Bugun, 4-noyabr kuni Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev universitetning talabalar turar joyiga tashrif buyurib, binoning umumiy holati, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda issiqlik tizimining ishlash jarayonini atroflicha o‘rgandi.


Dastlab rektor turar joylarning issiqlik va energetika tizimi, ma’naviyat markazlari, kutubxonalar, shuningdek oshxona va yuvinish xonalari sharoitlarini ko‘zdan kechirib, talabalar turar joyi faollari bilan samimiy suhbat o‘tkazdi. Talabalar esa o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, mavjud sharoitlardan mamnun ekanliklarini ta’kidlashdi.


Shundan so‘ng rektor mas’ullar ishtirokida hozirda issiqlikni ta’minlab turgan qozonxonalarni ko‘zdan kechirdi, u yerda qozonxonalar ishlash holati va issiqlikning 70 darajada barqarorligini kuzatdi hamda faoliyatning doim shunday tartibda yuritilishi bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.


O‘rganishlar davomida rektor B. Akbaraliyev talabalar turar joylaridagi barcha zarur tizimlarning to‘g‘ri ishlashini, talabalarning xavfsizligi va qulayligini ta’minlashni nazarda tutgan holda mas’ullarga aniq vazifalarni belgilab berdi.