Andijon davlat universiteti professorlari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Yevroosiyo bioxilma-xilligini saqlash: zamonaviy muammolar, yechimlar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumanning uchinchi bosqichi 2025-yilda Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot institutida Andijon davlat universiteti (O‘zbekiston), Ege universiteti (Turkiya) hamda Boku davlat universiteti (Ozarbayjon) hamkorligida yuqori saviyada o‘tkazildi.



Uch kun davom etgan anjumanda Yevroosiyo mamlakatlaridan taniqli olimlar, akademiklar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etib, bioxilma-xillikni saqlash, ekologik xavfsizlik, barqaror rivojlanish hamda tabiat resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Nufuzli tadbir doirasida akademiklar Komiljon Tojiboev, Axmed Reyimov va Nagmet Kalliev tomonidan yosh olimlar uchun mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Shuningdek, Mo‘ynoq hududiga tashkil etilgan ilmiy ekspeditsiya davomida Orolbo‘yi ekologik inqirozining oqibatlari o‘rganilib, dengiz tubini tiklash yo‘lida xalqaro qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvga erishildi.


Quvonarli jihati shundaki, ushbu nufuzli anjumanda Andijon davlat universiteti Kimyo va biologiya fakulteti professori, biologiya fanlari doktori Nasiba Noralieva rahbarligidagi yosh olimlar, tayanch doktorantlar hamda magistrantlar o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan faol ishtirok etib, olib borayotgan tadqiqotlari natijalarini xalqaro miqyosda muvaffaqiyatli taqdim etdilar.


Konferensiya yakunida navbatdagi — IV Xalqaro “Yevroosiyo bioxilma-xilligi” ilmiy anjumani 2026-yil oktyabr oyida Ozarbayjon Respublikasining Boku davlat universiteti bazasida o‘tkazilishi belgilandi hamda unda bioxilma-xillikni saqlash, ekologik barqarorlik va xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi.