Bugun, 11-sentyabr kuni Andijon davlat universitetida O‘zbekiston “Tabobat” akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi, kimyo fanlari doktori, professor Abduhamid Maxsumov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan “Tovarlar kimyosi hamda xalq tabobati muammolari va istiqbollari” mavzusidagi XII Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli anjumanni Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘z nutqida u professor Abduhamid Maxsumovning yarim asrlik ilmiy-pedagogik faoliyati, kimyo fanining rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi hamda ko‘plab shogirdlar tarbiyasiga bag‘ishlangan ibratli umr yo‘lini yuksak e’tirof etdi.
Anjumanda ishtirok etgan xorijiy olimlar, O‘zbekistonning yetakchi universitetlaridan kelgan professorlar va nufuzli ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislari o‘z ma’ruzalari orqali xalq tabobati, tovarshunoslik va zamonaviy kimyo faniga oid dolzarb muammolar hamda ularning istiqbollari yuzasidan ilmiy mulohazalarini bayon etdilar.
Tadbir doirasida ilm-fan va amaliyot integratsiyasini aks ettiruvchi ko‘rgazma tashkil etildi. Unda olimlar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion ishlanmalar, professor-o‘qituvchilar qalamiga mansub darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, monografiyalar, shuningdek, sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qiluvchi tabiiy oziq-ovqat qo‘shimchalari keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.
Ustozning ilm-fan rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi, fidokorona mehnati va shogirdlar qalbida qoldirgan unutilmas izlari – bugungi yoshlarga ilhom, kelajak avlodlar uchun esa yuksak ma’naviy-axloqiy ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.