Bugun, 30-sentyabr kuni Andijon davlat universitetining faollar zalida 1-oktyabr – “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan “Hayot ko‘zgusisiz, aziz muallim” shiori ostida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirida dastlab universitet rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev so‘zga chiqib, ta’lim-tarbiya sohasida fidokorona mehnat qilib kelayotgan universitetimizning professor-o‘qituvchilarini kasb bayrami — “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan samimiy tabrikladi.
Bayramona kechada ustozlarning hayot yo‘li, pedagogik mahorati hamda bugungi avlod tarbiyasidagi beqiyos o‘rni haqida iliq va samimiy so‘zlar yangradi, talabalar tomonidan ijro etilgan she’r va qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari hamda bayram tabriklari tadbirga ko‘tarinki ruh baxsh etdi, so‘z ustasi Elmurod Haqnazarovning qiziqarli chiqishlari va O‘zbekiston xalq artisti Murodil Hakimovning ishtiroki esa mehmonlarga unutilmas bayram kayfiyati ulashdi.
Tadbir yakunida universitet rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev viloyat hokimining faxriy yorlig‘i hamda universitet xodimlari va talabalar kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan esdalik sovg‘alarni faxriy ustozlarga tantanali ravishda topshirdi va barcha pedagoglarga mustahkam salomatlik, ehtirom-e’tibor hamda kelgusi faoliyatlarida ulkan yutuqlar tiladi. Bayramona ruhda o‘tgan ushbu uchrashuv universitet jamoasi xotirasida unutilmas va ilhomlantiruvchi onlardan biri sifatida muhrlandi.