidan O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi munosabati bilan yo‘llangan samimiy bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. U o‘z nutqida ona tilimizning milliy o‘zlikni anglashdagi beqiyos o‘rni va yosh avlodni ona tiliga hurmat, ma’naviy yuksaklik ruhida tarbiyalash zarurligini alohida ta’kidladi.
Tadbir davomida iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan ona tilimizga bo‘lgan chuqur ehtirom va muhabbatni ifodalovchi milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar, she’rlar hamda sahna ko‘rinishlari ijro etilib, kechaga bayramona ruh va badiiy zavq bag‘ishlandi.
Tadbir davomida professor-o‘qituvchilar so‘z olib, har bir xalqning tili uning bebaho boyligi va milliy iftixori ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, ular ajdodlarimiz yaratgan buyuk madaniyat namunalari, ilmiy kashfiyotlar va badiiy durdonalar aynan o‘zbek tili orqali dunyoga tan olinganini qayd etib, ona tilini asrab-avaylash va boyitish har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini alohida urg‘uladilar.
Tadbir so‘nggida faol ishtirok etgan talaba-yoshlar universitet rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, ularning tashabbuskorligi va badiiy chiqishlari yuksak e’tirof etildi.