Bugun, 20-oktyabr kuni Andijon davlat universitetida talabalarning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, badiiy savodxonlik darajasini yuksaltirish hamda ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida adiblar va talaba-yoshlar ishtirokida katta adabiyot bayrami — ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirni universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev ochib berdi va o‘z nutqida bunday uchrashuvlar yosh avlodda milliy g‘urur, ma’naviy yetuklik hamda ijodiy tafakkurni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi."
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, adabiyotimizning munosib vakillari — shoir va adiblar Usmon Azim, Shuhrat Orif hamda Dadaxon Muhammadiyevlar o‘zlarining ibratli, shu bilan birga mashaqqatli va mazmunli hayot yo‘llari, boy ijodiy faoliyati, she’riy to‘plamlari, tarjimalari hamda adabiyotga bo‘lgan munosabati haqida talabalarga atroflicha so‘zlab berdilar.
Shuningdek, uchrashuv davomida filologiya fakultetining professor-o‘qituvchilari ham so‘zga chiqib, talaba-yoshlar ongida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ularning adabiy-estetik dunyoqarashini kengaytirish hamda badiiy tafakkurni rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ilmiy-pedagogik ishlar xususida atroflicha fikr yuritdilar.
Badiiy kecha davomida talabalarning fikrlari, ijodiy ishlari, she’r va bayonotlari bilan boyitilgan sahna chiqishlari namoyish etildi. Tadbir so‘nggida esa adabiyot fidoyilariga universitet rektori nomidan esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.