Bugun, 16-oktyabr kuni Andijon davlat universitetida rektor Baxtiyorjon Akbaraliyev talabalarning oliygohda egallagan nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustaqil hayotda samarali qo‘llashga tayyorlash, ularni kasbiy faoliyatga yo‘naltirish hamda dual ta’lim tizimida olingan bilimlarni amaliyotga tatbiq etishda yuzaga keladigan imkoniyat va muammolarni muhokama qilish maqsadida Huquq-iqtisod, Sport va madaniyat hamda Filologiya fakulteti bitiruvchilari bilan uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazdi.
Dastlab, universtet rektori B.Akbaraliyev mamlakatimiz ta’lim tizimini takomillashtirish, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda yoshlarning zamonaviy bilim, ijodiy salohiyat va raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘zladi. Shuningdek, rektor Andijon davlat universitetida dual ta’lim tizimida nazariy bilimlar bilan birga amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, sanoat korxonalari bilan hamkorlik qilish, stajirovkalar tashkil etish va talabalarning ishga tayyorligini oshirish borasidagi faoliyatlar haqida ma’lumot berdi.
Ochiq muloqot davomida oliygoh rahbari bitiruvchilarning ishga joylashish hamda dual ta’lim tizimida amaliyot o‘tash jarayonida yuzaga kelayotgan dolzarb muammolari va takliflarini tinglab, ularni doimiy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, talabalar tomonidan chet tilini o‘rganish va o‘quv kurslari tashkil etish bo‘yicha bildirgan tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, til o‘rganishni istaganlarga bepul to‘garaklar tashkil etilishi hamda kurs ochmoqchi bo‘lgan yoshlarning tashabbuslari uchun universitet barcha zarur imkoniyatlarni yaratishini ma’lum qildi.
Mazkur uchrashuvlar rektor Baxtiyorjon Akbaraliyev tomonidan talabalar va bitiruvchilar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularning fikr-mulohazalari asosida oliygohning ta’lim va tarbiya jarayonlarini yanada takomillashtirish maqsadida muntazam tarzda olib borilmoqda.