Bugun, 15-oktyabr kuni Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev Tarix va ijtimoiy fanlar fakulteti bitiruvchi bosqich talabalari bilan uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida rektor 2025/2026-o‘quv yilida talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, kasbiy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, shuningdek, o‘zlari tanlagan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy texnika va texnologiyalarni qo‘llay olishlari uchun zarur amaliy ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash, eng asosiysi esa ularni raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllantirish maqsadida Andijon davlat universitetining uchinchi va to‘rtinchi bosqich talabalari uchun dual ta’lim tizimi tashkil etilganligini yana bir bor ta’kidladi.
Hozirgi kunda zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lish uchun tanlangan yo‘nalish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar yetarli emas. Shuningdek, xorijiy tillarni o‘rganish hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish qobiliyatiga ega bo‘lish zarurligi ta’kidlandi.
Talabalar uchun xorijiy tillar va axborot texnologiyalaridan foydalanishni o‘rgatish bo‘yicha universitetda bepul o‘quv kurslari mavjudligi haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, bitiruvchi talabalar bilan dual ta’lim tizimida olinayotgan tajribalar yuzasidan fikr almashildi. Bundan tashqari, yuqori bosqich talabalari o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashmoqchi bo‘lsa, universitet rahbariyati va viloyat hokimligi tomonidan ularga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
Ochiq muloqot davomida oliygoh rahbari bitiruvchilarning ishga joylashish va dual ta’lim jarayonida yuzaga kelayotgan muammolari hamda takliflarini tinglab, ularni doimiy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va bildirgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.